Sport | 15:30 / 25.11.2019
15490
11 daqiqa o‘qiladi

Hafta qahramoni: Gabigolning qaytishi

Dam olish kunlari Yevropada bir qator qiziqarli va dramatik o‘yinlardan tashqari, Janubiy Amerikada yilning eng muhim o‘yini bo‘lib o‘tdi. Libertadores Kubogi (qit'aning Chempionlar Ligasi) finalida Braziliyaning «Flamengo» va Argentinaning «River Pleyt» klublari to‘qnash keldi. O‘yin ssenariysi esa 1999 yilgi «Kamp Nou» finalini eslatib yubordi. O‘yinning 15-daqiqasida argentinaliklar hisobda oldinga chiqib olgan bo‘lishsa, 89 va 90-daqiqalarda «Flamengo» ikki gol urib g‘alabani ilib ketdi va 38 yillik tanaffusdan so‘ng yana bir bor qit'aning eng asosiy sovrinini ega chiqdi. Quyidagi hikoyamiz esa o‘yin qahramoni va uning Yevropadagi muvaffaqiyatsiz sarguzashtlari haqida. 

«Flamengo»ning Libertadores Kubogidagi g‘alabasi – tarixiy voqea. Jamoa bu sovrinni so‘nggi 38 yilda birinchi marta yutib oldi. Hozirda «Flamengo»da barcha musobaqalarda g‘oliblikka kurashish uchun hammasi bor – Filipe Luis, Rafinya, Diyego, Vitino kabi tajribali futbolchilar, shuningdek ko‘p yillar «Benfika» va «Sporting»da muvaffaqiyatli ishlagan portugaliyalik mutaxassis Jorji Jyezush.

Final oldidan braziliyaliklarning imkoniyatini oshirib yuborgan yana bir omil esa jamoa tarkibida Gabriyel Barboza, hamma uchun Gabigol laqabi bilan mashhur bo‘lgan hujumchi to‘p surdi. O‘z vaqtida Yevropada muvaffaqiyatsizlikka uchragan, ammo o‘z vatanida yana faoliyatini tiklab, eski darajasiga qaytayotgan futbolchi.

2017 yilning yozida «Inter» Roberto Manchini bilan xayrlashdi va niderlandiyalik mutaxassis Frank De Burni bosh murabbiy etib tayinladi. De Bur ilk matbuot anjumanlaridayoq, eng muhim jihatlarni tilga ola boshladi:

- «Inter»da juda ko‘p yosh iqtidorlar bor. Vazifam – yaqin kelajakda ularning asosiy tarkib a'zolariga aylanishiga yordam berish. Kelajakda «Inter»ni yuqori darajalarga olib chiqa oladigan yosh futbolchilarni topish. 

«Inter»ning o‘sha yozdagi transfer siyosati De Burning so‘zlarini tasdiqlaydi. O‘sha paytda 23 yoshda bo‘lgan Joao Mariu transferi uchun 40 million to‘landi. Janluka Kaprari (22 yosh) 8,25 million, Dodo (24) 7,8 million va 22 yoshli Brozovich 5 million yevro evaziga olib kelindi. Ular bilan birga Manay, Kamara, Krizetig, Dimarko, Nyukuri kabi yoshlar ham tarkibga qo‘shildi. Mana shunday yoshartirish siyosatining bir qismi o‘laroq «Inter» Gabriyel Barbozani sotib olgandi. Braziliyalik hujumchi uchun «neradzurri» o‘shanda 30 million yevro sarflagandi.  

Qizig‘i, butun bu armiyadan keyinchalik faqat Brozovich o‘ynab ketdi va hozir ham asosiy tarkib futbolchisi sanaladi. Gabigol esa «Inter»ning o‘sha muvaffaqiyatsiz transfer siyosati ramziga aylandi.

