Janubiy Koreya O‘zbekiston bog‘chalariga aqlli robotlar taqdim etdi
Loyihaning pilot bosqichi uchun 275ta robot taqdim etildi. Bog‘cha bolalari ular yordamida algoritmik fikrlashni o‘rganishadi. Kelgusida robotlar O‘zbekistondagi barcha bog‘chalarga tarqatilishi mumkin.
Maktabgacha ta'lim vazirligi bog‘cha tarbiyalanuvchilarida algoritmik fikrlashni rivojlantirish bo‘yicha loyihani yo‘lga qo‘ymoqda.
Loyiha Janubiy Koreyaning robot sanoatini rivojlantirish instituti (KIRIA), Koreya o‘qituvchilar uyushmasi, shuningdek, FRG Korea, Dazzle Edu, Genie Robot va SK Telecom kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
«Davr talabi bilan ayrim kasblar o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda, yangi, zamonaviy kasblarga talab ortmoqda. Shu nuqtayi nazardan, bog‘cha davridayoq bolalarni robototexnika singari kelajak kasblari bilan tanishtirish, ularda qiziqish uyg‘otish muhimdir», – dedi maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin loyiha taqdimotiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.
Koreyalik hamkorlar loyihaning pilot bosqichi uchun 275ta robot va 350ta o‘quv qo‘llanmasi taqdim etgan. 12 viloyat, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 55ta bog‘cha tanlanib, ularga 5tadan robot taqsimlangan.
Pilot bosqichida ishtirok etayotgan bog‘chalar pedagoglari robotlar bilan ishlash bo‘yicha o‘quv seminarlarida qatnashgan.
Vazirlik huzuridagi Axborot va pedagogik texnologiyalar innovatsion markazi direktori Oyatillo Rahmatillayevning tushuntirishicha, Albert va Genibot robotlari 6 yoshdan katta tarbiyalanuvchilarga mo‘ljallangan.
Birinchi bosqichda bola tayyor kodlash kartalari yordamida robotni harakatlantirishi, ko‘zini miltiratish, gapirish, qo‘shiq kuylash, ma'lum ketma-ketlikdagi amallarni bajarish buyruqlarini berishi mumkin. Shu tarzda u kod bloklarining ishlash mohiyatini tushunib oladi, algoritmik fikrlashga moslashadi.
«Ta'limdagi uzviylik tamoyiliga asoslangan holda, robototexnika va dasturlash ko‘nikmalarini umumta'lim maktablarda ham o‘rgatish yo‘lga qo‘yilsa, ijobiy natijaga erishish mumkin», – dedi markaz direktori.
Bildirilishicha, bog‘chalarda robotlar yordamida o‘qitish uslubi Janubiy Koreyada ijobiy natija ko‘rsatgan. Shu jumladan, Fransiya, Ispaniya, Kosta-Rika va Perudagi maktab va bog‘chalarda ham bu loyiha pilot bosqichida amal qilmoqda.
«Bir yil davomida pilot loyiha samaradorligi monitoring qilib boriladi, so‘ngra natijalar tahlil qilinadi. Agar kutilgan ijobiy samaraga erishilsa, loyiha respublikaning barcha maktabgacha ta'lim tashkilotlarida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Pilot bosqichida robotlar Koreya hamkorlari tomonidan bepul taqdim etilgan bo‘lsa, keyingi bosqichda davlat budjeti, xalqaro donor tashkilotlar mablag‘lari, imtiyozli kreditlarni jalb qilish ko‘zda tutilgan», dedi Oyatillo Rahmatillayev.
Mavzuga oid
00:08
Janubiy Koreya kosmosni tadqiq etish uchun planetoxod yaratish loyihasini ishga tushidi
18:54 / 09.11.2024
Seul: Shimoliy Koreya GPS-signallarni uzib, kemalar va aviatsiyaga xalaqit bermoqda
10:48 / 09.11.2024
O‘zbekiston va Janubiy Koreya yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni muhokama qildi
10:08 / 09.11.2024