O‘zbekiston | 11:10 / 22.12.2019
18523
2 daqiqa o‘qiladi

Parlament deputatligi uchun nomzodlardan 6 nafari nomzodini qaytarib oldi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligi uchun nomzodi ro‘yxatga olingan 6 nafar fuqaro saylovga qadar o‘z xohishi bilan nomzodlikdan voz kechdi.

Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Nomzodlar o‘z ixtiyorlariga ko‘ra nomzodlarini qaytarib olishdi. Bu jarayonda qandaydir tazyiq o‘tkazish holatlari aniqlanmadi. Saylov qonunchiligimizga ko‘ra, saylov kuniga 15 kun qolguncha partiyalar, saylovga 1 kunga qolgunga qadar nomzodlar o‘z nomzodlarini qaytarib olish huquqiga ega. Ular mana shu huquqlaridan foydalanishgan», – dedi MSK raisi Xalqaro matbuot markazidagi brifingda.

Olti nafar nomzod to‘rtta partiyadan ilgari surilgan edi, natijada ushbu partiyalar parlament saylovida 148-149ta o‘rin uchun kurashadigan bo‘ldi. Saylov kuni faqat O‘zLiDePda Oliy Majlis uchun to‘liq 150 nafar nomzod qolgan:

1. Saydulla Xoliqov – 79-Jarqo‘rg‘on saylov okrugi, Ekologiya partiya
2. Zohidjon Ziyodullayev – 4-Amudaryo saylov okrugi, «Adolat» SDP
3. Zokir Nurov – 93-Parkent saylov okrugi, Xalq demokratik partiyasi
4. Sobir Shukurov – 63-Kattaqo‘rg‘on saylov okrugi, «Milliy tiklanish»
5. Abduvali Mavlonov – 54-Norin saylov okrugi, «Adolat» SDP
6. Zuhra Mirgaziyeva – 96-Chirchiq saylov okrugi, Xalq demokratik partiyasi

Ushbu nomzodlarning saylov byulletenlarida ko‘rsatilgan ism-familiyasi ustidan ko‘k rangli ruchkada to‘g‘ri chiziq tortilgan. Ularga muddatidan oldin ovoz berilgan byulletenlar haqiqiy emas deb topiladi.

Mavzuga oid