O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiylari AQShda o‘tkazilgan “Eng yaxshi jangchi” tanlovining g‘olibi bo‘lishdi
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari AQSh harbiy xizmatchilari (Missisipi, AQSh) o‘rtasida har yili an'anaviy ravishda o‘tkaziladigan “Eng yaxshi jangchi” harbiy tanlovida ishtirok etib, o‘z toifalarida 1-o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
Ushbu musobaqada O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakillari serjant Sardor Mamarasulov va kichik serjant Muhriddin Ochilov birinchi marotaba ishtirok etib, Missisipi Milliy gvardiyasining turli bo‘linmalaridan qatnashgan 14 nafar serjant bilan bahslashib, bilim va mahoratlarini namoyish etishdi.
Musobaqa Missisipi shtati Milliy gvardiyasi tashkil etilganligining 338 yilligi munosabati bilan o‘tkazildi.
Musobaqaning birinchi kunida ishtirokchilar 9 elementdan iborat to‘siq chiziqlarini bosib o‘tishdi. Musobaqaning birinchi bosqichi natijalariga ko‘ra, eng yaxshi vaqtni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakillari ko‘rsatdilar (M. Ochilov – 8 daqiqa 35 soniya, S. Mamarasulov – 10 daqiqa 8 soniya) va musobaqalar jadvalini boshqarib turishdi.
Keyingi bosqichda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinov imtihonlarini topshirdilar. Unda yerga tayangan holatda mashq bajarish, press, 3,2 kmga yugurish, 110 kg og‘irlikdagi shtangani turgan holatda ko‘tarish, 5 kg og‘irlikdagi to‘pni uloqtirish, turnikda tortilish, qisqa masofaga yugurish (25 m) kabilar bo‘yicha o‘z jismoniy qobiliyatlarini namoyish qilishdi.
Navbatdagi bosqichda O‘zbekiston Mudofaa vazirligining kichik mutaxassislari Amerika armiyasi qurollari – “Beretta” to‘pponchasi, M-4 avtomati, M-240 qo‘l pulemyoti, M-249 og‘ir avtomati va avtomatik minomyotlarni qismlarga ajratib-yig‘ish shartini ham muvaffaqiyatli bajarishdi. Bundan tashqari o‘zbek harbiylari zamonaviy manekenlardan foydalangan holda, jarohatlar va shikastlanishlarda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ham sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tishdi.
20 kmga marsh yurish va turli xil qurollardan nishonlarga otish, shuningdek, qo‘l granatalarini uloqtirish shartlarida ham o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar yuqori jangovar tayyorgarlik va kasbiy mahoratga ega ekanliklarini yana bir bor namoyish etdilar.
Musobaqaning so‘nggi kunida harbiy xizmatchilar harbiy topografiya bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini namoyish qilishdi. Bu shartda ular mashqlarni tunda, notanish va o‘rmonli joyda amalga oshirishdi. Ishtirokchilar 4 soat ichida 5ta nuqtani topishlari kerak edi. Ushbu nuqtalar orasidagi masofa 2,5 kmgacha edi, bu harbiylardan nafaqat hisob-kitoblarning aniqligini, balki bir nuqtadan boshqasiga o‘tish tezligini ham talab qiladi. Barcha qiyinchiliklarga qaramay, O‘zbekiston vakillari ushbu vazifani ham muvaffaqiyatli bajarib, talab etilgan normativlarni a'lo bahoga topshirishdi va yana birinchilardan bo‘lib marraga yetib kelishdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Eng yaxshi jangchi” musobaqasida katta serjant Sardor Mamarasulov va kichik serjant Muhriddin Ochilov o‘z toifalarida 1-o‘rinni egalladilar. Vakillarimizga tantanali ravishda medal va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari AQShda bo‘lib o‘tgan ushbu musobaqada ilk bor ishtirok etishdi va xizmat safarlari davomida bir kun ichida 7 ta chet el o‘qotar qurollarini o‘zlashtirish, AQSh harbiy topografiyasi bo‘yicha qisqa kursni o‘tash, NATO standartlariga mos jihozlangan ekipirovkalarni tayyorlash va jismoniy tayyorgarlikning yangi normativlarini o‘rganishga erishishdi.
Mavzuga oid
18:23 / 07.11.2024
Chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik o‘qituvchisi shtati Mudofaa vazirligiga o‘tadi
17:54 / 31.08.2024
Markaziy harbiy okrugda zirhli va maxsus harbiy texnikalarni ta’mirlash yo‘lga qo‘yildi
21:42 / 20.08.2024
Rossiya Mudofaa vazirligi «Belgorod», «Bryansk» va «Kursk» qo‘shin guruhlarini tashkil etdi
14:19 / 04.06.2024