Jahon | 23:50 / 11.12.2019
15166
2 daqiqa o‘qiladi

Greta Tunberg «Yil odami» deb topilganidan taajjubdaligini aytdi

Shvetsiyalik 16 yoshli ekofaol Greta Tunberg Time jurnali tomonidan «Yil odami» deb topilganidan «biroz taajjubdaligini» aytdi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar berdi. 

Avvalroq AQSh nashri Tunbergni «Yil odami»  deb e'tirof etgandi. O‘smir qiz bilan birga bu nomni olish uchun AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy raisi Si Tszinpin raqobatchilik qilgan.

Tunberg ayni vaqtda Madriddagi iqlim anjumani SOR25’da ishtirok etmoqda. Avvalroq u “Maqbul hayot tarzi uchun” “muqobil” Nobel mukofoti sovrindorlaridan biri bo‘lgandi.

Tunberg “Yil odami” mukofotini atrof-muhit haqida qayg‘uruvchi barcha yosh faollarga bag‘ishlamoqchiligini aytgan. Qiz uning iqlim o‘zgarishi muammosini hal qilish uchun birlashish chaqirig‘iga nihoyat quloq solinayotganiga umid bildirgan. 

Jurnal xodimlari Gretaning okean bo‘yida tushgan suratiga “Yoshlik kuchi” deb izoh qoldirishgan. Shuningdek, Gretaning “Biz go‘yoki ertamiz yo‘qdek yashashda davom eta olmaymiz, chunki u bor”, degan so‘zlari keltirilgan.

Hali maktab o‘quvchisi bo‘lgan Greta jahon ekologik harakatining yetakchilaridan biriga aylandi. U sentyabrda BMTning iqlim bo‘yicha sammitida ishtirok etgach tanilib ketdi. U o‘z nutqida siyosatchilarni uni bolalikdan mahrum etganlikda ayblagan, chunki ular insoniyatda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq yig‘ilib qolgan muammolarni kelgusi avlodga “meros qilib qoldirishgan” va ularni hal qilishni yoshlar gardaniga yuklashmoqda. 

Mavzuga oid