Jahon | 21:20 / 29.12.2019
36978
3 daqiqa o‘qiladi

Donbassda asirlar almashildi

Ukraina va ayirmachilar ikki yil ichida ilk marta asirlarni almashishdi. Kiyev hamda «LXR» va «DXR» o‘nlab odamlarini bir-biriga qaytardi, ular orasida 2014 yil fevralida Maydanda odamlarni o‘qqa tutishda ayblangan Ukraina IIVning «Berkut» maxsus bo‘linmasi jangchilari ham bor.

Foto: Reuters

Asirlar almashish bo‘yicha kelishuv uch hafta muqaddam Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida Germaniya va Fransiya prezidentlari ishtirokidagi uchrashuvda tuzilgandi.

Almashuv tumanli tongda Donbass bilan chegaradagi «Mayors» nazorat-o‘tkazuv punktida boshlandi va tushlikdan keyin yakunlandi. Kiyev 87 kishini topshirib, 55 kishini olib ketishni rejalashtirgandi. Yakunda ko‘proq asir almashildi - 124ga 76 kishi.

O‘ndan ortiq kishi ayirmachilar nazoratidagi hududga qaytishni istashmadi. Shuningdek, Kiyevdagilar ro‘yxatidagi 4 kishi Donetskda qolishga qaror qilgan.

Ikki yil oldingi asirlar almashinuvida ham tengsizlik kuzatilgandi: Kiyev 233 kishini qaytargan va evaziga 73 kishi olgandi. Bundan tashqari, sentyabrda Rossiya va Ukraina «35»ga «35» formatida asirlar almashgandi.

Ukraina sharqidagi qurolli nizo 2014 yili g‘arbparastlarning Kiyevdagi norozilik namoyishlari va Qrim Rossiya tomonidan egallab olinishidan keyin boshlangandi.

Ozod qilingan ukrainlar birinchi navbatda ovqatlantirildi

Kiyev va G‘arb davlatlari Moskvani Donbassdagi ayirmachilarni siyosiy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda ayblaydi. Kreml bu ishga aralashganini tan olmaydi. Shu bilan birgalikda bu davlat «DXR» va «LXR»da yashovchilarga Rossiya pasportlarni tarqatadi hamda Ukraina hukumatining ayirmachilar bilan muzokaralarida vositachilik qilib keladi.

Almashuvga qanday tayyorgarlik ko‘rildi

Almashuv haqida 9 dekabr kuni Parijdagi «normand formati» shaklidagi uchrashuvda Rossiya, Ukraina, Germaniya va Fransiya rahbarlari ishtirokida kelishib olingandi.

Luganskdan ukrainaliklarni olib kelayotgan avtobuslar

Dekabr oyi oxiriga kelib ukrain nashrlari Kiyev Donetsk va Luganskka 2014 yil Maydan voqealari vaqtida odamlarni o‘qqa tutishda ayblangan Ukraina Ichki ishlar vazirligining «Berkut» bo‘linmasi harbiylarini topshirishga roziligi haqida xabar tarqatdi.

Almashuv kuni - 29 dekabr - faqat shu kunlarda ma'lum bo‘ldi. Sanani birinchi bo‘lib «Donetsk Xalq Respublikasi» vakillari, keyin Zelenskiy tasdiqladi.

28 dekabr kuni Kiyev apellyatsiya sudi «Berkut»ning sobiq jangchilari Pavel Abroskin, Sergey Zinchenko va Oleg Yanishevskiyni jazoni ijro etish muassasasidan chiqarish haqida hukm chiqardi. Sud majlisida prokuror Sergey Kutsiy ular almashuv ro‘yxatida ekanini tasdiqladi. Yana ikki sobiq xodim avvalroq uy qamoqxonasiga o‘tkazilgandi. Shu tariqa, sud jami besh kishini ozod qildi.

Advokat Valentin Ribin avvalroq Yanishevskiy, Abroskin va Zinchenko bir necha yildan buyon almashtirish uchun asosiy da'vogarlar bo‘lib kelayotganini bildirgandi.

Kiyev sudining ularni ozod qilish haqidagi qaroridan keyin qamoqxona atrofida faollar to‘planishdi. Ular o‘rindiqlar va chiqindi idishlaridan barrikadalar o‘rnatib, ularning olib ketilishiga to‘sqinlik qilishga urinishdi.

Mavzuga oid