Jahon | 22:12 / 24.12.2019
7083
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq Jamol Qoshiqchini o‘ldirishda ayblanganlarga o‘lim jazosi berilishiga qarshi chiqdi

Foto: AP

YeI saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi ishi bo‘yicha ayblanuvchilarga o‘lim jazosi berilishiga qarshi chiqadi, shu bilan birga bu ishga aloqador barchani javobgarlikka tortishga chaqiradi, deyiladi Yevropa diplomatiya xizmati bayonotida.

Avvalroq Saudiya Arabistoni bosh prokuraturasi Qoshiqchini o‘ldirishda ayblangan besh kishi o‘lim jazosiga, yana uch kishi 24 yilga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilganini ma'lum qilgandi.

"YeI o‘lim jazosi qo‘llanilishiga har doim va istisnolarsiz qarshi chiqadi. Bu tutib turuvchi omil bo‘la olmaydigan shafqatsiz va noinsoniy jazodir", - deyiladi bayonotda.

YeI shu bilan birga Qoshiqchi ishi bo‘yicha Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulxonasida 2018 yil 2 oktyabrda sodir bo‘lgan voqealar uchun "javobgar bo‘lgan barcha shaxslarning javobgarlikka tortilishi zarurligi"ni bildirdi.

Saudiya Arabistoni hukumati tanqidchisi bo‘lgan Jamol Qoshiqchi AQShning Washington Post nashrida sharhlovchi sifatida ishlagan va 2017 yildan AQShda yashagan. 2018 yil 2 oktabr kuni u Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligiga hujjatlarni rasmiylashtirgani kirgach bedarak yo‘qolgan.

Avvaliga Saudiya Arabistoni hukumati jurnalistning o‘limi haqidagi xabarlarni rad etgan va u elchixonani sog‘ holda tark etganini bildirgandi. Keyinroq Saudiyadagi nashrlar Qoshiqchi elchixona hududida halok bo‘lganini tasdiqlovchi xabarlarni tarqatdi, ammo bu xabarlarda Qoshiqchining o‘limiga konsullik xodimlari bilan janjallashib qolgani olib kelgani aytildi.

Keyinroq rasmiy Ar-Riyod jurnalistning o‘limi qasddan sodir etilganini tan olishga majbur bo‘lgandi.

Istanbul prokuraturasi ma'lumotiga ko‘ra, Qoshiqchi konsullikda bo‘g‘ib o‘ldirilgan va uning jasadi bo‘laklarga bo‘linib, konsullik hududidan olib ketilgan. Shu vaqtga qadar uning jasadi qoldiqlari topilmagan.

Mavzuga oid