O‘zbekiston | 13:45 / 23.12.2019
1735
3 daqiqa o‘qiladi

Keyingi saylovlarda mehnat muhojirlari orasidan ham nomzodlar qatnashishi mumkinmi? Vazir o‘rinbosari izoh berdi

Xalqaro matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov keyingi saylovlarda Rossiya va boshqa davlatlarda ishlayotgan mehnat muhojirlari orasidan nomzodlar ko‘rsatilishi ehtimoli haqidagi savolga javob berdi.

«Bu yilgi saylovlarda mamlakatimizda yashayotgan fuqarolarimiz bilan birga ilk marta xorijdagi o‘zbekistonliklarga ovoz berish imkoniyati taqdim etildi. Hozirgi kundagi saylov qonunlariga asosan O‘zbekiston parlamentiga nomzodlarni faqat siyosiy partiyalar tomonidangina ko‘rsatilishi mumkin. [Saylovlarda partiyalar tashqari ham nomzodlar ko‘rsatilishi haqida] o‘zbekistonliklar va xorijliklardan ko‘p takliflar bo‘lyapti. Mana shu takliflar kelajakda albatta ko‘rib chiqilsa kerak.

Kelajakda albatta migrantlarning ichidan ham deputatlar chiqishi mumkin. Ular migrantmas, bu haqda kechagi tadbirlarda ham aytdim. Ular xorijga vaqtincha ishlayotgan fuqarolarimiz. Biz ularni qayerda bo‘lishidan qat'i nazar hamma joyda himoya qilamiz. Ularning qaysidir sababga ko‘ra chet elda ishlayotgani normal holat. Migratsiya faqat O‘zbekistonga emas, butun dunyoda mavjud. Aholimiz bir yilga yetti yuz ming nafarga ko‘paymoqda. Ularga ish joyi yaratish muammo. Shuning uchun ham bu masala migratsiya orqali yechim topyapti. Albatta migrantlarning orasidayam juda talantli, salohiyatli, katta-katta lavozimlarda ishlashga munosib odamlar bor. Menimcha, bu masala albatta ko‘rib chiqiladi», deya Ilhom Ne'matovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari shaxsan o‘zi ham migrantlar orasida nomzodlar parlamentga saylanishini qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qildi.

Tadbirda xorijiy mamlakatlarda tashkil etilgan saylov uchastkalari nima uchun Toshkent shahridagi qaysidir saylov uchastkasiga biriktirilgani, nima uchun chet eldagi fuqarolarimizga o‘z hududlaridagi nomzodlarga ovoz berish imkoniyati berilmagani so‘raldi.

«Saylov boshlangandan beri shu savolni o‘zimga o‘zim beraman. Nafaqat o‘zimga, balki saylovni o‘tkazish uchun mas'ul mutasaddilarga ham shu savolni berganman. Haqiqatan ham chet elda ishlab yurgan fuqarolarimizning aksariyati viloyatlardan. Bu yil xorijdagi vatandoshlarga ilk marta saylovda qatnashish imkoni berildi. Bu borada boshlang‘ich bosqichda turibmiz. Chet elda saylov jarayonini ideal darajada tashkillashtirildi deb aytolmayman. Muammolar, kamchiliklar ko‘p, lekin ularning hammasi yechiladi. Bu [xorijdagi saylov uchastkalarining Toshkentdagi qaysidir saylov uchastkalariga biriktirilishi] xato bo‘lgan. Keyinchalik bu masala ko‘rib chiqiladi», deydi Ilhom Ne'matov.

Avvalroq, xorijdagi saylov uchastkalarida ovoz beradigan 1 mln 697 ming nafari saylovchi ro‘yxatga olingani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid