Ishtixondagi maktab voqeasi: Chindan ham o‘quvchi kaltaklanib, ikkinchi qavatdan tashlab yuborilganmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Ishtixon tumanidagi 3-umumta'lim maktabi o‘quvchisi bilan bog‘liq noxush voqea haqda xabarlar tarqaldi. Dastlab Samarqand viloyat xalq ta'limi boshqarmasi qisqacha rasmiy ma'lumot bilan chiqdi.
«Ishtixon tumanidagi 3-umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘quvchisining maktab o‘qituvchisi tomonidan kaltaklangani to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma'lumot yuzasidan munosabat:
Ijtimoiy tarmoqlarda 2019 yilning 28 dekabr kuni Ishtixon tumanidagi 3-umumta'lim maktabi o‘quvchisi S.Qarshiboyevning maktab direktori o‘rinbosari A.Ro‘ziyev tomonidan kaltaklangani to‘g‘risida ma'lumotlar tarqaldi.
Bu haqda shuni ma'lum qilamizki, mazkur holat yuzasidan ayni paytda tuman prokuraturasi hamda ichki ishlar idorasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Hodisaga to‘liq aniqlik kiritilgach, batafsil ma'lumot beriladi», deyiladi ma'lumotda.
Holatga aniqlik kiritish uchun mazkur tumanda bo‘ldik.
Ishtixon tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi Olimjon Xo‘jamov hamda jarohatlari bo‘limi vrachi Ma'sud Qilichev o‘quvchi S.Qarshiboyevning tibbiy ahvoli haqda so‘zlab berdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, 28 dekabr kuni shoshilinch ravishda olib kelingan Qarshiboyev tezda shoshilinch tibbiy bo‘limga yotqizilgan. Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, o‘ng bilak suyagining tipik yopiq sinib siljishi tashxisi qo‘yilgan. Qat'iy yotoq rejimi va tinchlik holati belgilangan. Bemor tegishli standartlar bo‘yicha ikki hafta statsionar davolanadi, keyinchalik reabilitatsiya jarayoni ham olib boriladi. Bu jarayon uch oygacha davom etishi mumkin. Bu tashxis bilan bemor to‘liq sog‘ayib ketishi kutilmoqda.
O‘rganish davomida o‘quvchining yaqinlari hamda maktab jamoasining fikri tamoman bir-biriga zid ekani e'tiborni tortdi. Ya'ni, bolaning yaqinlari u direktor o‘rinbosari tomonidan kaltaklanib, 2-qavatdan tashlab yuborilgani, shu sababdan IIBga murojaat qilishganini aytishmoqda. Maktab jamoasi esa aksincha, o‘quvchi direktor o‘rinbosarini qo‘rqitish uchun derazaga chiqib olgani ammo keyin tushib ketgani, direktor o‘rinbosari uning tushib ketmasligi uchun sumkasidan mahkam ushlagani, ammo sumka yirtilgach, u pastga tushib jarohat olganini aytishmoqda.
Aslida sud-tibbiy ekspertizadan keyin boladagi jarohatlarning qay biri kaltaklanish, qay biri yiqilish yoki boshqa sababdan ekani oydinlashadi. Ungacha, xulosa chiqarishga shoshilmasdan, tomonlarning fikrlarini shundayligicha havola etamiz.
Dilshod Pirnazarov, o‘quvchining otasi:
- O‘g‘limning xulqi yomon emas, hech qachon o‘qituvchilar shikoyat qilmagan. To‘satdan o‘g‘lingiz shifoxonada ekan, deb xabar berishdi. Kelsam hushsiz ahvolda yotibdi. Eshitishicha, 28 dekabr kuni maktabda bayram tashkillashtirilgan ekan, kimdir maktabda pirotexnika vositasi portlatgan, maktab direktori o‘sha joyga yugurib kelganida o‘g‘lim bo‘lgan, «men qilmadim» deyishiga qaramasdan ikkinchi qavatga olib chiqib kaltaklagan. O‘g‘lim o‘qituvchini qo‘rqitish uchun derazaga chiqqanida kelib itarib yuborgan. Yiqilmaslik uchun bolam o‘qituvchining sumkasidan ushlab olgan. Ammo baribir tushib ketgan.
Bemorning akasi ham shu mazmunda gapirib, o‘qituvchi bolani qattiq kaltaklagani va ikkinchi qavat derazasidan itarib yuborgani, azaldan u bolalarni kaltaklab kelgani haqda gapirdi.
3-umumta'lim maktabida bo‘lganimizda, maktab direktori, psixolog va boshqa o‘qituvchilar o‘z fikrlarini bildirishdi.
Pedagoglarning barchasi «zamdirektor» o‘sha kuni bolani ushlab olishga harakat qilgani, bola pastga sakramoqchi bo‘lganida sumkasidan ushlashga ulgurgani, ammo o‘quvchi baribir siltanib, chiqib ketib pastga qulaganini aytishmoqda.
Ularning o‘qituvchi bolaga qo‘l ko‘tarmasligi lozimligi, ammo ba'zan o‘ta og‘ir xulqli o‘quvchilar har qanday odamni quyushqondan chiqarib yuborishini ta'kidlab o‘tishdi. O‘quvchi S.Qarshiboyev bilan direktor o‘rinbosari o‘rtasida o‘sha kuni paydo bo‘lgan ziddiyat to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘quvchining xulqi bilan ham bog‘liqligi, bolaning o‘zini tutishi, axloqi yuzasidan o‘qituvchilarda bir necha marta shikoyatlar bo‘lgani, maktab psixologi individual suhbatlar o‘tkazgani, otasiga bir necha marta bolaning tarbiyasi masalasida gaplashib olish uchun maktabga taklif etib xat yozilgani, afsuski ota biror marta kelmagani aytildi.
«Ammo har qanday holatda ham o‘qituvchi yosh bolani 2-qavatdan tashlab yuboradigan darajadagi odam emas», deyishmoqda maktab jamoasi vakillari.
Ikki tomonning voqea bo‘yicha fikri bir-biriga butunlay teskari. Tez orada aslida nima bo‘lgani oydinlashishi kutilmoqda. Tuman IIB xodimlari holat yuzasidan tergovoldi harakatlari davom etayotgani, qolaversa, ekspertiza xulosalari ham ko‘p narsaga aniqlik kiritishi ma'lum qilindi.
Yana bir jihat hozircha savol ostida turibdi. Tuman IIB tomonidan berilgan ma'lumotga ko‘ra, voqea 28 dekabrda sodir bo‘lgan. O‘sha sana bilan o‘quvchining otasi va yana bir necha yaqin qarindoshlari uning yiqilib tushib jarohat olgani haqda tilxat yozib, hech kimga da'vosi yo‘qligini aytishgan. Ammo oradan olti kun o‘tib IIBga ariza bilan murojaat qilishgan.
Anvar MUSTAFOQULOV, Kun.uz muxbiri.
Faxriddin HOTAMOV, tasvirchi.
Mavzuga oid
12:00 / 27.11.2024
So‘rovnoma: Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni kamaytirish uchun nimalar qilish kerak?
09:52 / 26.11.2024
10 oyda salkam 16 ming kishi oiladagi zo‘ravonlik uchun javobgarlikka tortildi
17:03 / 25.11.2024
O‘zbekistonda «Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun faollik» tadbirlariga start berildi
19:44 / 18.11.2024