Jamiyat | 16:10 / 27.11.2019
93307
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda bir o‘qituvchi urib o‘ldirildi. Bosh prokuratura ushbu ish yuzasidan bayonot berdi

Illyustrativ foto

Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov Samarqandda o‘qituvchi kaltaklanishi oqibatida vafot etgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan bayonot berdi.

2019 yil 20 noyabr kuni soat taxminan 03.40larda Samarqand shahar, Beruniy ko‘chasida fuqaro D.M. (1990 y.t. ishchi) sheriklari D.S. (1994 y.t. sudlangan, haydovchi) va M.K. (1997 y.t. sudlangan, ishchi) bilan oldindan jinoiy til biriktirib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan, shahardagi 42-sonli umumta'lim maktab o‘qituvchisi I.M. bilan hech bir sababsiz janjallashib, janjal vaqtida qo‘l va oyoqlari bilan uni bosh qismi va tanasining turli sohalariga bir necha marotaba qasddan urib, hayoti uchun xavfli bo‘lgan tan jarohati yetkazishgan.

Natijada I.M. shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlarning ma'lumotiga ko‘ra, I.M.ga “og‘ir yopiq KsT, bosh miyaning og‘ir darajali lat yeyishi” tashxisi qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan shu kuni Samarqand shahar IIO FMB TB tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilgan. 

Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan 2019 yil 23 noyabr kuni I.M. jonlantirish bo‘limida vafot etgan. 

2019 yil 23 noyabr kuni D.M., D.S. va M.K. JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan. 

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ravishda xabar qilinadi, deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid