Jahon | 12:45 / 29.07.2023
70463
23 daqiqa o‘qiladi

«Undan hatto Brejnev ham qo‘rqqan» – «Paxta ishi» va Afg‘on urushi tashkilotchisi Andropov nega Rashidovga qasdlashib qolgandi?

1982 yil 10 noyabr kuni SSSR rahbari Leonid Brejnev vafot etadi. Oradan ikki kun o‘tib, u qabrga qo‘yilmasidan avval KGBning sobiq boshlig‘i Yuriy Andropov mamlakatning yangi rahbari bo‘ladi. Shundan so‘ng Rashidov va o‘zbek xalqi boshida qora bulutlar aylana boshlaydi. Ko‘p o‘tmay O‘zbekistonga Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi «desant» tashlanadi.

Foto: fb.ru

Sobiq ittifoq tarixida Yuriy Andropov muhim o‘rin tutadi. U 1967 yildan 1982 yilgacha KGB (davlat xavfsizlik qo‘mitasi)ni boshqaradi. So‘ng Suslovning o‘limidan so‘ng KPSS markaziy qo‘mitasi kotibi lavozimini egallaydi.

1982 yil 10 noyabr kuni SSSR rahbari Leonid Brejnev vafot etadi. Oradan ikki kun o‘tib, hali Brejnev qabrga qo‘yilmasdan KPSS markaziy qo‘mitasining navbatdan tashqari plenumi o‘tkaziladi va Andropov SSSRning yangi rahbari bo‘ladi.

U SSSR rahbari sifatida bor-yo‘g‘i 15 oy ishlaydi va 1984 yil 9 fevral kuni vafot etadi. O‘shanda u 69 yoshda edi.

O‘zi shundoq ham o‘tmishi uncha «toza bo‘lmagan» Andropov KGB rahbari bo‘lib ishlaganda juda ko‘plab insonlarga fitnalar uyushtiradi. SSSR harbiylari qatnashgan qurolli mojarolar hamda urushlarning tashkilotchisi bo‘ladi.

Jumladan, millionlab insonlarning yostig‘ini quritgan, mayib-majruh bo‘lishiga sabab bo‘lgan Afg‘on urushi ham aynan uning tashabbusi bilan boshlangan edi.

40 yildan oshiqroq vaqt davomida Afg‘oniston aholisining boshiga tushgan va tushayotgan og‘ir sinovlarning debochasini tom ma’noda Andropov boshlab bergan deb bemalol aytish mumkin.

Bundan tashqari, o‘tgan asrning 80-yillari boshlarida «Paxta ishi»ni o‘ylab topib, Moskvadan O‘zbekistonga «desant» jo‘natgan va o‘zbek xalqining boshiga og‘ir kunlarni solgan inson ham aynan Andropov edi.

Yuriy Andropov KGB rahbari / Foto: fb.ru

Yuriy Andropov KGB rahbari bo‘lguncha

Ayrimlar tomonidan «Ikkinchi Beriya» deb ta’riflanadigan Yuriy Andropov o‘zining qonxo‘rliklarini nemislar bosqinidan avval Kareliyada boshlagandi.

1940 yil 3 iyunda Andropov Sovet-fin urushida Finlandiyadan tortib olingan yerlarda tashkil etilgan Karelo-Fin SSR komsomol tashkilotining birinchi kotibi etib tayinlanadi.

O‘shanda 26 yoshli Andropov yangi tashkil etilgan respublikada tozalash ishlarini olib boradi va ko‘plab insonlarni qatag‘on qilish ishlarida qatnashadi.

Nemislar SSSRga hujum qilgandan so‘ng u Kareliyadagi partizanlik harakatlariga boshchilik qiladi. Urush tugagandan so‘ng Moskvadagilar «qattiqqo‘l xodim»ni Kareliyada qoldirishadi va Andropov 1950-yillar boshigacha o‘sha yerda turli yuqori vazifalarda ishlaydi.

