Sport | 12:25 / 21.11.2019
36823
9 daqiqa o‘qiladi

«Nikoh shartnomasi». Joze va «Tottenhem» haqida

Foto: Tottenham Hotspur F.C

Joze Mourino qayoqda-yu, “Tottenhem” qayerda... Biri “dovdir”, “sovrinsiz”, “sokin”, shu bilan birga, xo‘jayini juda ham qitmir yahudiy bo‘lgan klub. Ikkinchisi sovrinlar, katta pullar, xarajatlar, ko‘lam, janjallar... Agar ikkovini yigit va qiz deb tasavvur qilsak, ular hech qachon uchrashmasdilar, uchrashganda ham, gaplari qovushmasdi, bir-birlarini yoqtirmasdilar, hech qachon qayta uchrashmaslikka kelishgan bo‘lardilar. Shu bilan romantik film boshlanmasdan nihoyalanar edi.

Ammo hozir shunday paytki, “Tottenhem” uchun Jozedan maqbulroq variant yo‘q, Mourino uchun ham xuddi shunday – ayni muddao. Ba'zida go‘yoki umuman birgalikda tasavvur qilmaydiganingiz odamlar juda baxtli oila qurganliklarini guvohi bo‘lamiz. Futbol bizga yana shunday bir hikoyani boshlamoqchidir, kim biladi.

Klub tarafidan o‘ylasak, xuddiki, Jozening butunlay teskarisi bo‘lgan Pochettino bilan tarixdagi eng yaxshi natijalarga erishgan “Tottenhem” xuddi shunday yana bir muhabbat yashashni istar, aytaylik, Erik Ten Xag, Nagelsman, Bosh kabi cheklangan resurslar bilan chiroyli, hujumkor futbolni tashkil qila oladigan murabbiyni taklif qilar, deb o‘ylashimiz mantiqliroq. Lekin Joze?

Demak Levi endi sovrinlar haqida o‘ylay boshladi, hammaning ularning ustidan kulishi jonga tegdi. “Tottenhem” har qancha kuchli o‘yin ko‘rsatmasin, “Arsenal” yoki “Chelsi”ning masshtabidan orqada yurishni to‘xtatmoqchi. Yo‘q, Joze Mourinoning kelishi endi Levi ham katta pullar sarflaydi, tarkibni yulduzlar bilan to‘ldiradi, degan xulosani taqdim etmaydi. Har qancha paradoks tuyulmasin, Joze Mourino “Tottenhem” uchun eng tejamkor-variantdir.

Sababi, Joze bilan “Tottenhem” gazetaning bosh sahifalariga chiqadi, butun dunyo bo‘ylab e'tibor qozonadi, jamoaning “Chelsi” yoki “Yunayted”, Pep yoki Klopp bilan duellari o‘zgacha, qo‘shimcha chizgilar taqdim etadi. Bu ham marketing, katta pul, ishonavering, Pochettino bilan yangi stadion qurib ham, Chempionlar Ligasiga finaliga chiqib ham, bunday e'tiborni qozonish mumkin emasdi.

Sovrinlar masalasida ham shu gap. “Tottenhem” yoki “Ayaks”, “Borussiya”, “Lion”, “Inter”....bu kabi jamoalar hozirda aynan murabbiylik loyihasi sifatida kuchli jamoalarga aylanishdi, ko‘pchilikka yoqadi, Levi uchun ham ideal variant sifatida ko‘rinishi mumkin. Lekin e'tibor bering, sovrin yutishga kelganda, bu loyihalar “Yuventus”, “Bavariya”, “PSJ” kabi katta kuchlar bilan bellasha olmayaptilar, chiroyli va hujumkor o‘yin o‘z ortidan beqarorlikni ham olib keladi. Joze bilan esa, oddiy o‘yinlardagi g‘alabalarni avtomat rejimga qo‘yish, top o‘yinlarda esa, aynan raqibdan kelib chiqib o‘ynash nuqtai nazaridan, muvaffaqiyatliroq bo‘lish mumkin. “Manchester Siti” va “Liverpul”ga qarshi, faqat mana shunday antivirus (yoki virus) yordamida samarali kurashish mumkin. 

Bundan tashqari, Mourino shu paytgacha mavsum o‘rtasidan ishga kirishmagan bo‘lsa-da, bu amplua uchun ideal variant. Jozening qaysarligi faqat o‘zi yaratgan muammolarni yechishda xalaqit beradi, chetdan kelib esa, vaziyatni bemalol tartibga solib qo‘yishi mumkin. Shuningdek, murabbiyning uslubi “Tottenhem”ning bugungi sport formasiga ham mos keladi.

