SSSR qanday parchalangandi - qabohat saltanatining yo‘qlikka yuz tutish sabablari
XX asr — insoniyat boshiga misli ko‘rilmagan falokatlar solgan ikkita jahon urushi bilan birga ikkita kuchli davlat, SSSR–AQSh qarama-qarshiligi orqali yodda qoldi. Bu ziddiyat, ayniqsa ikkinchi jahon urushidan keyin kuchaydi. SSSR urush g‘olibi sifatida dunyo sotsializmining rahnamosi bo‘lgan bo‘lsa, AQSh jahon kapitalizmi peshqadami bo‘ldi.
Bunda dunyo davlatlarini o‘z tomoniga og‘dirishda AQSh ko‘proq o‘z kapitaliga suyandi, SSSR esa zo‘ravon siyosatga. Masalan, o‘z fuqarolariga qilingan ko‘plab zo‘ravonliklar yetmaganday ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng SSSR g‘olib sifatida Sharqiy Yevropa va Osiyodagi bir nechta davlatlarni majburiy tarzda sotsializm boshqaruviga o‘tkazdi. Shu tariqa bu davlatlar SSSRga tobe bo‘lib qoldi.
Albatta, ular orasida SSSRga tobe bo‘lishni xohlamay jahon hamjamiyatidagi boshqa davlatlar bilan o‘zaro teng huquqli munosabat o‘rnatishni xohlaydiganlari ham chiqdi. Ammo SSSR unday harakatlarni kuch bilan bostirib, qonga botirdi. 1954 yil Vengriya, 1968 yil Praga voqealari shular jumlasidan.
Tarixdan ma’lum, zo‘ravonlikda haddidan oshgan davlatlarning hech biri uzoq yashamagan. SSSR ham bundan mustasno bo‘lmadi. Bu davlat 69 yil umr ko‘rib, parchalanib ketdi.
Bu parchalanishga 1985 yil 11 mart sanasida KPSS Markaziy Qo‘mitasining Bosh sekretari etib tayinlangan Mixail Gorbachyov ham tom ma’noda «yaxshi» hissa qo‘shdi.
Gorbachyov rahbar bo‘lgan paytda bir tarafdan afg‘on urushi, ikkinchi tarafdan G‘arbning o‘sha urush tufayli SSSRga joriy qilgan iqtisodiy sanksiyalari ortidan mamlakat og‘ir ahvolga tushgan edi.
Vaziyatni o‘nglash uchun Gorbachyov bir qator islohotlarni o‘tkazishga urindi. Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqish reja qilindi. Mamlakatdagi ko‘plab taqiqlar bekor qilindi. Hatto 1990 yilda KPSSning gegemonligiga chek qo‘yilib, unga muxolif bo‘lgan partiyalar tuzishga ham ruxsat berildi. Xalqaro maydonda AQSh bilan munosabatlar yaxshilanib, Brejnev davrida boshlangan «sovuq urush»ga barham berildi.
Ana shunday holatda ittifoqdosh respublikalarda milliy uyg‘onish harakatlari boshlandi. Har bir respublikada milliy til davlat tili deb e’lon qilindi. Voqealar, ayniqsa 1990 yildan keyin juda tezlashib ketdi. O‘sha yili nafaqat ittifoqdosh respublikalar, balki ularning tarkibida bo‘lgan avtonom hududlarning aksariyati o‘z mustaqillik deklaratsiyasini e’lon qilgan bo‘lsa, yana bir qismi kengaytirilgan avtonomiya talabi bilan chiqdi. Shu tariqa SSSR so‘nggi kunlarini yashayotgani aniq bo‘la boshladi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Mustaqillik deklaratsiyasini 1990 yil 20 iyunda qabul qilgan.
Bu orada ma’lum va mashhur GKChP hodisasi ro‘y berdi va SSSRni saqlab qolmoqchi bo‘lganlar tomonidan uyushtirilgan davlat to‘ntarishi muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Shundan so‘ng ittifoqdosh respublikalar birin-ketin o‘z mustaqilliklarini e’lon qila boshladi.
SSSR tarkibidan eng birinchi Boltiqbo‘yi respublikalari 1990 yildayoq — 11 martda Litva, 4 mayda Latviya, 8 mayda Estoniya chiqib ketgan. Qolgan ittifoqdosh respublikalar 1991 yil avgustidagi GKChP voqeasidan keyin ittifoqni tark etishdi. Turkmaniston 27 oktabr, Qozog‘iston 16 dekabrda o‘z mustaqilligini eng oxirida e’lon qilishgan.
19–21 avgust kunlari ro‘y bergan GKChP hodisasi ortidan ittifoqdosh respublikalarning aksariyati o‘z mustaqilligini e’lon qilgani bilan SSSR hali hujjatlarda yashashda davom etaverdi.