Andropov 1951 yilda Moskvaga qaytadi va 1954 yilgacha KPSS markaziy qo‘mitasi apparatida va tashqi ishlar vazirligida faoliyat olib boradi.

Andropov Kareliyada

Andropov ikkinchi marta o‘zini Vengriyada ko‘rsatadi. U 1954 yilda SSSRning Vengriya xalq respublikasidagi elchisi etib tayinlanadi. Bu davlat aholisi «kommunistik qopqon»ga tushganidan norozi edi.

1956 yilda vengerlar kommunistik tuzumga qarshi bosh ko‘taradi. O‘sha paytda Andropov elchi lavozimida bo‘lsa ham qo‘zg‘olonni ayovsiz tarzda bostirishda muhim rol o‘ynaydi. O‘shanda vengerlar unga qarshi bir necha marta suiqasd uyushtirishadi, ammo Andropov tirik qoladi.

Vengriyada Andropov oilasi bilan yashardi. Uning xotini va o‘g‘li sovet qo‘shinlari qo‘zg‘olonchilarni qay tarzda jazolanganini va Budapesht qanday qonga botirilganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishadi. O‘shandan keyin ko‘p o‘tmay Andropovning xotini giyohvand moddalarga, o‘g‘li esa spirtli ichimliklarga ruju qo‘yadi.

1956 yil, Vengriya qo‘zg‘oloni

1957 yilda Andropov Moskvaga qaytariladi va 1967 yilgacha KPSS markaziy qo‘mitasining xorijdagi kommunistik partiyalar bilan aloqalar bo‘limini boshqaradi. Bir vaqtning o‘zida 1962-1967 yillar oralig‘ida KPSS markaziy qo‘mitasi kotibi lavozimida ishlaydi.

Andropov xorijiy davlatlardagi kommunistik partiyalar bilan aloqalar bo‘limini boshqarar ekan, dunyoning juda ko‘p davlatlarida fitna va qurolli mojarolar keltirib chiqarishda muhim rol o‘ynaydi.

Aynan uning sa’y-harakatlari bilan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi davlatlarda kommunistlar SSSRdan yordam tariqasida berilgan qurollar yordamida hokimiyat tepasiga kelishadi. Jumladan, Kubadagi davlat to‘ntarishini ham SSSR qizg‘in qo‘llaydi va bunda Andropovning hissasi katta bo‘ladi.

Andropov KGB rahbari

1967 yil 18 may kuni Andropov KGB raisi lavozimiga tayinlanadi. O‘sha paytda ishonchli odamlari yetarli bo‘laturib, Brejnev bu mas’uliyatli lavozimni Andropovga bergani ko‘pchilikni ajablantiradi.

Keyinchalik Brejnev bu ishidan afsuslanadi, ammo KGB rahbari sifatida «temir mushti» bilan mamlakatni qo‘lga olgan Andropovni ishdan bo‘shatishga haddi sig‘maydi.

KGBning avvalgi rahbari Vladimir Semichastniy Stalinning qizi Svetlana Alliluyevaning AQShdan siyosiy boshpana so‘rashi ortidan ishdan olingan deyiladi. Aslida esa Brejnev Semichastniyni o‘ziga qarshi fitna tayyorlashda gumon qilib ishdan olgandi.

Brejnev va Andropov mas’ullar qurshovida

Andropov KGB rahbari bo‘lgandan so‘ng SSSRning tashqi va ichki siyosatiga faol aralasha boshlaydi. Avvalo, AQShga qarshi urushayotgan Vetnam kommunistlariga harbiy yordam ko‘lamini kengaytiradi.

Bundan tashqari, 1960-yillar boshida Xrushchyov davrida Moskva «tizginidan chiqib ketgan» Xitoyga bosimni kuchaytiradi. Shuningdek, xorijiy davlatlardagi kommunistik partiyalar rahnamolariga yordam berish, ular yordamida amaldagi hukumatlarga qarshi qurolli qo‘zg‘olonlarni uyushtirish ishlarini davom ettiradi.