U vaqtlarda Gabigol katta iste'dod sanalar, Yevropaning juda ko‘p top-klublari, jumladan, «Manchester Yunayted», «Sevilya», «Borussiya», «Lion» kabi klublar ham jiddiy harakat qilib ko‘rishgandi. Ammo «Inter» bu raqobatni yutib chiqdi – birinchidan, hech kim bermagan 30 million yevroni to‘lay oldi, ikkinchidan, «Santos» akademiyasi murabbiyi Junior shogirdi Gabigolga Italiya variantini maslahat berdi.

Gabigol birinchi kundanoq «Inter»ni hayron qoldirishga kirishdi. Avvaliga, Milanga kelgach, klub bazasiga borish uchun klub jo‘natgan mashinani rad etib, o‘zi ijaraga olgan mashinada borishni ixtiyor etdi. Keyin esa shartnoma imzolanishi bilan Gabigolning shaxsiy stilisti, xavfsizlik xizmati hamda fizioterapevti klubga tashrif buyurdi. Fizioterapevt klubdagilardan futbolchining sog‘ligi, holati haqida ma'lumot so‘rayverib, bezor qilib yuborardi.

Shu paytgacha, Gabigol bilan ishlagan hamma – «Santos» murabbiylari, Braziliya yoshlar terma jamoasida ishlagan mutaxassislar, funksionerlar, uning agenti Vagner Ribeyro (Yevropaga Kaka, Robino, Neymar kabi yulduzlarni olib kelgan) va boshqalar uning yuksak iste'dod sohibi ekanini aytishadi, ammo u «Inter» kelgach u haqda boshqacharoq xulosa paydo bo‘la boshladi.

De Bur jamoaning asosiy quroli Ikardidan voz kecha olmasdi, maydonda u Gabigoldan ko‘ra ishonchliroq va foydaliroq ko‘rinardi. Natijada De Bur Gabriyelga o‘ng qanotda o‘ynashni taklif qildi. Hujumchiga esa bu yoqmadi. Keyingi bosh murabbiy Pioli futbolchini butunlay qanot hujumchisiga aylantirishga uringanda, o‘rtada ziddiyat paydo bo‘ldi. Murabbiy Barbozani mashg‘ulotlarda bor kuchini sarflamaslikda ayblagan bo‘lsa, futbolchi bu murabbiy bilan «Inter» eng yomon o‘yinini ko‘rsatayotgani, bu ketishda jamoaning kelajagi yo‘qligini ayta boshladi.

Pioli davrida Gabigol butunlay zaxiraga mixlanib qoldi. A Seriyada u 23 o‘yinga zayavka qilindi va atigi 9 o‘yinda maydonga tushdi. Hammasi bo‘lib, 111 daqiqa futbol va Gabigol asosan futbol atrofidagi mavzularda o‘zini ko‘rsatdi.

U doimiy ravishda mashg‘ulotlarga kech qolardi. Shu tufayli bir necha bor «Inter» direktorlari u bilan jiddiy gaplashishlariga to‘g‘ri keldi.

O‘yindan oldin tungi klubda vaqt o‘tkazgani ma'lum bo‘lib, 10 ming yevro jarimaga tortildi.

«Sampdoriya» bilan o‘yinda maydonga tushirilmagach esa haddidan oshdi, chigalyozdi mashg‘ulotlar hududini tark etar ekan, suvli butilkani tepib yubordi, Pioli bilan janjallashdi.

2017/18 yilgi mavsumda u Italiyaning eng yomon futbolchisi deb topildi.

Gabigol Piolidan keyin «Inter»ni vaqtincha boshqargan Stefano Vekki bilan ham chiqisha olmadi. «Latsio»ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida zaxiradan maydonga tushishni istamadi. Vekki uni baribir chigalyozdi qilish uchun jo‘natmoqchi bo‘lganda esa, Gabigol narsalarini yig‘ishtirib, kiyim almashtirish xonasiga ketib qoldi.

O‘z navbatida agent ham tinch turmadi.

