O‘zbekiston | 12:05 / 19.12.2019
54661
4 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura: Farg‘ona viloyati hokimiga mansubligi aytilgan audioyozuv o‘rganilmoqda

Bosh prokuratura Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevga mansubligi aytilgan tahdidli audioyozuvni o‘rganmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda 14 dekabr kuni Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevga mansubligi ta'kidlanib tarqatilgan audioyozuv yuzasidan bayonot berdi.

«Bosh prokuratura tomonidan Internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda 2019 yil 14 dekabr kuni Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyevga mansubligi ta'kidlanib tarqatilgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar o‘rganilmoqda. 

O‘rganish natijalari har tomonlama qonun doirasida ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan qo‘shimcha bayonot beriladi», deyiladi xabarda. 

14 dekabr kuni Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning ovozi deb aytilayotgan audiomaterial tarqaldi. Audioda ovoz egasi gaz ta'minotidagi muammolardan norozi bir guruh aholi vakillari noyabr oyi oxirida Quva tumanidagi avtomobil yo‘llaridan birini to‘sib qo‘ygani haqida gapiradi va ushbu tuman hokimi Ravshan Qurbonovdan bu voqealarni videoga olgan shaxsning «janozasi qachon o‘qilishi»ni so‘raydi.

«Chora ko‘rish emas bu, janozasi o‘qilsa keyin hisob endi uni», deydi ovoz egasi bu borada chora ko‘rilganini aytgan tuman hokimining javobidan qoniqmay.

Ma'lum bo‘lishicha, bu hodisa G‘aniyev 2 dekabr kuni o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida bo‘lib o‘tgan.

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati bu audioni soxta va «pranker» (ovoz o‘xshatuvchi)lar tomonidan tayyorlangan, deya munosabat bildirdi.

«2 dekabrda aytilgan deb iddao qilinayotgan audio yozuvdagi ovozi o‘xshatilgan so‘zlar biron bir selektor yig‘ilishida Sh.G‘aniyev tomonidan aytilmagan. Sh.G‘aniyev jurnalist yoki blogerlarga nisbatan bosim yoki tazyiq o‘tkazmagan, Quva tumani hokimiga bu haqda hech qachon tanbeh bermagan», – deyilgan hokimlik bildirishida.

Keyinroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev prokuraturadan Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev bilan bog‘liq navbatdagi shov-shuvli holatga huquqiy baho berishni so‘radi.

18 dekabr kuni bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova Shuhrat G‘aniyev bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirib, «qonunni buzgan shaxs kim bo‘lishidan qat'i nazar qonun oldida javob berishi kerak»ligini ta'kidladi.

Biroz avvalroq Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov Bosh prokuratura Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev bo‘yicha surishtiruv boshlagani haqida ma'lumot bergandi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning sentabr oyida Shuhrat G‘aniyev Farg‘ona viloyatida ayollarning ro‘mol o‘rashiga qarshi kampaniya e'lon qilgani aks etgan audio tarqalgach, hokim Senatning Reglament va odob komissiyasi yig‘ilishida uzr so‘ragan, unga qattiq ogohlantirish va 3 oy sinov muddati berilgan edi. 

Mavzuga oid