Andropovning ana shunday ishlaridan biri Afg‘onistonda amalga oshiradi. Avvaliga unga bo‘ysunadigan maxsus bo‘linmalar bu mamlakatdagi notinchlikni avj oldiradi.

So‘ng Andropov SSSR mudofaa vaziri Dmitriy Ustinovga bosim o‘tkazadi va ikkalasi Brejnevni qisqa muddatda g‘alaba qozonishga ishontirib, Afg‘onistonga qo‘shin kiritishga ruxsat olishadi.

Afg‘on urushida Andropov va KGBning roli

XX asrning 80-yillarida qariyb o‘n yil davom etgan Afg‘on urushi tarixchilar tomonidan SSSR rahbariyati yo‘l qo‘ygan eng jiddiy xato sifatida qayd etiladi. Ana shu xatoning asosiy tashkilotchisi Andropov edi.

Afg‘onistonda 1973 yilda Muhammad Dovud tomonidan mamlakat rahbari Muhammad Zohirshohning ag‘darib tashlanishi bilan boshlangan hodisalar 1978 yilga kelib ancha jiddiy to‘qnashuvlarga aylanib ketadi.

Chegaradosh mamlakatdagi taloto‘plardan foydalangan KGB rahbari Afg‘onistonda SSSRga vassal tuzum o‘rnatish uchun fitnalarni boshlab yuboradi.

1978 yil aprelda o‘zlarini Afg‘oniston xalq demokratik partiyasi a’zolari deb atagan guruh sovetlarning qo‘llovi bilan Muhammad Dovudga qarshi isyon boshlaydi. Isyonga Nurmuhammad Tarakiy va Hafizulloh Amin boshchilik qilishadi. Bu isyon tarixga «Savr inqilobi» nomi bilan kirgan.

Isyonchilar prezident saroyini egallashadi va Muhammad Dovud va uning oila a’zolari bo‘lgan yigirmaga yaqin odamni o‘ldirishadi. Mamlakatni Tarakiy va Amin boshqara boshlaydi.

Afg‘on urushida SSSR harbiylari

1979 yil 12 dekabrda Kremlda Afg‘onistonga qo‘shin kiritish haqida maxfiy qaror qabul qilinadi. Uning ijrosini ta’minlash Yuriy Andropov, Mudofaa vaziri Dmitriy Ustinov va SSSR tashqi ishlar vaziri Andrey Gromiko zimmasiga yuklatiladi.

O‘z-o‘zidan ayonki, Andropov bu uchlikning tom ma’noda «boshlig‘i» edi. Shu tariqa «do‘st afg‘on xalqiga yordam berish» bahonasida Afg‘onistonga KGBning maxsus bo‘linmalari jo‘natiladi.

O‘sha paytda Afg‘onistonni boshqarib turgan Tarakiy SSSR bilan Amin AQSh bilan hamkorlik qilish tarafdori edi. 1979 yil sentabr oyida Amin Tarakiyni o‘ldirtiradi va Afg‘onistonning yakka hukmdoriga aylanadi.

Aminning Afg‘onistonga hukmdor bo‘lishi sovet manfaatlariga to‘g‘ri kelmasdi. Shu sababli Andropov KGB xodimlariga nima qilib bo‘lsa ham Aminni yo‘q qilish topshirig‘ini beradi. 1979 yil 16 dekabr kuni Aminga suiqasd uyushtiriladi. U tirik qoladi.

1979 yil 27 dekabr kuni, KGBning O‘rta Osiyo va Kavkazda yashovchi millat yigitlaridan tashkil topgan maxsus «Musulmon bataloni» Amin saroyini egallaydi. Shu yerda Amin o‘ldiriladi.

O‘sha paytda Amin saroyiga KGB maxsus bo‘linmasi bostirib kirgani haqida hech qayerda gapirilmagan. Ommaga «Afg‘on xalqi Amin saroyini zabt etib uni o‘ldirdi», deya ma’lumot beriladi.

