Jamiyat | 10:10 / 15.11.2019
21014
20 daqiqa o‘qiladi

Yozuv qo‘shhokimiyatchiligi qachongacha? Davlat tili va uning huquqiy, nazariy va amaliy muammolari

Malaka oshirayotgan o‘qituvchilardan o‘zlari foydalanib kelgan darslikdagi matn asosida lotin yozuvi bo‘yicha diktant olinganda, 275 so‘zdan iborat diktant matnini 121 tinglovchidan birortasi «5» bahoga yozolmadi.

Ona tilimizga davlat tili maqomi berilishi mustaqillikning ilk g‘alabasi sifatida qo‘lga kiritilgani, ona tilining erki, huquqi uchun kurash tarixda mustaqillik uchun kurashning ramzi sifatida muhrlangani, qonunning xosiyatlari, uni hayotga tatbiq etish jarayonlari, muammolari to‘g‘risida o‘nlab maqolalarimizda milliy iftixor tuyg‘ulari bilan yozib keldik.

2004 yili «Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilinganiga 15 yil to‘lishi munosabati bilan tahliliy, sarhisob maqolalarda davlat tiliga e'tibor pasayib ketayotgani, «Davlat tili haqida»gi qonunni amalga oshirishda sustkashlik yuz berayotganiga jamoatchilik e'tiborini tortishga harakat qildik.

Qonun amaliyotini kuchaytirishda yordami tegar degan ilinjda uning 1989 yil 21 oktyabrda qabul qilingan ilk matni hamda unga tegishli barcha hujjatlarni bir muqovada jamlab, o‘quv qo‘llanma yaratib ikki marta nashr ettirdik. Qonunlarimiz tilini ilmiy-tanqidiy nuqtayi nazardan tahlil va tadqiq etib, «Qonun tili mezonlari» nomli risola chop ettirdik.

Lekin ko‘targan muammolarimiz, qo‘ygan savollarimiz uzoq muddat muallaq qoldi. Davlat tili amaliyoti hayotda qonunda belgilangan maqomdan o‘zgacharoq kechdi. Nazarimizda, qonunchilik asoslari mustahkamligiga, uning hayotiy amaliyoti muammolariga yanada jiddiyroq e'tibor lozim ko‘rinardi.

Nihoyat, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 21 oktyabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ayni muddao bo‘ldi.

Mazkur farmon davlat tili qismatiga najot, yangi hayot bag‘ishladi. «Davlat tili haqida»gi qonun amaliyotini tubdan yangilash va to‘g‘ri izga solishga asos yaratdi. Ayniqsa, undagi «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilishi» haqidagi band juda katta amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Bu «Davlat tili haqida»gi qonun ijrosiga doir eng zarur va ko‘pdan beri kutilayotgan amaliy mexanizmdir.

Endi qonun ijrosi qanday tus olishi ko‘p jihatdan ana shu mexanizm sifatli tashkil topishi va ishlashiga bog‘liq. Ish taqdirini mazkur departamentga qanday kadrlar tanlanishi hal etadi. Agar munosib kadrlar tanlansagina ishda kutilgan siljish bo‘ladi, aks holda, har qanday oliy mexanizm ham natija berishi qiyin. Biz bir ona tili jonkuyari sifatida Departament muvaffaqiyatli tashkil topishi va samarali faoliyat ko‘rsatishidan umidvormiz.

Qonun va qat'iyat

«Qonun» degan tushunchaning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri qat'iyatlilikdir. Qat'iyati bor ekan — u qonun kuchli. Qat'iy nazoratini yo‘qotgan qonun zaiflashadi. Bu hol qonunga itoatsizlikni keltirib chiqaradi. Fuqarolarning qonunga rioya qilish immunitetini susaytiradi. Bunday qonunni amalga oshirish ham imkonsiz bo‘lib qoladi. Qat'iyatsizlik raxna solsa, qonun ustuvorligi tantana qilolmaydi. Shu jihatdan keyingi yillarda o‘tkazilgan ayrim tashkiliy-huquqiy tadbirlar shundoq ham qator moddalari ishlamayotgan «Davlat tili haqida»gi qonun nufuziga ijobiy ta'sir etmadi.

