O‘zbekiston | 18:50 / 05.01.2020
10822
2 daqiqa o‘qiladi

TIV Amsterdamdagi namoyish vaqtida yiqilib, jarohat olgan o‘zbekistonlik akrobatlarning ahvoli haqida ma'lumot berdi

Tashqi ishlar vazirligi Amsterdamdagi namoyish vaqtida 10 metr balandlikdan yiqilgan o‘zbekistonlik akrobatlarning ahvoli haqida ma'lumot berdi.

«O‘zbekistonning Benilyuks davlatlaridagi elchixonasi 3 yanvar, juma kuni Amsterdam shahrida (Niderlandiya) sirk shousidagi o‘z chiqishi chog‘ida 10 metr balandlikdan qulab tushgan akrobatlar, O‘zbekiston fuqarolari Kristina Vorobeva va Rustam Osmanov Amsterdam Medical Center tibbiyot majmuasiga yotqizilganligini xabar qildi.

Vaziyat elchixona nazoratiga olingan. Zarur yordamni ko‘rsatish uchun konsullik bo‘limi xodimi Amsterdam shahriga jo‘nab ketdi.

Kristina Vorobeva ikki bor operatsiya qilindi va uchinchi jarrohlik amaliyotini o‘tkazish masalasi hal qilinmoqda. Turmush o‘rtog‘i Rustam Osmanovning sog‘lig‘i barqaror deb baholanmoqda», deyiladi xabarda.

O‘zbekistonlik akrobatlar Kristina Vorobyova va Rustam Osmanov 3 yanvar kuni Niderlandiya poytaxti Amsterdamdagi Karre teatrida namoyish vaqtida balandlikdan yiqilib tushgandi.

Qayd etilishicha, baxsiz hodisa Rustam Osmanov Kristina Vorobyovani bir qo‘li bilan ushlab, ikkinchisini bo‘shashtirganda yuz bergan. Ular birgalikda 10 metr balandlikdan yiqilgan. Vorobyova chalqancha tushib, qimirlamay qolgan. Tomoshabinlar buni namoyishning bir qismi deb o‘ylagan. Keyinroq boshlovchi ulardan zalni tark etishni so‘ragan. O‘shanda akrobatlarning ahvoli og‘irligi aytilgan edi.

Keyinroq Madaniyat vazirligi Kristina Vorobyova va Rustam Osmanovning ahvoli og‘ir emasligini ma'lum qildi.

Mavzuga oid