O‘zbekiston | 10:09 / 04.01.2020
74739
2 daqiqa o‘qiladi

O‘quv yilining ikkinchi yarim yili uchun kontrakt miqdorlari o‘zgarishi mumkin - vazirlik

Foto: KUN.UZ

Prezidentning 2019 yil 31 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 fevraldan boshlab budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar hamda kam ta'minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam miqdori 7 foizga oshirildi.

Oliy ta'lim muassasalarida o‘qitish xarajatlarining asosiy qismini, ya'ni 91 foizini ish haqi va stipendiya to‘lovlari tashkil etishi inobatga olinib, 2019/2020 o‘quv yilidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati respublikadagi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga bog‘landi va unga nisbatan karra barobarida belgilandi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabarida aytilishicha, amaldagi tartibga ko‘ra kontrakt asosida o‘qitishning to‘lov miqdori (oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdori bundan mustasno) mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga mutanosib ravishda joriy o‘quv yilining ikkinchi yarmi uchun o‘zgarishi mumkin.

«Shu munosabat bilan, 2019/2020 o‘quv yilining ikkinchi yarim yili uchun oliy ta'lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatlariga o‘zgartirish kiritilganda qo‘shimcha ma'lumot beriladi», - deyiladi OO‘MTV axborot xizmati ma'lumotida.

Mavzuga oid