2004 yil 30 aprel kuni «Davlat tili haqida»gi qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi. Unga binoan, yangi o‘zbek lotin alifbosi va imlo qoidalariga to‘liq, uzil-kesil o‘tish muhlati 2005 yildan 2010 yilga ko‘chirildi.

Ushbu o‘zgartish 1995 yil 21 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuniga mohiyatan zid edi.

Chunki u asosiy ikki maqsadni ko‘zlagan edi: «davlat tilini izchil joriy etish jarayonini takomillashtirish va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tilishini ta'minlash».

Oradan to‘qqiz yil o‘tib, keskin ravishda besh yil orqaga sakrash ana shu «izchil joriy etish» va yangi yozuvga «mukammal o‘tish» jarayonlarini sezilarli darajada sekinlashtirdi. Aslida, bunga hayotiy zarurat bormidi? Qonun amaliyoti izchil davom etardi. Maktab ta'limi bosqichma-bosqich lotin yozuviga o‘tib bo‘lgandi, respublikaning barcha jamoalaridagi fuqarolar yangi imloga davlat tomonidan bepul o‘qitib-o‘rgatilgandi. Mantiqan endi amaliyotga to‘liq o‘tish va lotin yozuvida savodxonlikni oshirishga kirishish mumkin edi.

Qo‘shimcha va o‘zgartishlar keng xalq ommasi orasida «lotin imlosiga o‘tarmikanmiz yo kirilda qolarmikanmiz», degan ikkilanish, taraddud kayfiyatini ham uyg‘otdi. Holbuki, bunday maqsad yo‘q edi. Mabodo shunaqa bo‘lsa, birrov referendum o‘tkazib, xalqning fikrini aniqlab olgan ma'qul bo‘lardi.

Yozuv va savodxonlik — uzoq yillar davomida shakllanadigan hodisa. Yangi bir yozuvni o‘rganish va unda savod chiqarish uchun jamiyat juda sermashaqqat jarayonni boshidan kechirishi, bu sohadagi bilimdan tashqari, ko‘z xotirasi, qo‘l ko‘nikmasini shakllantirishi shart. Bu esa yillar mobaynida ming betlab matnlarni o‘qish, yozish, uzluksiz va muttasil shug‘ullanishni taqozo etadi. Til va yozuv amaliyot bilan tirik va rivojlanishda.

2004 yilgi qo‘shimcha va o‘zgartishlardan keyin yozuvni o‘rgangan, malaka hosil qilayotgan fuqarolar bu mashg‘ulotni kamida besh yilga to‘xtatdilar. O‘rganmaganlar esa bu ishga kirishmay qo‘ya qoldilar. «Davlat tili haqida»gi qonunga yana bir qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilsa-yu, lotin yozuviga o‘tish yana besh-o‘n yil orqaga surilsa, ungacha biz avlodimiz bilan nafaqaga chiqib ketamiz, o‘rnimizga lotinda savod chiqargan avlod kelib o‘rnashadi, deya xulosa chiqarib yurgan kishilar toifasi ham yo‘q emas. Qonunda qat'iyatdan chekinish ularning shunday taxmin-gumonlariga asos berib qo‘ydi. Bu — masalaning ma'naviy tomoni.

Masalaning siyosiy mohiyati ham bor. «Davlat tili haqida»gi qonunni hayotga tatbiq etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan edi, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti siyosatining tarkibiy qismiga aylangan, qonunni izchil va bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi tuzilgan va joriy qilingan edi. Qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritaverish yo‘li bilan qonun amaliyotini muddatdan muddatga ko‘chiraverish davlat dasturi bajarilmasligiga olib keldi.

Nihoyat, masala iqtisodiy mohiyatga ham ega. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 16 iyunda qabul qilingan «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirishni ta'minlash yuzasidan davlat dasturini tasdiqlash haqida»gi qarori 3-moddasida shunday deyiladi:

«O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yilgi davlat budjetini shakllantirish chog‘ida budjetdagi tashkilotlar uchun lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish bilan bog‘liq masalalarni hal qilishga zarur mablag‘lar ajratishni nazarda tutsin».

