Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Profilaktika inspektorlari benzin uchun pulni davlatdan oladi» - IIV mulozimi senatorning tanqidiga javob qaytardi
IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev senator Farrux Dadaxo‘jayevning profilaktika inspektorlariga berilgan avtomobillar xarajati novvoy va somsachilarning bo‘ynidaligi haqidagi gaplariga munosabat bildirdi.
«Ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlari 100 foiz imtiyozli kredit asosida «Matiz» rusumli mashinalar bilan ta'minlangan. Shuningdek, mahalliy budjet hisobidan 7,1 foiz profilaktika inspektorlarini avtomashinalar bilan ta'minlash, ayni paytda «Matiz» rusumli avtomobillar ishlab chiqarilmayotgani sababli ularga «Spark» mashinalari ajratilishi bo‘yicha bo‘yicha «Asakabank» bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda», deya Baxtiyor Berdialiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
IIV mulozimining qo‘shimcha qilishicha, profilaktika inspektorlariga imtiyozli kreditlar asosida ajratilgan avtomobillardan xizmat davrida foydalangani uchun sarflangan yoqilg‘i-moy mahsulotlarini kompensatsiya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 maydagi 301-sonli qaroriga shu yilning 11 martida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, unga muvofiq avtomobillarning xizmat faoliyati davridagi xarajatlari uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 barobariga teng qo‘shimcha ustama haq to‘lab borish yo‘lga qo‘yilgan.
«Profilaktika inspektorlari shaxsiy avtomobillaridan xizmat davrida foydalangani uchun har oyda 300 ming so‘m atrofida pul ajratiladi. Benzin puli somsachilardan va boshqalardan yig‘ib olinishi profilaktika xizmatiga bildirilgan boshqacha ohangdagi so‘z deb hisoblayman.
Marhamat, biz shu bo‘yicha ish olib boryapmiz. Huquqbuzarlik profilaktikasi bosh boshqarmasining sayti yaratilyapti. Erta-indin e'lon qilamiz. Aynan mana shu saytimizda aholining fikri bilan profilaktika inspektorlarining faoliyatiga baho berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi», deydi Baxtiyor Berdialiyev.
Senator Farrux Dadaxo‘jayev avvalroq profilaktika inspektorlarining xizmat mashinalari uchun benzin quyish o‘sha hududlardagi novvoy va somsachilar chekiga tushayotganini aytgan va IIV rahbariyati mazkur masalaga e'tibor qaratmayotganini tanqid qilgan edi.
Mavzuga oid
16:32 / 01.01.2022
Jamoat xavfsizligi departamentida tayinlovlar amalga oshirildi
11:26 / 07.12.2021
«Ishga yangi kelgan xodimlarimiz ishtirokida ayrim salbiy holatlar uchrab turibdi» – IIV mulozimi
12:41 / 05.12.2021
Ichki ishlar xodimlariga qarshilik ko‘rsatish va jarohat yetkazish holatlari yildan yilga ko‘paymoqda - Baxtiyor Berdialiyev
22:37 / 29.11.2021