Jamiyat | 08:20 / 05.11.2019
3439
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Norvegiya o‘rtasida yangi komissiya ta'sis etilishi mumkin

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 4 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston-Norvegiya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining ikkinchi raundi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov, Norvegiya delegatsiyasiga esa Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Audun Halvorsen rahbarlik qildi.

Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ta'lim va inson huquqlari sohalaridagi ikki mamlakat munosabatlari jarayoni ko‘rib chiqildi, O‘zbekiston va Norvegiya o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston-Norvegiya muloqotining faollashgani qayd etildi hamda shu munosabat bilan hamkorlikni institutlashtirish, xususan, tenglik asosida ikki mamlakat parlamentlarida hamkorlik bo‘yicha guruhlar tashkil etish, Ombudsman institutlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha takliflar bildirildi. Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya ta'sis etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Ikki mamlakat delegatsiyalari global va mintaqaviy xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning amaliy jihatlari yuzasidan fikr almashdilar.

O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» va «Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyalari hamda Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondining faoliyatini qo‘llab-quvvatlagani uchun Norvegiya tomoniga minnatdorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muloqotni muntazam ravishda davom ettirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi ma'lum qilindi.

Muzokaralarda Norvegiyaning O‘zbekistondagi elchisi Ole Johan Bjornoy ishtirok etdi.

Mavzuga oid