Demak, 10 yil mobaynida lotin yozuvini o‘qitishga sarflangan mablag‘ zoye ketgan, davlat budjetiga zarar yetkazilgan bo‘lib chiqadi. Ehtimol, lotin yozuvini o‘rganib, amal qilmagan fuqarolar yana besh yilgacha uni unutar va ularni qayta o‘qitishga, hali qanchadan-qancha savodsizlikni tugatish kurslari ochib, ularni ham mablag‘ bilan ta'minlashga to‘g‘ri kelar. Bular uchun davlat xazinasidan hazilakam xarajat sarflanmaydi. Yangi yozuvga o‘z izchilligida o‘tib ketilganida, lotin yozuvini o‘rganishga tabiiy ehtiyoj, zarurat, balki majburiyat sezilardi va ko‘zlangan maqsadga tejamli ravishda erishilardi.

Ish yuritish qanday maqomda?

O‘zbek tili davlat tili maqomida bo‘lganidan keyin, ish yuritish qanday maqomda bo‘lardi, davlat tili maqomida bo‘ladi-da, dersiz hoynahoy. Ammo shu paytgacha bunday bo‘lmadi. Buning sababi ham qonun ijrosi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganiga borib taqaladi.

Hozirgacha ham ish yuritish hujjatlarining ko‘pchiligi o‘zbek tiliga ko‘chgani yo‘q. Yaqingacha hamma hujjatlar yuqoridan rus tilida keladi, deya shikoyat qilishardi idoraviy hamkasblar. Hozir hujjatlarni o‘zbek tilida rasmiylashtirib olib borsak, «rus tiliga o‘girib olib kelinglar», deb qaytarishyapti, demoqdalar. Xo‘sh, o‘rta bo‘g‘indagi muhtaram rahbarlarimizning bunday talab qo‘yishlariga biror qonuniy asos bormidi?! Afsuski, bor edi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi «O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonunining yangi tahririni amalga kiritish tartibi to‘g‘risida»gi qarorining dastlabki moddalari quyidagicha:

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:

1. Yangi tahrirdagi «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni (9- va 10-moddalaridan tashqari) e'lon qilingan kundan amalga kiritilsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki, «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 9- va 10-moddalari lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tilgan paytdan, ya'ni 2005 yilning 1 sentyabridan e'tiboran kuchga kiradi».

Anglashilayotirki, hamma gap qonunning 9-, 10-moddalariga borib taqalmoqda. Xo‘sh, u moddalarda nima deyilgan? Mana, o‘sha moddalar matni:

«9-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruratga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi ta'minlanadi.

O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro anjumanlarda davlat tili, shuningdek, qatnashchilarning o‘zlari tanlagan tillar anjumanning ish tili hisoblanadi.

10-modda: Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarning ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin».

Bugungi kunda ushbu moddalarni qayta mutolaa qilib, mag‘zini chaqib ko‘rib, ularning amalga kiritilishini naq o‘n yil orqaga surishga nima zarurat bor ekan, asli shundoq qonun e'lon qilingan kundan kuchga kiritib yuboraversa bo‘ladigan moddalar ekan-ku, deb o‘ylab qolasiz. Haqiqatan ham, shunday. Ehtimol, o‘shanda qonun kuchliroq, qat'iyatliroq, ustuvorroq bo‘lardi.

Qonunni kuchga kiritish tartibi to‘g‘risidagi qarorda belgilangan mazkur moddalar amalini o‘n yil orqaga surish muhlati, aslida, davlat tilida ish yuritolmaydigan ayrim rahbarlarga bu sohada malaka hosil qilishlari uchun berilgan qo‘shimcha imkoniyat bo‘lsa, ajab emas. Lekin bu — o‘n yilgacha davlat tilida ish yuritishni o‘rganmaslik, bilmaslik, qonunga rioya qilmaslik mumkin degani emas edi.

