Amalga oshgan startap: endi bolalar ham robototexnika bilan shug‘ullanishi mumkin
Toshkentda bolalarga robototexnika va elektronika bilan shug‘ullanish imkonini beruvchi elektron konstruktor ─ Deviser startapining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Toshkent Turin politexnika universiteti talabasi Abdulhafiz Ozodov tomonidan ishlab chiqilgan Deviser elektron konstruktori omma e'tiboriga havola etildi.
19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan taqdimot dasturida konstruktorning qulayliklari haqida ma'lumot berildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Yoshlarni texnologiya, ilm-fanga qiziqtirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan doimiy ravishda startaplar va ilmiy g‘oyalar tanlovi o‘tkazib boriladi. Joriy yilning iyun oyida o‘tkazilgan startaplar tanlovida Abdulhafiz Ozodovning loyihasi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan hamda uni amalga oshirish uchun vazirlik tomonidan grant mablag‘i ajratilgan edi. Grant va mehnat samarasi o‘laroq bolalarni robototexnikaga qiziqtiruvchi elektron konstruktorlar dunyoga keldi.
Deviser elektron konstruktori bolalarning robototexnika sohasidagi boshlang‘ich bilimlarini hosil qilish uchun mo‘ljallangan ishlanma bo‘lib, unda bolalar o‘z qo‘llari bilan elektron qurilmalar yasashi mumkin.
Konstruktor uch tildagi (o‘zbek, rus, ingliz) yo‘riqnoma va ishlanmaviy qismlardan iborat. Ulardan foydalangan holda bola svetofor, kamalak, aqlli uy, signalizatsiya tizimi, svetofor kabi oddiy loyihalarni bevosita o‘zi amalga oshira oladi.
«Bu konstruktor kichkina bolada ham texnologiyaga, robototexnikaga qiziqish uyg‘otishga yordam beradi. Ahamiyatli jihati shundaki, agar bola konstruktordan foydalangan holda yangi loyiha yaratsa, biz bu loyihani sotib olamiz. Bu ham bolani robototexnikaga nisbatan rag‘batlantirishning bir yo‘li», ─ deydi startap muallifi Abdulhafiz Ozodov.
«Yoshlar turli loyihalarni qilyapti, ularga grant berilyapti, ammo natijasi qani, degan gaplarni juda ko‘p eshitamiz. Deviser grant ajratilgan va o‘zining ijobiy mahsulini ko‘z o‘ngingizda bera boshlagan startap loyiha.
Avvaliga shunchaki g‘oya bo‘lgan Deviser endi xalq xizmatini qilishga, biz uchun muhim bo‘lgan soha ─ yosh avlodni robototexnikaga qiziqtirishga xizmat qiladi. Deviser misolida boshqalar ham foydali va manfaatli bo‘lgan loyihalarga qo‘l urish uchun tashabbus ko‘rsatishsa ajab emas», ─ deydi Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Alisher Sa'dullayev taqdimotning ochilish qismida.
Taqdimotda maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar o‘rtasida ularni robototexnikaga qiziqtirish maqsadida kichik tanlovlar tashkil etildi, hali juda yosh bo‘lsa ham fizika va robototexnika bo‘yicha o‘z bilimini ko‘rsatgan bolalar Deviser elektron konstruktori bilan taqdirlandi.
Shuningdek, bolalarning robototexnika va elektronika bo‘yicha ishlanmalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z g‘oyalarini amalga oshirishi uchun sharoit yaratish maqsadida texnologiyalarga ixtisoslashgan ta'lim muassasalariga Deviser konstruktorlari taqdim etildi.
Mavzuga oid
21:17 / 03.04.2024
Ijod maktablarida «Texnologiya» fani doirasida robototexnika asoslari o‘rgatiladi
09:00 / 29.09.2022
“7-10 yoshli o‘quvchilarim lego-robotlar yasaydi” - 18 yashar robototexnik
15:51 / 09.02.2021
Janubiy Koreya O‘zbekiston bog‘chalariga aqlli robotlar taqdim etdi
20:07 / 13.12.2020