«Men doimiy ravishda Gabigol bilan aloqadaman. Uni tahqirlashni to‘xtatishlari kerak. Nega u maydonga tushmayapti? Menimcha, «Inter»da ham bunga aniq javob bera olishmaydi. Braziliyadan endi kelganida, u formada emasligini aytishgandi, ammo hozirchi? Haqiqat shundaki, unga hatto imkoniyat ham berishmayapti», – dedi Vagner Ribeyro.

Xullas, «Inter»dagi bir mavsumdan so‘ng, Gabigol ijaralarda yura boshladi. Avval «Benfika». U yerda ham hujumchi o‘ynab ketmadi, lekin yana qiziq hodisalar bilan yodda qoldi. Mashg‘ulotlardan birida Jardel bilan urishib ketdi, oradan bir necha vaqt o‘tgach esa, Rui Vitoriya uni Gabigol deb atashni taqiqladi. Bunday laqablarga o‘z vaqtida Batigol nomi bilan mashhur bo‘lgan Gabriyel Batistuta kabi futbolchilar mos keladi, zinhor Gabriyel Barboza emas.

Portugaliyadan so‘ng Braziliyaga qaytgan futbolchi «Santos» safida o‘ynadi, 35 o‘yinda 19 gol urdi.

Hozir – «Flamengo», Gabigol - bu yerda Braziliya chempionatining eng yaxshi to‘purari, Libertadores Kubogi finalining asosiy qahramoni.

Braziliyada u futbolga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirdi, tungi klublarda yurishni bas qildi, o‘z sport formasiga jiddiy qaray boshladi. U Jorjye Jyezushni faoliyatidagi eng muhim insonlardan biri deb hisoblaydi. «Flamengo»ga kelgach, Gabigol va Jyezush o‘rtasida jiddiy suhbat bo‘lib o‘tgan, o‘shanda murabbiy bo‘lib o‘tgan voqealar umuman ahamiyatsiz ekani, Gabigoldan yuqori saviyadagi o‘yin hamda to‘g‘ri munosabat kutishini ta'kidlagandi.

Gabigol nafaqat futboldagi mashg‘ulotlarga, balki tashqi ko‘rinishiga, formasiga ham jiddiy qaray boshladi. Diyetolog bilan bog‘lanib, tanadagi yoq miqdorini kamaytirish borasida dastur ishlab chiqildi. Shirinlik va alkogoldan voz kechdi, uyqu rejimini yo‘lga qo‘ydi – endi u kamida 9-10 soat uxlashni odat qildi. Bularning hammasi o‘zining 77 kg og‘irligini saqlagan holda, yog‘ nisbatini 13,9 foizdan 9 foizga tushirdi.

U endi «Flamengo»ning bugungi kundagi asosiy yulduzi. Klub tarkibida 38 o‘yinda maydonga tushib, 31 gol urdi, 10 marta sheriklariga golli uzatma amalga oshirdi. Shuningdek, Libertadores Kubogidagi g‘alaba. Bu yerda ham qiziq voqea bo‘ldi – «River Pleyt»ga qarshi o‘yinning so‘nggi besh daqiqasida u avvaliga hisobni tenglashtirdi, keyin g‘alaba golini urdi, golni Leo Messi uslubida nishonlab, hakam tomonidan ogohlantirildi. Bu o‘yindagi ikkinchi kartochka bo‘lgani uchun maydondan chetlatildi.

Gabigolni endi yana La Liga va APL klublari kuzata boshladi.

«Men «Flamengo»da baxtliman. Albatta, boshqa klublar tomonidan e'tiborda bo‘lishim meni xursand qiladi. Ammo men «Inter»ga qaytmoqchiman va u yerda g‘alaba qozonmoqchiman. Bu mening orzuim», – deydi Gabriyel Barboza.

Milandan tashqaridagi ikki yarim yil davomida u biror marta ham «Inter» haqida yomon gap aytmadi. U Italiyaga qaytish uchun qo‘lidan barcha ishni qilmoqda.

Internet materiallari asosida tayyorlandi

Mavzuga oid