Andijonda bloger uchta ayblov bilan 15 sutkaga qamaldi
Otabek Nuritdinov taxallusi ostida ijtimoiy-siyosiy voqealarga Facebook sahifasi orqali o‘z munosabatini bildirib kelgan bloger Abdufatto Nuritdinov 15 sutkaga qamaldi.
Tuhmat, haqorat va mayda bezorilikda ayblangan bloger Andijon viloyati ma'muriy sudining 30 dekabrdagi qaroriga asosan BHMning 60 baravari miqdorida jarimaga ham tortilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan holat yuzasidan ayni paytda Kun.uz muxbiri surishtiruv o‘tkazmoqda. Andijon viloyat IIB esa quyidagicha rasmiy izoh bilan chiqdi:
«Fuqaro E.Yakubov huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilib, «Facebook» ijtimoiy tarmog‘i orqali «Otabek Nuritdinov» nomli akkaunt egasi tomonidan uni obro‘sizlantiruvchi, asossiz va tuhmatdan iborat bo‘lgan ma'lumotlarni muntazam ravishda joylashtirib kelayotganligini, shu sababli unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Shuningdek, fuqarolar M.Isaqova va F.Buzrukovlar ham «Facebook» ijtimoiy tarmog‘idagi «Otabek Nuritdinov» nomli akkaunt egasiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab murojaat qilgan. M.Isaqova o‘zining shikoyatida joriy yilning 18 oktabr kuni uning shaxsiyatini sharmanda qiluvchi uydirmalar tarqatib, u va uning jamoasini «korrupsion o‘choq» deb haqorat qilganligini bildirib, tuhmat va haqorat qilinganligi, F.Buzrukov esa o‘zining profili orqali «33 million aholi bittadan tuflasa ham tupurgiga cho‘kib o‘lasan, oynaga bir qaragin, yaxshilab e'tibor berib qaragin» deb ushbu profilga uni tasvirlab, shaxsiyatiga teguvchi «cho‘chqa» rasmini joylab, uni qattiq haqorat qilganligini bildirgan.
Shuningdek, fuqaro A.Nuritdinov, joriy yilning 30 dekabr kuni soat 10:30da jamoat joyi hisoblangan Asaka tumani Moliya bo‘limining ma'muriy binosi yonida, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, hokimiyat va davlat idoralarining vakillariga noo‘rin talablar qo‘yib, fuqaro B.Qohhorovni xaqoratli, uyatli so‘zlar bilan so‘kib, fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi xatti-harakatlarni sodir etgan.
Olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida fuqaro A.K.Nuritdinov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 40-(tuhmat), 41-(haqorat) va 183-(mayda bezorilik) moddalarida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganligi aniqlanib, to‘plangan hujjatlar o‘rnatilgan tartibda Andijon viloyati Ma'muriy sudiga yuborilgan.
2019 yilning 30 dekabr kuni Andijon viloyati Ma'muriy sudining qaroriga asosan, fuqaro Nuritdinov Abdufatto Kamolitdinovichga nisbatan:
O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 40-moddasi bilan BHMning 30 baravari miqdorida 6.690.000 so‘m jarima jazosi;
41-moddasi bilan BHMning 30 baravari miqdorida 6.690.000 so‘m jarima jazosi;
183-moddasi bilan 15 sutka ma'muriy jazo belgilanib, ushbu jazolar Kodeksning 34-moddasi qo‘llanilgan holda uzil-kesil o‘tash uchun 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan».