O‘zbekiston | 13:10 / 23.12.2019
77567
8 daqiqa o‘qiladi

«Original protokolga hech narsa yozilmasin». Yashnobod hokimligi xodimi okrug raislariga noqonuniy ko‘rsatma bergan

Toshkent shahar Yashnobod tumanida o‘tgan saylov jarayonidagi holat yuzasidan prokuratura tekshiruvi olib borilmoqda.

Tekshiruvga 22 dekabr oqshomida internetda tarqalib ketgan surat sabab bo‘ldi. Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev e'lon qilgan skrinshotlarda Qudrat Husanov ismli shaxs okrug raislariga shubhali topshiriq berganini ko‘rish mumkin.

Tez orada mazkur surat haqiqiyligi va undagi Qudrat Husanov Yashnobod tumani hokimligining saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy kadrlar guruhi rahbari ekani tasdiqlandi.

Hokimlik vakili kech soat 21ga yaqin Telegram'dagi guruhda 30ta okrug raislaridan darhol protokollarning qoralama variantlarini olib kelishni talab qilgan.

Foto: t.me/xushnudbek

«Hech qaysi okrug va uchastkalar original protokolga hech narsa yozmasin», deb e'lon bergan Husanov. U «Qoralamadan nusxa ham berilmasinmi?» deya so‘ralgan savolga «Yo‘q, opa, umuman» deya javob qilgan.

Guruhdagi yozishmalarda «Hech kim protokolini rasmga oldirmasin», degan ko‘rsatma ham bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Ko‘p o‘tmay Toshkent shahar hokimligi, Markaziy saylov komissiyasi va Bosh prokuratura holat zudlik bilan nazoratga olinganini xabar qildi. 

«Ayni paytda «chernovik»lardagi ma'lumotlar hech qanday o‘zgarishsiz «chistovik» protokollarga ko‘chirilishi Yashnobod tuman saylov komissiyasi nazoratiga olingan. Qudrat Husanov hamda boshqa mas'ullarning ushbu harakati o‘rganilyapti va saylov natijalariga aralashish holati tasdiqlansa, ularga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi», deya ma'lum qildi shahar hokimligi.

Shu bilan birga, jurnalistlar va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Toshkent davlat stomatologiya institutida joylashgan (eski «TashMI») Yashnobod tuman saylov komissiyasiga taklif etildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, avvaliga mutasaddilar tomonidan ushbu holat Oliy Majlis va shahar deputatligi uchun saylovga aloqador emasligi, faqatgina Yashnobod tuman kengashi deputatligi uchun bo‘layotgan saylovga taalluqli ekani ma'lum qilingan.

Yashnobod hokimligining tashkiliy kadrlar guruhi rahbari Qudratilla Husanov jurnalistlar bilan suhbatda skrinshotning haqiqiyligini tasdiqlab, undagi gaplarini okrug raislariga yordamlashish maqsadida taklif sifatida yozganini, saylovga aralashish niyati bo‘lmaganini bildirdi.

Qudratilla Husanov

«Bu yil o‘zim ham, tumandagi komissiyalar a'zolari va raislarining 60-70 foizi yangi bo‘ldi. 2-3 marta o‘qitishimizga qaramasdan, kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi holatlari kuzatildi.

Protokollar masalasida jarayonga aralashish niyatida emas, faqatgina tuman saylov komissiyasi yig‘ilishida tushuncha berish maqsadida taklif qilganmiz. Vaqtning qisqaligini inobatga olgan holda Telegram'dagi guruh orqali taklif qilgandim.

Bayonnomalar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan har bir uchastkaga taqsimlangan holda beriladi. U oddiy qog‘ozda emas, rangli va qattiq qog‘ozda bo‘ladi. Uchastka va okrug raislari protokollarni qoralama holatida yozib taqdim qilishadi va agar bexato to‘ldirilgan bo‘lsa, shu yerning o‘zida oqlamaga ko‘chirishadi. Bu – hammaga emas, faqat yangi tayinlangan okrug raislariga taalluqli», – deya tushuntirdi Husanov.

«Saylov komissiyasiga aloqangiz bo‘lmasa, nega okrug raislariga buyruq beryapsiz?» degan savolga u quyidagicha javob berdi.

«Men «orgotdel» rahbariman va tashkiliy ishlar mening vazifamga kiradi. To‘g‘ri, [topshiriq berish] mening funksiyamga kirmaydi, bu – mening xatom bo‘ldi».

