O‘zbekiston | 09:30 / 24.11.2019
67482
3 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar vazirining yana bir o‘rinbosari va PPX rahbari o‘zgardi

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan rahbarlik lavozimlariga tayinlovlar amalga oshirildi.

Vazirlik matbuot xizmati xabar berishicha, ichki ishlar vazirining yana bir o‘rinbosari almashgan. 

Polkovnik Ayubxon Toshxo‘jayevich Rahmatullayev - O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari-moliya va moddiy texnika ta'minoti bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.

Rahmatullayev Ayubxon Toshxo‘jayevich

Ayubxon Rahmatullayev yangi lavozimda Rustam Mashrabjonovich Ergashev o‘rnini egalladi. U 2018 yil iyunidan buyon Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari – Moliya va moddiy-texnika ta'minoti boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatayotgandi.

Vazirlikdagi «tozalash» doirasida 2019 yil yanvaridan buyon O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Patrul post xizmati va jamoat tartibini saqlash Bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan polkovnik Baxtiyor Po‘lotovich Pormonov ishdan olinib, uning o‘rniga polkovnik Bekmurod Tojimirzayevich Abdullayev tayinlandi.

Abdullayev Bekmurod Tojimirzayevich

Bekmurod Abdullayev 2016-2018 yillarda Toshkent shahar IIBB huzuridagi qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan, 2018 yil oktyabridan buyon Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari — moliya va moddiy texnika-ta'minoti boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Bundan avvalroq Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha sobiq o‘rinbosari general-mayor Azizbek Isroilovich Ikromov O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, 22 noyabr kuni Ichki ishlar vazirining jamoatchilik tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari Muhiddin Jo‘rayev va IIV Qorovul qo‘shinlari qo‘mondoni general mayor Dmitriy Pan lavozimidan ozod etilgani ma'lum qilingan edi. 23 noyabr kuni Bosh prokuratura general mayor Dmitriy Panga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va unga nisbatan Toshkent harbiy sudining ajrimiga asosan ehtiyot chorasi sifatida «qamoqqa olish» qo‘llanilgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid