Sport | 17:20 / 05.11.2019
24785
5 daqiqa o‘qiladi

YeChLda 4-tur: Bu turda 7ta jamoa guruh masalasini hal qilishi mumkin

Bugun, 5 noyabr kuni Yevropa Chempionlar ligasida 4-tur o‘yinlariga start beriladi. Guruh bosqichi yakunlanishiga hali vaqt bor, ammo bugun va ertaga bir necha klublar turnirning nimchorak finaliga yo‘l olishi mumkin.

«PSJ»
A guruhida intriga bo‘lishi mumkin, ammo bu guruh  yetakchisi «PSJ»ga aloqador bo‘lmaydi. Tomas Tuxel shogirdlari bu turda Parijda «Bryugge»ni qabul qiladi. G‘alaba parijliklarga keyingi ikki turda ikkinchi tarkibni o‘ynatish imkonini beradi. «Real»ga esa ertaga «Galatasaroy»ga qarshi o‘yinda faqat g‘alaba kerak, aks holda madridliklar uchun so‘nggi turlar hayot-mamot masalasiga aylanadi. Baribir, yakunda ikki grand pley-offga chiqsa kerak, ammo «Galatasaroy» va «Bryugge»ni hisobdan chiqarishga hali erta.

«Manchester Siti»
O‘tgan turda «shaharliklar» «Atalanta»ni 5:1 hisobida mag‘lub etishgandi. Qur'a natijalaridan keyinoq, «Manchester Siti» bu guruhda favoritligi va har bir o‘yinda ustunlik qilishi ma'lum bo‘lgandi. Amalda ham shunday bo‘lib chiqdi. Bugungi o‘yinda «Atalanta» ustidan g‘alaba qozonilsa, muddatidan avval pley-off yo‘llanmasi hal qilinadi. Lekin «Siti» har mavsumda muammosiz guruhdan chiqib kelmoqda. Bu jamoaning muammolari faqat pley-offda boshlanadi. Lekin ko‘pchilik Xosep Gvardiola «Manchester Siti» bilan bu mavsumda nihoyat o‘z maqsadiga erishishini kutmoqda.

«Bavariya»
Myunxenliklar shanba kuni ichki chempionat doirasida «Ayntraxt»ga 1:5 hisobida mag‘lub bo‘lishdi va klub rahbariyati darhol Niko Kovachni bosh murabbiy lavozimidan ozod etdi. Ammo shunday holatda ham «Bavariya» bu turda «Olimpiakos»ni mag‘lub etish orqali birinchi vazifani muddatidan ilgari uddalashi mumkin. Bu jamoa joriy mavsumda YeChLning eng ko‘p gol urayotgan jamoasidir — 13 gol. Greklar ham osongina taslim bo‘lishmaydi va myunxenliklarning maqsadi kechiktirilishiga urinishadi.

«Atletiko» va «Yuventus»
«Loko» va «Yuve» endi Moskvada to‘qnashadi. Endi italyanlarga pley-offga chiqish uchun bitta g‘alaba yetarli va ular bu ishni keyinga qoldirmoqchi emas. «Atletiko» esa chempionatdagi muvaffaqiyatsiz ishtirokini xalqaro maydondagi natijalar bilan yuvishga harakat qiladi. Bu Ispaniyaning barcha uch grandiga taalluqli. Agar «Atletiko» ertaga «Bayyer»dan ustun kelsa pley-off masalasini hal qiladi. «Lokomotiv» va «Bayyer» Yevropa Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashadi.

«Napoli» va «Liverpul»
Bu jamoalarning o‘zaro uchrashuvi birinchi turda italyanlarning kutilmagan g‘alabasi bilan yakunlangandi, ammo bu turda ular kuchsiz raqiblarga qarshi maydonga tashishadi va ikki grand o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonsa, pley-off yo‘llanmasi naqd bo‘ladi. «Zalsburg» «Enfild»da «Liverpul»ga haqiqiy jang taklif qilgan bo‘lsa-da natijaga erisha olmadi. Avstriyaliklar jamoasi bugun «Napoli» bilan o‘yinda ham bor kuchi bilan o‘ynashi tayin. Bu o‘yinda omad Anchelotti shogirdlari tomonida bo‘lsa, Ye guruhidan syurprizlar kutishga hojat qolmaydi. «Liverpul» bugun «Genk»ni qabul qiladi va ko‘p ehtimol bilan pley-off masalasini bir yoqli qiladi.

Mavzuga oid