1991 yil 8 dekabr kuni Belarus o‘rmonlarida joylashgan Belovej qarorgohida Rossiya prezidenti Boris Yelsin, Ukraina prezidenti Leonid Kravchuk, Belarus Oliy Kengashi raisi Stanislav Shushkevich tomonidan SSSRni tarqatib yuborish va uning o‘rniga Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tuzilmasini tuzish haqida hujjatlar imzolandi.
25–26 dekabr kunlari SSSR Oliy Soveti Respublika Kengashi ittifoq tugatilgani haqida deklaratsiya qabul qildi. Gorbachyov SSSR prezidenti lavozimidan ketganini e’lon qildi va shu tariqa 69 yil dunyoning ikkinchi qutbi sifatida yashab kelgan qudratli davlat parchalanib ketdi. Jahon xaritasida esa o‘n beshta yangi mustaqil davlat paydo bo‘ldi.
Ko‘plab tarixchilar va tahlilchilar SSSRdek katta va ko‘p millatli davlat qurolli mojarolarsiz, qon to‘kilmay tinchgina tarqab ketishini shu davlatda yashagan xalqlar uchun ham, tarix uchun ham muvaffaqiyatli hodisa deb baholaydi.
SSSRning parchalanish sabablari
SSSR tarqalib ketganiga 28 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, turli tadqiqotchilar, tahlilchilar hanuz bu davlatning tarqab ketish sabablarini tahlil qiladilar, tadqiqot olib boradilar. Ularning fikricha, SSSRning tarqab ketishiga quyidagi omillar sabab bo‘lgan:
1. Afg‘on urushi
SSSR Afg‘onistonga qo‘shin kiritgandan so‘ng 1970-yillarda o‘zaro munosabatlar biroz iliqlashgan G‘arb dunyosi bilan aloqalar yana sovuqlashdi. AQSh boshliq G‘arb davlatlari SSSRga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni kuchaytirdi, ittifoqdan energoresurslar sotib olish to‘xtatildi. Natijada, SSSR iqtisodiyoti juda katta zarar ko‘rdi. Qolaversa, Afg‘onistondagi urushning o‘ziga ham ulkan mablag‘ sarflandi. Mamlakatning iqtisodiy ahvoli yomonlashib parokanda bo‘la boshladi.
2. Gorbachyov boshlagan «Qayta qurish» islohoti
SSSR rahbarligiga Gorbachyov kelganidan so‘ng u boshlagan «Qayta qurish» islohotlari iqtisodiy ko‘rsatkichlar masalasida tobora pastga sho‘ng‘iyotgan mamlakatning ahvolini o‘nglamadi. Aksincha, og‘irlashtirdi. Ammo, Gorbachyov o‘zidan oldin o‘tgan rahbarlardan farqli o‘laroq, fuqarolar uchun ko‘plab erkinliklar berdi. Ayniqsa, milliy manfaatlar, OAV va so‘z erkinligi masalalari ancha ijobiy ko‘rinish oldi va turli millatga mansub odamlarning ongida mustaqillik g‘oyalari shakllana bordi. Pirovard natijada, hamma mustaqillikka erishish haqida o‘ylay boshladi.
3. Qurollanish va kosmosni o‘zlashtirish uchun haddan ko‘p mablag‘ sarflanishi
1950-yillardan boshlab dunyoning yetakchi davlatlari o‘rtasida qurollanish va kosmosni o‘zlashtirish masalasida tom ma’noda poyga boshlandi. Bu poygada SSSR eng ko‘p mablag‘ sarflagan davlatlardan biri bo‘ldi.
4. Sotsialistik lagerda bo‘lgan Sharqiy Yevropa mamlakatlarining sotsializmdan voz kechishi
Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozongan SSSR «Buyuk xaloskor» sifatida Sharqiy Yevropadagi Polsha, Vengriya, Chexoslovakiya, Ruminiya, Albaniya, Bolgariya, Yugoslaviya Ittifoqi va Germaniya Demokratik Respublikasida o‘ziga tobe sotsialistik tuzumlar shakllantirdi. 1988-1989 yillarga kelib ushbu davlatlarda ham sotsialistik tuzumga nisbatan noroziliklar pishib yetilib keldi va ular sotsializmdan voz kechib, G‘arbga yuzlandi. Buning natijasida SSSR Sharqiy Yevropadagi bir nechta ishonchli sheriklaridan ayrildi.
Ana shu omillar natijasida paydo bo‘lgandan beri zo‘ravonlik siyosati ustiga qurilgan katta bir davlat quladi.
G‘ayrat YO‘LDOSh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:39 / 21.11.2024
SSSR tarixidagi eng yirik o‘g‘rilik: qatl etilgan amakivachchalar
14:58 / 03.11.2024
G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari: Britaniyaga qochgan sovet mayori
14:21 / 20.10.2024
AQShga qochgan diplomat: okean ortidan siyosiy boshpana so‘ragan sovet amaldori
16:15 / 17.10.2024