Aftidan, o‘shanday shaxslar yillar mobaynida hujjatchilik tizimini rus tilida saqlashda, quyi idoralardan hujjatlarni rus tilida talab qilishda shuni dastak qilib oldilar va o‘zlarining o‘zbek tilini bilmasliklarini shu bilan xaspo‘shlab keldilar. Asl mohiyatda, bu qonun hujjati matnini suiiste'mol qilishdan boshqa narsa emas. O‘n yilgacha davlat tilini bilmaslik, shuncha vaqt rus tilidagi ish yuritish tizimini saqlash mumkin, deb hech qayerda yozilmagan edi.

Xo‘sh, bu borada endigi ahvol qanaqa?

Qonunan, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishi kerak edi, lekin...

Darvoqe, qonunga 2004 yili kiritilgan qo‘shimcha-o‘zgartishlarning ikkinchi qismi ana shu ijobiy tomonga o‘zgarishga qaratilgan edi. Zotan, davlat tilida ish yuritish tizimiga amal qilishni lotin yozuviga to‘liq o‘tish muddatiga doimiy ravishda bog‘lab qo‘yib bo‘lmaydi-ku. Qonunga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlarning ikkinchi qismida mana nima deyilgan:

«VIII. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995 yil 21 dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonunining yangi tahririni amalga kiritish to‘g‘risida»gi Qarorining 2-bandidagi «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tilgan paytdan, ya'ni» degan so‘zlar chiqarib tashlansin».

Lekin bu qo‘shimcha va o‘zgartishlar keng doiradagi fuqarolarga yetib bormaydi-da. Oliy Majlis axborotnomasini qidirib topib, tegishli moddani aniqlab, tegishli so‘zlarni undan chiqarib tashlab o‘qib ko‘radigan odamlar topilarmikan? Balki topilar, biroq kamdan-kam. Topilganda ham o‘qib, masalaning mohiyatini tushunib olishi dargumon.

Xo‘sh, qonunlardagi bu kabi yangiliklarni ommaga kim singdiradi? Huquqshunoslar, qonun sharhlari, dersiz? Shu o‘zgarishlarning mohiyatini o‘tgan o‘n besh yil davomida biror joyda biror huquqshunos ochib berganini hargiz ko‘rmadik.

2004 yilda nashr etilgan Qonun sharhida esa bu o‘zgarishni sharhlash nari tursin, hatto Qonunga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar tilga ham olinmagan. Sharhlar 1999 yildagi 1-nashrda qanday bo‘lsa, 2-nashrda ham shunday turibdi. E'tibor bering: «Sharhlar» 2004 yil 10 oktyabrda bosishga ruxsat etilgan, «Qo‘shimcha va o‘zgartishlar» esa 2004 yil 30 aprelda e'lon qilingan. Orada besh oy vaqt bo‘lgan. Nazarimizda, «Sharhlar» muallifi yuridik fanlar doktori, professor G‘afur Abdumajidov yangi e'lon qilingan «Qo‘shimcha va o‘zgartishlar»ni umuman ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Ko‘rganida, nashr jarayonida, albatta, inobatga olgan bo‘lardi.

Tegishli tahrirdan so‘ng mazkur qaror moddasi quyidagicha o‘zgaradi: «Belgilab qo‘yilsinki, «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 9- va 10-moddalari 2005 yilning 1 sentyabridan e'tiboran kuchga kiradi».

Demak, anglashiladiki, endilikda davlat tilida ish yuritish tizimiga to‘liq o‘tildi. Endi o‘zbek tilidagi hujjatlarni qabul qilmaslikka yoki hujjatlarni rus tilida tayyorlab jo‘natishni talab qilishga Qonun hech kimga huquq bermaydi.

Nihoyat, «Davlat tili haqida»gi qonunning barcha moddalari to‘la va uzil-kesil kuchga kirdi. Gap qonunning amalga oshishidagi tugallikni ham ta'minlashda qoldi. Lekin, afsuski, mana oradan yana 15 yil o‘tib ketdi hamki, qonun moddalari to‘la amalga oshmayapti. Hamon o‘zbek va rus tillarida hujjat yuritish va yozuv qo‘shhokimiyatchiligi izchil davom etmoqda.