Pochettino muvaffaqiyatsizligining asosiy sababi sifatida mutaxassislar murabbiyning uslubi, pressing va aksilpressing avvalgidek ishlamay qolganini aytishayotgandi. Joze esa, pressingdan voz kechib, quyi blokda ham juda samarali futbol qurishi mumkin. Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mashhur bo‘lgan niderlandiyalik Reynold Verxeyyen aytgandi:

“Joze Mourino uchun bu uslub emas, vosita. Uning jamoasi kerakli hisobga erishgach, vaziyat o‘zgarguncha iqtisod-rejimda harakat qiladi. Bu esa, jismoniy tayyorgarliklardagi kamchiliklarni ham yopadi. Futbolchilar o‘yindan ertasiga alohida tiklanishga ehtiyoj sezmaydilar, bemalol, butun tarkibda keyingi o‘yinga tayyorgarlikni boshlashlari mumkin”.

Vaziyat Joze Mourino tarafidan olganda ham ideal. Bu aslida Mourinoga ta'sir qilmasa ham, bosimning kamroqligi ham “Tottenhem”ga qo‘l kelishi tabiiy. Nima bo‘lganda ham 14-o‘rindan pasayish ro‘y bermaydi. Joze mavjud muammolarga o‘z yechimlarini keltirganda, kamida ba'zi yo‘nalishlarda ijobiy holat yuzaga kelishi aniq.

Tarkib nuqtai nazaridan qarasak, aslida Joze Manchesterda 5 ta transfer oynasini o‘tkazgan bo‘lsa-da, “Tottenhem” tarkibi unga mosroq ko‘rinmoqda. Jamoaga Pochettino bilan muammolar, so‘nggi oylardagi natijalar bilan emas, alohida qarang – “Tottenhem” APLda tarkib bo‘yicha uchinchi jamoadir. Harri Keyn – so‘nggi besh yildagi ligada eng kuchli ikki hujumchidan biri. Yarim himoyada Eriksen haqida ham shunday deyish mumkin. Son Xon Min o‘tgan mavsumda Yevropaning eng yaxshilaridan biri bo‘ldi. Markaziy himoyachilar ancha yillardan beri Joze sotib olmoqchi bo‘lgan Alderveyreld va Vertongen. Shuningdek, Dayyer, Ndombele, Sissoko kabi aynan Joze uslubiga mos bo‘lgan futbolchilar bor. Eng muhimi, tarkib yaxshi tajribaga ega va shakllanib bo‘lganlardan iborat – bu eng muhimi.

“Tottenhem” futbolchilari pozitsion o‘ynash va to‘pni nazorat qilish uchun yaxshi ko‘nikma va ijrochilariga ega bo‘lsalar-da, kerak bo‘lganda chuqur himoyalanish, yaqqol ikkinchi rolda o‘ynash tajribasiga begona emaslar. Ayniqsa, o‘tgan mavsumda, Chempionlar Ligasidagi, masalan “Manchester Siti” bilan o‘yinlarni eslang. Ba'zilarning “Tottenhem” uchun himoyaviy futbol yangilik, degan fikrlari noto‘g‘ri ekaniga amin bo‘lasiz.

Jozeda “MYu”da bunday tarkib yo‘q edi. To‘g‘ri, vaziyatni o‘zgartirishga yetarli vaqt bo‘lgan, ammo doim ham to‘liq ixtiyor unda bo‘lmagan. “Manchester Yunayted” kabi katta klublarda futbolchidan qutulish oson emas. Birinchidan, marketing nuqtai nazaridan ba'zi futbolchilarni osonlikcha sotib yuborishga klub tizimi qarshi bo‘ladi. Ikkinchidan, katta shartnomalarga ega bo‘lgan futbolchilar ham osonlikcha ketishni istamaydi. Eshli Yang Eriksendan ko‘proq maosh olishining o‘zi ko‘p narsadan dalolat berib turibdi. Shuning uchun Joze Shou, Marsiyal, Bayi, Pogba va boshqa futbolchilar bilan muammolarga duch kelsa-da, ularning o‘rniga boshqalardan foydalanish imkoniyatidan mahrum edi. Sotib yuborish qiyin, zaxirada saqlash muhitga ta'sir qilardi. Shu tomondan “Tottenhem” Joze faoliyatidagi “Real” yoki “Manchester Yunayted”dan ko‘ra, “Inter”ga o‘xshashini ta'kidlash kerak. Agar u yana o‘z “banda”sini tuzish niyati bo‘lsa, aynan “Tottenhem”da bu qulayroq.

Shuningdek, unga to‘liq “boss” bo‘lish sharoitini ham yaratishmoqda, nafaqat o‘z yordamchilarini olib keldi, balki klubga sport direktorini ham Mourino tanlamoqda. U “Lill” sport direktori, do‘sti Luis Kamposni Londonga, xuddi shu lavozimga olib kelmoqchi, degan xabarlar tarqadi. Hozircha shu. Qolganini vaqt ko‘rsatganda bilib olamiz.

Darvoqe, Chempionlar Ligasida favorit yo‘q endi.

Qahramon Aslanov 

Mavzuga oid