O‘zbekiston | 00:00 / 08.12.2019
27345
4 daqiqa o‘qiladi

«Shaxs ushlangach, bu haqda uning oila a'zolari darhol xabardor qilinishi kerak» - Prezident huquq sohasida yangi takliflar berdi

7 dekabr kuni «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Prezident o‘z ma'ruzasida inson huquq va erkinliklariga amal qilinishini ta'minlash, har bir shaxsning qadr-qimmatini e'zozlash biz barpo etayotgan ochiq, erkin va adolatli jamiyatning ajralmas xususiyati ekani, bunday prinsip asosiy qonunda qat'iy belgilanganini ta'kidlab o‘tdi.

«Konstitutsiyada xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai sifatida muhrlab qo‘yilgan va bunda chuqur ma'no bor. Bu qoidalar mamlakatimizda demokratiya umuminsoniy tamoyillarga asoslanishi, davlat o‘z faoliyatini faqat inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab amalga oshirishini anglatadi. Buni birgina shu yilning o‘tgan davrida Xalq qabulxonalariga kelib tushgan 880 mingdan ortiq murojaatning 510 mingdan ziyodi ijobiy hal etilgani ham tasdiqlaydi.

Shu munosabat bilan hamma rahbarlarga yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman. Bizga umid va ishonch bildirgan, bizni rahbar etib saylagan, el-yurtimizni, har bir fuqaroni rozi qilish asosiy burchimiz ekanini hech qachon unutmaylik. Xalq bizdan rozi bo‘lsa – Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi», dedi prezident.

Davlat rahbari huquqni muhofaza qiluvchi organlarni faqat va faqat xalq manfaati yo‘lida og‘ishmay xizmat qiladigan idoralarga aylantirish lozimligi to‘g‘risida so‘zladi.

«O‘tgan uch yilda jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish tizimi yaratildi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berildi. Sohani rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar va zarur chora-tadbirlar tasdiqlandi.

Xabaringiz bor, o‘tgan yillarda tintuv jarayonini, olingan ko‘rsatmalarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish, tergov eksperimenti kabi protsessual harakatlarni video tasvir orqali qayd etish shartligi qonuniy asosda belgilangan edi.

Biroq aholi bilan muloqotlar huquq buzilishi xavfi bo‘lgan boshqa holatlar bo‘yicha ham shunday choralarni qo‘llash zarurligini ko‘rsatmoqda. Xususan, shaxsni ushlab turish, unga protsessual huquqlarini tushuntirish kabi jarayonlarni, agar u himoyachidan voz kechsa, bu holatni ham majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibini o‘rnatish zarur.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ushlangan shaxs maxsus binoga olib kelinganidan keyin bu haqda uning oila a'zolari darhol xabardor qilinishi kerak. Buni surishtiruvchi, tergovchi va boshqa vakolatli shaxsning majburiyati sifatida qonunda aniq belgilab qo‘yishni taklif etaman.

Bundan tashqari, shaxsni ushlab turish va uning huquqini cheklaydigan boshqa protsessual majburlov choralarini qo‘llash holatlarini hisobga olishning elektron tizimiga o‘tish zarur. Bu jarayonda inson omili ishtirokini iloji boricha kamaytirish lozim», deydi prezident.

Mavzuga oid