«Pravda» gazetasida esa «Xalq isyon ko‘tarib, Aminning saroyiga bostirib kirdi va Amin hamda uning tarafdorlarini o‘ldirdi», deb yozilgan xabar beriladi.

Keyinchalik, SSSR tarqab ketganidan so‘ng, o‘shanda Amin saroyiga bostirib kirib uni va tarafdorlarini o‘ldirgan «afg‘on xalqi» afg‘onlar kiyimini kiyib olgan KGBning maxsus bo‘linmasi xodimlari bo‘lgani oshkor bo‘ladi.

Amin o‘ldirilganidan so‘ng sovetlar Afg‘onistonga Babrak Kormalni Afg‘oniston rahbari deb e’lon qilishadi. U SSSR rahbariyatidan Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish uchun o‘z mamlakatiga harbiylarni kiritishni «iltimos qiladi».

Afg‘onistonga qo‘shin kiritish, bu mamlakatda zo‘rlik bilan bo‘lsa ham sotsialistik tuzum o‘rnatish rejasi mamlakat rahbari Brejnevning rejasi emasdi. Garchi sovet armiyasi Brejnev hukmronligining ilk yillarida Vetnam urushida qatnashgan bo‘lsa ham, bu shaxs urushni yoqtiradiganlar safiga kirmasdi.

Afg‘on urushining asosiy tashabbuskori aynan KGB rahbari Yuriy Andropov edi. O‘shanda Afg‘onistonga qo‘shin kiritish masalasida Dmitriy Ustinovni ham Andropov «yo‘ldan urgan» va u KGB rahbarining ra’yiga qarshi bora olmasdi.

Yuriy Andropov mamlakat rahbari Brejnevning yonida Foto: qaynarinfo.az 

Andropovning bosimi ostida qolgan Ustinov Afg‘onistondagi harbiy harakatlarni 2-3 oyda tugatib, u yerda sotsialistik respublika o‘rnatilishni aytib Brejnevni ishontiradi. Ammo urush o‘n yilga cho‘ziladi va SSSRning ichdan yemirilishiga hamda sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonni sharmandalarcha tashlab chiqishiga sabab bo‘ladi.

SSSRning Afg‘onistonga bostirib kirishi xalqaro maydonda keskin qoralanadi va AQSh boshliq G‘arb davlatlari bilan aloqalar sovuqlashadi. Hatto 1980 yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarini dunyoning 65 ta davlati boykot qiladi va o‘z sportchilarini musobaqalarga yubormaydi. SSSR va AQSh o‘rtasida tarixda «sovuq urush» deb nom olgan davr avj pallasiga chiqadi.

G‘arbda Moskva olimpiadasiga qarshi namoyish Foto: history.com

Afg‘onistondagi urushda SSSR ko‘plab qurbonlar beradi, askarlar nogiron bo‘lib qaytadi, xalqning milliardlab mablag‘i behuda sarflanadi. Bundan tashqari, mamlakat xalqaro maydonda turli sanksiyalarga uchrab iqtisodiy tarafdan qiynalib qoladi.

Qolaversa, 10 yillik urushda Afg‘oniston butunlay vayronaga aylanadi, millionlab odamlar halok bo‘ladi. Oxir-oqibat nima bo‘lganini bilasiz – dunyoning ikkinchi qutbi bo‘lishga da’vogar bo‘lgan va qisman bunga erishgan davlat Yer xaritasidan nom-nishonsiz yo‘q bo‘lib ketadi.

Brejnevning shubhali o‘limi

1982 yil 10 noyabrda Brejnev shubhali tarzda vafot etadi. Andropov qulay vaziyatni qo‘ldan chiqarmaydi va SSSR rahbari bo‘ladi. O‘shanda u 68 yoshda edi.

