O‘zbekiston | 12:43 / 27.11.2019
6884
2 daqiqa o‘qiladi

Yana bir sohadagi faoliyatga litsenziya olish soddalashtirildi

Foto: Shutterstock

Geodeziya va kartografiya faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomga tegishli tuzatishlar kiritildi. Bu haqda Norma yozmoqda.
 
Birinchidan, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning tegishli ma'lumotlarga ega bo‘lgan shtatdagi xodimlariga nisbatan litsenziya talablariga tuzatishlar kiritildi. Endi litsenziyada ko‘rsatilgan faoliyat turi bo‘yicha ularning eng kam staji uch yil emas, ikki yilni tashkil qiladi. Eslatib o‘tamiz, lisenziat shtatida kamida bitta shunday xodim bo‘lishi lozim.
 
Ikkinchidan, litsenziyani rasmiylashtirishning yakuniy bosqichi muddati qisqartirildi. Lisenziya talabgori tomonidan davlat boji to‘langandan va litsenziya bitimi imzolangandan keyin avvalgidek uch kun muddatda emas, balki bir kun ichida litsenziya beriladi. Lisenziyalash tartib-taomili 5 bosqichdan iborat bo‘lib, zarur hujjatlarni tayyorlash hamda ularni Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga topshirishdan boshlanadi.
 
Uchinchidan, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining vakolatlari jumlasidan lisenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlari buzilganligidan dalolat beruvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda lisenziatlarni rejadan tashqari tekshirish chiqarib tashlandi. Lisenziyalovchi organ qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejadagi tekshiruvlarni amalga oshirishga haqlidir.
 
Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 1 yanvardan tadbirkorlik sub'yektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilingan, yuridik shaxslar tugatilayotganida, shuningdek, qonunchilik buzilganligi holatlari bo‘yicha o‘tkaziladigan qisqa muddatli tekshiruvlar bundan mustasno .
 
Hujjat 22.11.2019 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid