Jahon | 11:44 / 12.11.2019
68590
2 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyevdan tashabbus: Qozog‘iston sobiq prezidenti Putin va Zelenskiyga taklif bilan chiqdi

Foto: Mixail Metsel/TASS

Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy o‘rtasida uchrashuv o‘tkazishni taklif qilgani haqida aytdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti bunga rozi bo‘lgan, Rossiya rahbari esa hozircha ko‘nmagan.

«Men janob Zelenskiy bilan uchrashdim va uni eshitdim. Kuni kecha Putin bilan gaplashdim. Menimcha, Rossiya va Ukraina prezidentlarining alohida uchrashuvini tashkillashtirish kerak. Faqat shundagina muammoga yechim topsa bo‘ladi. Sababi, bu boshqa davlatlar bilan emas, balki ikki davlat o‘rtasida hal qilinishi kerak. Ular boshqa bir sababga ko‘ra aralashmoqda. Men shunchaki yuzma-yuz uchrashish imkoniyati haqida gapirdim», - deya Nazarboyevning so‘zlarini keltirmoqda Zakon.kz.

Qozog‘iston sobiq rahbarining bildirishicha, hozir bunday uchrashuv uchun juda qulay vaqtdir.

«Zelenskiyni aholi yaxshi qo‘llab-quvvatladi, u o‘z xohish-irodasini ko‘rsatib, ushbu masalani hal qila oladi. Hozir jarayon davom etmoqda. Masalaga yechim bor. Rossiya prezidenti va Ukraina prezidenti iroda ko‘rsatib, ushbu muammoni hal qilishga intilishi lozim. Men shaxsan bu borada ishlayapman, qiziqish bilan ishlayapman. Hammaga Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirmaslikni, aksincha ularni yaqinlashtirish va hal qilishni taklif qilaman. Birinchi uchrashuvda Donbass va Lugansk muammosini hal qilish shart. Jarayon ketmoqda, yarashish uchun sharoit yaratish maqsadida asirga olingan odamlar ozod qilinmoqda», - deya ta'kidlab o‘tdi Nazarboyev.

Bundan oldin, AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo prezident Donald Tramp ma'muriyati Ukrainaga «ruslarga qarshi kurasha olishi uchun» qurol bergani haqida aytgandi.

Mavzuga oid