O‘zbekiston | 13:42 / 05.11.2019
34902
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston benzinni avtotransportda olib chiqib ketishga taqiq qo‘ydi. Bu qisman O‘zbekiston tufayli

Foto: 35.mvd.rf

Qozog‘iston Energetika vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Moliya vazirligi va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi olti oy davomida avtotransportda mamlakatdan neft mahsulotlarini olib chiqishni taqiqlovchi qo‘shma buyruqni imzoladi. Hujjat dushanba kuni «Adilet» normativ-huquqiy hujjatlar veb-saytida e'lon qilindi.

«Olti oy davomida YeOII TIFTN kodlarining 2709, 2710, 2902, 3403, 3811 guruhlariga tegishli tovarlarning (Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi, neft mahsulotlariga taalluqli) transport vositalari orqali Qozog‘iston Respublikasi hududidan olib chiqilishi taqiqlansin. Avtotransport vositalarining ishlab chiqaruvchisi tomonidan taqdim etilgan va texnik shartlarga muvofiq o‘rnatilgan benzobaklar, shuningdek, hajmi 20 litrdan ko‘p bo‘lmagan alohida idishlarda eksport qilish hollari bundan mustasno», - deyiladi matnda.

TASS'ning Qozog‘iston Energetika vazirligi matbuot xizmatiga tayangan holda ma'lum qilishicha, buyruq 2 noyabrdan kuchga kirdi. Avvalroq, idora mamlakatda benzin va dizel yoqilg‘isining chakana narxlari Rossiya, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga nisbatan past ekani, bu respublika chegarasiga yaqin viloyatlarda tranzit transportlari orqali yoqilg‘i-moylash materiallarining yuqori iste'moliga olib kelayotganini ta'kidlagandi.

Mavzuga oid