Yozuv qo‘shhokimiyatchiligi qachongacha?

Ma'lumki, «qo‘shhokimiyatchilik» termini asli tarix sohasida qo‘llangan va u jarayon taqozosiga ko‘ra yozuvga ham ko‘chib qoldi. Tarixdan bilamizki, qo‘shhokimiyatchilik hukm surgan davlatlar doimo inqirozga yuz tutgan. U jamiyatni tubdan yemiradigan illatdir. Yozuv qo‘shhokimiyatchiligi ham jamiyat taraqqiyoti uchun eng muhim vositalardan biri — savodxonlikni izdan chiqardi.

Ilgari matbuot va nashriyot sohalarida, ish yuritish tizimida imloviy xatolar deyarli uchramasdi. Bugungi kunda xatosiz hujjatni, gazeta-jurnalni, kitobni topish amrimahol. Hatto o‘qituvchilar, boshqa fan mutaxassislarigina emas, ona tili va adabiyot muallimlari ham xatosiz yozolmaydigan bo‘lib qoldi.

Buning sababi yozuv qo‘shhokimiyatchiligi juda uzoq muddat davom etgani hamda o‘zbek lotin alifbosi va imlo qoidalarida hanuz chalkashliklar, takomiliga yetmagan qusurlar borligidadir. Malaka oshirishga kelgan o‘qituvchilar yozuv taxtasiga yozayotganlarida ba'zan beixtiyor lotindan kirillga yoki kirilldan lotinga o‘tib ketganini bilmay qoladi.

Bir yili malaka oshirish tahsilidagi o‘qituvchilardan ular doimiy foydalanib kelgan darslikdagi matn asosida lotin yozuvi bo‘yicha diktant olishga to‘g‘ri keldi. 275 so‘zdan iborat diktant matnini 121 tinglovchidan birortasi «5» bahoga yozolmadi.

Respublika ta'lim markazidan olingan «Diktantni baholash mezonlari» asosida tekshirilganida, o‘qituvchilardan 23 nafari – «4», 24 nafari – «3», 27 nafari – «2», 47 nafari – «1» bahoga loyiq diktant yozgani ma'lum bo‘ldi. Baholash mezoniga ko‘ra, xatolar miqdori 15tadan oshsa, «1» baho qo‘yiladi. Holbuki, 30dan ortiq xatoga yo‘l qo‘ygan tinglovchilar ham bo‘ldi. O‘qituvchining ahvoli shu bo‘lsa, o‘quvchining ahvoli, oddiy fuqaroning savodxonligi qanday bo‘larkan?

Prezident farmonida Davlat tilini rivojlantirish departamentining vazifalari belgilab berilgan. Shulardan biri «lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish»dir. Bu borada yozuv qo‘shhokimiyatchiligiga barham berish asosiy vazifadir. Davlat va jamiyat yagona yozuv amaliyotiga to‘liq va uzil-kesil o‘tmas ekan, umumxalq savodxonligini to‘liq tiklash imkonsizdir. Muammoning yechimi maxsus, qat'iy qarorni taqozo etadi.

Shuningdek, farmonda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga «Davlat tili haqida»gi qonunni bugungi kun talablari nuqtayi nazaridan takomillashtirgan holda uning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan. Ana shu vazifa doirasida nazarda tutilishi kerakki, tarixiy jarayon taqozosi bilan «Davlat tili haqida»gi qonun va «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonun alohida-alohida qabul qilingan.

Endilikda ushbu qonunlarni birlashtirish vaqti keldi. Chunki ularning har ikkisi ham davlat tili haqidagi qonundir. Mazkur qonunlar o‘zaro muvofiqlashtirilgan holatda qayta ishlab chiqilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Nusratullo JUMAXO‘JA,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti

universiteti professori, filologiya fanlari doktori

Mavzuga oid