O‘zbekiston | 09:01 / 14.12.2019
39435
3 daqiqa o‘qiladi

Musulmon batalonlarida xizmat qilgan o‘zbekistonliklarga hozirgacha «Afg‘on urushi qatnashchisi» maqomi berilmagan – vazir o‘rinbosari

Foto: ITAR-TASS

13 yanvar kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida o‘tkazilgan majlisda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Hamdam Qarshiyev Afg‘on urushining dastlabki davrida tashkil etilgan musulmon batalonlarida xizmat qilgan va orden-medallar bilan taqdirlangan o‘zbekistonliklarga hozirgacha “Afg‘on urushi qatnashchisi” berilmagani, mazkur maqomdagilarga taqdim etilgan imtiyozlar ularga tatbiq etilmay kelinayotganini ma'lum qildi.

“Afg‘on urishidan oldin musulmonlar batalonlari tuzilgan ekan, urush boshlanishigacha Afg‘oniston hududiga yuborilgan ekan. Ushbu batalonda xizmat qilganlarning ko‘pchiligi sovet ittifoqining orden-medallarini olishgan. Lekin hozirgacha ularga “Afg‘on urishi qatnashchisi” berilmagan. Hozir shu bo‘yicha takliflar berganmiz, bizga mazkur masala bo‘yicha juda ko‘pchilik murojaat qilyapti”, deya Hamdam Qarshiyevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayev ikkinchi jahon urushida asirga tushgan o‘zbekistonliklar masalasiga ham to‘xtalib, ular uzoq yillardan buyon “urush qatnashchisi” maqomini ololmay yashab kelganini aytdi.

“Urush boshlanganda asirga tushganlar ko‘p bo‘lgan. O‘zbekistonliklar orasida ham asirga tushganlar bo‘lgan. Asirlikdan qutilib yurtga qaytganlar shu paytgacha urush qatnashchisi degan maqomsiz yashab kelgan. Mudofaa vazirligi bilan bu bo‘yicha hamma ishni qildik, hammasining tagiga yetib, sonigacha aniqladik. Ularning ichida hali hayotlari bor ekan 800tacha. Ularda nima ayb? Ularga ham urush qatnashchilariga beriladigan imtiyozlarni berish kerak-ku!”, deb aytgan Farrux Dadaxo‘jayev.

Tadbirda bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qaroriga allaqachon o‘zgartirish kiritilib, 1941–1945 yillarda fashist konslagerlarida qolgan asirlar urush qatnashchilariga tenglashtirilgani ma'lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, musulmon batalonlari SSSR Qurolli Kuchlari Bosh shtabining Bosh razvedka boshqarmasi topshirig‘iga ko‘ra sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonga kirishiga tayyorgarlik jarayonida, shuningdek, afg‘on urushining dastlabki davrida Markaziy Osiyo xalqlaridan tuzilgan maxsus kuchlarning shartli nomi hisoblanadi.

Mavzuga oid