Qudratilla Husanov, shuningdek, bu borada hech kimdan topshiriq olmagani, okrug raislariga yo‘llagan «taklifi»dan tuman hokimining xabari yo‘qligi, bu – tumandagi saylov jarayonini o‘z vaqtida xatolarsiz yakunlash uchun shaxsiy tashabbusi bo‘lganini ta'kidladi.

«Ikkita okrug protokolida kamchilik chiqdi, ularni yaxshiyam chaqirib beribsiz, deyishdi. Bu saylov jarayoniga aralashuv emas. Yozganlarim buyruqdek bo‘lib ko‘ringan bo‘lishi mumkin, lekin bu okruglarga topshiriq sifatida berilmagandi. Tumanimiz, respublikamizdagi saylov to‘kis o‘tishi uchun harakat qilgandik, lekin «qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqardi» qabilidagi ishga aylanib qoldi.

Saylovni tashkillashtirishdagi tajribasizligim pand berdi. Ammo bugungi shu holatgacha menimcha, jarayonni yaxshi o‘tkazib kelayotgandik», – dedi Husanov.

U Telegram'dagi guruhdan skrinshot internetda tarqab ketgach, stress holatida guruhni o‘chirib yuborganini aytdi.

Holat yuzasidan Yashnobod tumani saylov komissiyasi raisi Artur Haydarov ham jurnalistlar savollariga javob qaytardi. Uning aytishicha, Qudratilla Husanov bilan bog‘liq vaziyatda inson omili tufayli anglashilmovchilik kelib chiqqan.

Artur Haydarov

«Qudratilla bilan ancha vaqtdan buyon birga ishlab kelyapmiz. Saylov uchastkalari, okruglaridagi barcha masalalarni birgalikda hal etib bordik, muammolar bo‘lmadi. Barcha saylov uchastkalari va okruglari raislarida uning telefon raqami bor. Nega? Chunki saylov kuniga qadar bo‘lgan barcha tashkiliy masalalarni hal qilishda u ham qatnashdi. Qayerdadir gaz-svetdan muammo bo‘ldi, qayernidir ta'mirlash kerak edi, qayerdadir yoritish tizimi yo‘q edi... Shu kabi masalalar bo‘yicha menga, Qudratga murojaat qilishdi. Hokimlik o‘z vazifasiga muvofiq saylovni yuqori demokratik saviyada o‘tkazish uchun sharoit qilib berdi.

Yashnobod tumani saylov komissiyasi raisi sifatida shuni rasman ta'kidlay olaman – hokimlik yoki boshqa tashkilotlar tomonidan menga hech qanday noqonuniy buyruqlar bo‘lgani yo‘q.

Barcha okrug raislari o‘z funksional vazifalariga rioya etgan holda saylov uchastkalaridan protokollarni yig‘ib, bizga normativ hujjatlarga muvofiq imzolangan original variantini olib kelishdi. Hozirga qadar jarayon hech qanday muammosiz bormoqda. Kun davomida kuzatuvchilardan ham, deputatlarning ishonchli vakillaridan ham hech qanday shikoyat tushmadi.

Qudratilla bilan bog‘liq vaziyatda anglashilmovchilik kelib chiqishiga sabab – yana bir bor aytaman, uning raqamini hamma biladi, chunki 2 oy davomida biz ularni tayyorlab borgandik. Ehtimol, qaysidir uchastka yoki okrug raisi protokolni noto‘g‘ri to‘ldirib qo‘yib, u bilan bog‘lanishga va maslahat so‘rashga qaror qilgandir. Axir uchastka yoki okrug raisi o‘zi Qudratga telefon qilgan bo‘lsa, bu Qudratning aybi emas-ku, to‘g‘rimi? Inson faktorini ham hisobga olish kerak, axir yordam kerak bo‘lganda begonaga emas, o‘zimiz tanigan odamga telefon qilamiz», – deya vaziyatga izoh berdi Artur Haydarov.

Tuman saylov komissiyasi raisi shundan so‘ng 20ga yaqin okrug raislarini jurnalistlar bilan suhbat uchun zalga to‘pladi. Ajablanarlisi, ular Telegram`da bunday guruh ochilganidan xabarlari yo‘qligini bildirdilar.

Holat yuzasidan prokuratura tekshiruv o‘tkazmoqda. O‘z navbatida, Markaziy saylov komissiyasi yakuniy bayonnoma nusxasini to‘ldirish va bayonnoma nusxalarini hech kimga tarqatmaslik yuzasidan hokimlik vakilining ko‘rsatmasini «g‘ayriqonuniy» deb baholagan.

Mavzuga oid