O‘zbekiston | 20:25 / 20.12.2019
19878
4 daqiqa o‘qiladi

«Tabiiy o‘sib kelgan muxolifatga qarshilik qilmaslik kerak» – Sodiq Safoyev

Sun'iy yaratilgan muxolifat hech qachon yaxshi natija bermaydi, deb hisoblaydi Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev.

Senator bu haqda «Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar» munozara klubining navbatdagi tadbiridan so‘ng Kun.uz muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tdi.

«Meni muxolifatning yo‘qligi xavotirga solmayapti. Agar hozirgi zamonda qandaydir sun'iy muxolifat partiya paydo bo‘lganda, mana shu meni xavotirga solgan bo‘lardi.

Hech qachon sun'iy tashkil qilingan yoki olib kelingan muxolifat partiyasi ish bermagan va bermaydi.

Muxolifat bu jamiyatning ichki palagidan tabiiy o‘sib chiqishi kerak. Bu muxolifat xalqning orzu umidlarini ifodalay olishi kerak. Yana hukumat o‘zi muxolifat partiyani ta'sis etishi kerak, degan ayrim fikrlarni eshityapman. Axir bu g‘ayritabiiy.

Bugungi parlament bugungi qonunlar asosida ish olib borishi kerak. O‘zbeklarda yaxshi bir gap bor – boriga bozor. Bugungi partiyalarimiz shu. Bugungi jarayonlar tahlil qilinishi, o‘rganilishi kerak.

Bugungi debatlar, qarama-qarshi va keskin munozaralar. Aslida mana shu muxolifat ildiz otayotganining ko‘rsatkich belgilari. Bizda endi vaziyat shunday bo‘lishi kerakki, tabiiy o‘sib kelgan muxolifatga qarshilik bo‘lishi kerak emas.

Kelajakda esa partiyalarni ro‘yxatga olish tizimini qayta ko‘rib chiqish kerak. Bu mening shaxsiy fikrim», – deydi Safoyev.

Siyosatchi  Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti shu paytga qadar O‘zbekistondagi biror saylovga to‘liq delegatsiya bilan kelmagani va bu yilgi saylovlarda kuzatuvchilar soni oshganining sababi nimadaligi haqidagi savolga ham javob qaytardi.

«Bunga sabab, albatta, O‘zbekistondagi o‘zgarishlar, islohotlarning samimiy ekanligi. Tashkilot vakillari mana shunga ishonch hosil qildi va buning isbotini topmoqchi.

Men mamnuniyat bilan aytmoqchimanki, kuzatuvchilar fikrini ijobiy berishdi. Ular O‘zbekistonda huquqiy muhit o‘zgarayotgani, debatlar bo‘layotganini e'tirof etishmoqda.

Ayrim jurnalistlar kuzatuvchilarning fikri tanqidiy bo‘ldi, deyishdi. Lekin men buni ko‘rmadim. To‘g‘ri, maqtalmagan, lekin holat obektiv ko‘rsatib berildi».

Sodiq Safoyev, shuningdek, tuman (shahar) va viloyat deputatlariga hokimlarga ishonchsizlik votumi e'lon qilish huquqini berish borasida ham o‘z fikrlarini bildirdi.

«O‘ylashimcha, joylarda demokratiyaning chuqur ildiz otishini xohlasak, Toshkent bilan chegaralanib qolishimiz kerak emas.

Hokimiyatlarning bir-birini tiyib turish va nazorat qilish imkoniyatlari joylarga, tumanlarga ham tushishi kerak. O‘ylashimcha, kelgusida hokimiyatlar bir-biridan ajralishi va bir-birini tiyib turish tizimini yaratishimiz kerak. Shu jumladan, siz aytgan funksiya ham shuning ichiga kirib ketadi», – dedi Senat raisining birinchi o‘rinbosari.

Mavzuga oid