Agar Andropovning KPSS markaziy qo‘mitasining birinchi sekretari (amalda SSSR rahbari) lavozimini egallashi tarixiga sinchiklab qaralsa, u mamlakat rahbarligini olish uchun jon-jahdi bilan harakat qilganini ko‘rish mumkin.

1982 yil 26 may kuni to‘satdan Andropov KGB raisi lavozimidan iste’foga chiqadi va KPSS markaziy qo‘mitasi kotibi lavozimini egallaydi. Bu amal aslida KGB rahbari lavozimi oldida juda kichik bo‘lsa-da mamlakat rahbarligini qo‘lga olish uchun qo‘yilgan muhim qadam edi.

O‘shanda Andropovning o‘rniga Brejnev V.Fedorchukni KGB raisi etib tayinlaydi. Ammo Andropov SSSR rahbari bo‘lganidan 35 kun o‘tib Fedorchukni KGB raisi lavozimidan bo‘shatib ichki ishlar vaziri lavozimiga o‘tkazadi. Uning o‘rniga KGBni ishonchli odamlaridan biri Viktor Chebrikovga topshiradi.

1982 yil 10 noyabr kuni Brejnev vafot etadi. Bu haqda ommaga 11 noyabr kuni xabar beriladi va 15 noyabr kuni u dafn etiladi. Andropov esa Brejnevning dafn marosimi o‘tib bo‘lishini ham kutmaydi va 12 noyabr kuni KPSS markaziy qo‘mitasining birinchi sekretari lavozimini egallab SSSR rahbari bo‘ladi.

SSSR davrida aksariyat ishlarning hujjatlari maxfiy saqlangan va ommaga oshkor qilinmagan. 1990-1991 yillarda SSSR tarqashi arafasida va undan keyin birmuncha vaqt arxivlar ochiladi va kimlardir ulardan foydalanadi. Ana shunda Brejnev o‘z ajali bilan o‘lmagani va unga Andropov suiqasd qilgani haqida gap-so‘zlar o‘rtaga chiqadi.

Yoshi 75 dan oshgan Brejnev keksalik tufayli tez-tez betob bo‘lardi. Ammo har doim uning sog‘ligi mamlakatdagi eng yaxshi vrachlardan iborat guruh nazoratida bo‘lgan. Brejnev 1982 yil 10 noyabr kuni Moskva viloyatidagi Zareche qarorgohida shubhali tarzda vafot etganda u yerda vrachlar yo‘q edi.

Qarorgoh qo‘riqchilari Brejnevning ahvoli og‘irlashgani haqida (bu paytda u o‘lib bo‘lgandi) xabar berishgandan so‘ng ham vrachlar ancha kechikib kelishadi.

1982 yil oktyabr oyi o‘rtalarida Brejnev 15 noyabr kuni iste’foga chiqishini va o‘z o‘rniga o‘sha paytda Ukrainaga rahbarlik qilayotgan V.Sherbitskiyni tayinlashini KPSS markaziy qo‘mitasi kotibi I.Kapitonovga aytadi. O‘z navbatida Kapitonov bu «xushxabar»ni Andropovga yetkazadi.

Aksariyat tarixchilar hamda Kreml devorlari ichkarisida bo‘layotgan voqea va hodisalarning tirik guvohlari 10 noyabr kuni Brejnev o‘z ajali bilan o‘lmaganini, unga Andropovning xos odamlari suiqasd uyushtirganini aytishadi.

Shuningdek, Brejnevning o‘limiga Toshkentda olgan jarohati sabab bo‘lgan deguvchilar ham bor. Gap shundaki, Brejnev 1982 yil 23 mart kuni Toshkentga keladi. Tashrifdan maqsad O‘zbekistonni navbatdagi Lenin ordeni bilan mukofotlash va respublikada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish edi.

Tashrif davomida aviatsiya zavodiga borganida u yerda ishchilar bilan uchrashuv chog‘ida Brejnevning ustiga temir bo‘lagi tushib ketadi. Oqibatda u jarohat oladi va bir necha oy davolanadi.

