Sport | 18:56 / 09.11.2019
29303
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston milliy jamoasi o‘rtoqlik o‘yinida Qirg‘izistonni ishonchli tarzda mag‘lub etdi

Foto: Tribuna.uz

O‘zbekiston milliy jamoasi Toshkentda Qirg‘iziston milliy jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazib, 3:1 hisobida ishonchli tarzda g‘alaba qozondi. 

Bosh murabbiy Vadim Abramov maydonga eksperimental tarkibni tushirdi. Maqsad – milliy jamoaning yaqin zaxirasini sinovdan o‘tkazish ekani ko‘rinib turdi.

Birinchi bo‘limda hamyurtlarimiz ustunligi sezilib turdi. 11-daqiqadayoq Igor Sergeyev hisobni ochdi. O‘ng qanotdan jarima maydoniga yetkazilgan to‘pni darvozabon Pavel Matyash ushlab qololmadi. Natijada Igor bo‘sh qolgan darvozani osonlikcha ishg‘ol etdi.

Shundan so‘ng, o‘yin sur'ati biroz pasaydi. Qirg‘iziston milliy jamoasi ham faollashib qoldi. 30-daqiqada esa hisob tenglashdi. Burchak zarbasidan oshirilgan to‘pni qaytarishda himoyachilarimiz xatoga yo‘l qo‘yishdi. Natijada Farxod Musabekov uni darvozaga yo‘llashga erishdi.

Ikkinchi bo‘limda Vadim Abramov maydonga Ikrom Aliboyev, Dostonbek Hamdamov va Rustam Ashurmatovni tushirdi. O‘yin yo‘nalishi esa o‘zgarmadi – tashabbus milliy jamoamizda qoldi. 53-daqiqada ustunlik golga aylandi. Odil Ahmedov tomonidan oshirilgan to‘pni Dostonbek Hamdamov jarima maydoni ichida qabul qilib oldi va darvozaga kiritdi.

80-daqiqada Dostonbek Hamdamov assistent vazifasini bajardi. Uning jarima maydoniga oshirgan to‘pini Jamshid Iskanderov kuchli zarba bilan chiroyli tarzda darvozaga joyladi va yakuniy natijaning 3:1 bo‘lishini ta'minladi.       

O‘zbekiston milliy jamoasi navbatdagi o‘yinni 14 noyabr kuni Toshkentda JCh-2022 saralashi doirasida Saudiya Arabistoniga qarshi o‘tkazadi.

O‘rtoqlik o‘yini
9 noyabr, Toshkent, «Paxtakor» stadioni

O‘ZBeKISTON – QIRG‘IZISTON 3:1 (1:1)
Gollar: Igor Sergeyev (11), Dostonbek Hamdamov (53), Jamshid Iskanderov (80) – Farxod Musabekov (30)
Bosh hakam: Bastian Dankert (Germaniya).
Yordamchi hakamlar: Yan Zaydel (Germaniya), Rene Rode (Germaniya).
Zaxira hakami: Ilgiz Tantashev (O‘zbekiston).
O‘zbekiston: 1.Eldorbek Suyunov, 14.Sharof Muhitdinov, 20.Islom To‘xtaxo‘jayev (Rustam Ashurmatov 46), 9.Odil Ahmedov, 15.Murod Xolmuhammedov (Hojiakbar Alijonov 64), 7.Odil Hamrobekov (Lutfulla To‘rayev 59), 2.Abror Ismoilov (Ikrom Aliboyev 46), 13.Sanjar Qodirqulov, 4.Xurshid G‘iyosov (Jamshid Iskanderov 70), 19.Azizbek Turg‘unboyev (Dostonbek Hamdamov 46), 21.Igor Sergeyev.
Bosh murabbiy: Vadim Abramov
Qirg‘iziston: Pavel Matyash, Odiljon Abduraxmanov, Mustafa Yusupov, Tamirlan Qo‘ziboyev, Akramjon Umarov (Azamat Boymatov 75), Bekjan Saginbayev, Edgar Bernxardt, Farxod Musabekov, Guljigit Aliqulov, Mirlan Murzayev, Vitaliy Lyuks (Mirolim Axmedov 9).
Bosh murabbiy: Aleksandr Krestinin
Ogohlantirish: Odiljon Abduraxmanov (10)

Mavzuga oid