O‘zbekiston | 15:06 / 25.12.2019
66598
2 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura va DXX xodimlarining daxlsizligi qisqartirildi

Foto: prokuratura.uz

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Ba'zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 9 dekabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 14 dekabrda ma'qullangan.

O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 9 dekabrda qabul qilingan «Prokuratura to‘g‘risida»gi 746–XII-sonli Qonuni 49-moddasining (Prokuratura organlari xodimining daxlsizligi) ikkinchi qismidagi «ma'muriy huquqbuzarlik va» degan so‘zlar chiqarib tashlandi.

Hujjatga ko‘ra, bundan buyon prokuratura organlari xodimlarining ma'muriy huquqbuzarlik uchun javobgarligi masalasi yuqori turuvchi prokuror tomonidan hal etilmaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 5 aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi O‘RQ–471-sonli Qonuni 37-moddasining (Davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilarining daxlsizlik kafolatlari) uchinchi qismi chiqarib tashlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari faqat Davlat xavfsizlik xizmati raisining, Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari boshliqlarining roziligi bilan ma'muriy javobgarlikka tortilishi mumkin ekani bekor qilindi.

Bundan oldin, Senatning 25-yalpi majlisida senatorlar «Ba'zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ma'qullagani xabar berilgandi.

Mavzuga oid