Ko‘pchilik Brejnevning o‘limiga Toshkentdagi jarohat sabab bo‘lganiga ishonmaydi. Chunki kuzgacha Brejnev sog‘ligini tiklab olgan va ancha bardamlashgandi.

Brejnev Toshkent aviatsiya zavodida, 1982 yil

Andropov SSSR rahbari

Andropov SSSR rahbari bo‘lar ekan, u G‘arb bilan aloqalarni iliqlashtirish haqida bosh qotira boshlaydi. Ammo harakatlar natija bermaydi. AQSh boshliq G‘arbning talabi bitta edi – SSSR Afg‘onistondan qo‘shinlarini zudlik bilan olib chiqishi kerak.

Garchi Afg‘onistonda behuda urush qilayotganini bilsa ham, Andropov bu mamlakatdan qo‘shinlarni olib chiqishga shoshilmaydi – axir hali g‘alabaga erishilmadi. Bu holatda u yerdan qo‘shinlarni olib chiqish mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘yiga putur yetkazardi.

Andropov SSSRni boshqargan qisqa vaqt mobaynida rahbar bo‘lishidan avval o‘ziga sadoqat bildirmagan aksariyat kadrlarni ishdan bo‘shatadi. O‘zi bilan aloqalari yaxshi bo‘lmaganlarni esa qamoqqa tiqadi. Poraxo‘rlikka qarshi kurash bahonasida O‘zbekistonga KGB va Bosh prokuratura tergovchilaridan iborat guruh jo‘natadi.

Andropov SSSR rahbari Foto: alamy.com

Yuriy Andropov SSSRni bor-yo‘g‘i 15 oy boshqargan bo‘lsa ham, amalda mamlakatni 10 yildan oshiq nazorat qilgani aytiladi. Bevaqt o‘lim Andropovga SSSRni uzoqroq boshqarishiga yo‘l bermaydi.

Agar u to‘satdan vafot etmaganida yana nimalar sodir bo‘lar edi, buni hatto taxmin qilib bo‘lmaydi. Balki, O‘zbekistonda bo‘lganday yana qaysidir respublikani «tozalash uchun» «desant» tushirarmidi? Yoki Afg‘onistonga o‘xshab yana qaysidir mamlakatni «sotsialistik lager»ga qo‘shib olish uchun qo‘shin kiritib «kulini ko‘kka sovurarmidi»?

Andropov 1984 yil 9 fevralda 69 yoshida vafot etadi va katta ehtimol bilan millionlab insonlar boshlariga tushishi mumkin bo‘lgan ko‘rgiliklardan omon qolishadi.

Andropov Rashidovga qarshi

1970-yillarning ikkinchi yarmida SSSR rahbari Brejnev bo‘lsa ham, amalda mamlakatni KGB rahbari Andropov boshqarardi. O‘sha paytda ko‘plab vazirlar, ittifoqdosh respublikalarning rahbarlari KGBday qudratli tashkilot rahbari bilan hisoblashib muomala qilishga majbur edi.

1972 yilda tuzilgan va Andropovning ixtiyorida bo‘lgan KGBning «Alfa» maxsus bo‘linmasi har ishga qodir edi. Shu uchun ham SSSRdagi har qanday amal egasi Andropovdan qo‘rqib turardi.

Hatto undan Brejnevning o‘zi ham qo‘rqib yashagan deyishadi. Andropovning Rashidov bilan nega teskari bo‘lib qolgani haqida taxminlar ko‘p. Ulardan eng mashhuri Brejnevning Sharof Rashidov bilan ancha iliq munosabatda bo‘lgani Andropovga yoqmaydi.

Sharof Rashidov Foto: alamy.com

Shuningdek, yana bir taxminga ko‘ra Rashidov Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashishga va bu mamlakatga qo‘shin kiritishga qarshi bo‘ladi. Shu masala muhokama qilinganda Brejnev yig‘ilish qatnashchilariga Afg‘on urushiga qarshi bo‘layotganlarni sanab o‘tganida Rashidovni ham tilga oladi.

Tabiiyki, Afg‘onistonga qo‘shin kiritishga qarshi bo‘lgan yuqori lavozimli mas’ullar Andropovga xush kelmaydi. Biroq Brejnev bilan yaqin bo‘lgan Rashidovga hech narsa qila olmaydi.

Brejnevning vafotidan so‘ng mamlakat rahbarligini o‘z qo‘liga olgach, Andropov O‘zbekistonda poraxo‘rlik hamda qo‘shib yozish urchib ketgani va bunga chek qo‘yish lozimligi haqida bot-bot gapira boshlaydi.

1983 yil yanvarda Andropov Rashidovga hayfsan beradi. Bu Rashidovga O‘zbekiston rahbarligidan ixtiyoriy tarzda ket deyilgani edi. Biroq Rashidov ketmaydi.

Ko‘p o‘tmay aprel oyida KPSS siyosiy byurosi O‘zbeksitondagi paxta yetishtirishda sodir etilgan qo‘shib yozishlarni tergov qilish haqida qaror qabul qiladi. SSSR bosh prokuraturasi esa Gdlyan va Ivanov boshchiligida guruh tayyorlaydi.

1983 yil sentabrda Gdlyan va Ivanov guruhiga O‘zbekistonda qo‘shib yozish ishlarini taftish qilish vakolati beriladi va ular O‘zbekistonga kelishadi.

Andropovning maqsadi Rashidovni qamoqqa tiqish edi. Biroq u bunga ulgurmaydi, 1983 yil 31 oktyabr kuni Rashidov vafot etadi. Biroq Gdlyan va Ivanov O‘zbekistonda tergov ishlarini davom ettiraveradi.

Gdlyan va Ivanov boshliq «desantchilar»larning O‘zbekistonni qanday «taftish» qilgani ko‘pchilikka ayon. Ko‘plab insonlarni vahshiylik hamda g‘ayriinsoniy usullar bilan qiynoqqa solib, ularning jabrlanishiga va vafot etishiga sabab bo‘lgan Gdlyan va Ivanov o‘sha paytda Andropovning buyrug‘ini bajargandi.

Gdlyan va Ivanov Foto news.day.az 

To‘g‘ri, Gdlyan va Ivanovlarning O‘zbekistondagi vahshiyliklari Andropovdan keyin SSSRga rahbarlik qilgan Konstantin Chernenko va Mixail Gorbachyov davrida ham davom etadi. Ammo fakt shuki, ularni O‘zbekistonga yuborish va o‘zbekistonliklarni jazolash aynan Andropovning tashabbusi va xohishi edi.

Gdlyan hamda Ivanovni O‘zbekistonga yuborgan Andropovning nohaqligi shunda ediki, agar gap qo‘shib yozish hamda poraxo‘rlik haqida ketadigan bo‘lsa, o‘sha paytda SSSRning hamma joyida va barcha sohada bu ishlar bo‘layotgandi.

Shu sababli SSSR bo‘ylab qo‘shib yozishlar va poraxo‘rlik avj olib turganida bu ishda faqat o‘zbekistonliklarni ayblab, yomonotliq qilish hamda jazolash – bu vijdonsizlikdan o‘zga narsa emasdi.

Xulosa shuki, tarix hali Andropovga O‘zbekiston xalqiga yetkazgan jabr-zulmlari va Afg‘onistonda millionlab insonlarning umriga zomin bo‘lgan urushni boshlagani uchun uzoq vaqt la’nat aytadi.

Zero, bir tarafdan o‘zini «tinchlikparvar» qilib ko‘rsatib, ikkinchi tarafdan esa millionlab odamlarning o‘limiga, aziyat chekishiga sabab bo‘lgan ishlarni qilgan Yuriy Andropov bunga loyiq.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid