Jahon | 08:30 / 05.01.2020
18145
2 daqiqa o‘qiladi

Tripoliga zarba berilishi oqibatida 28 kursant halok bo‘ldi

© Manu Brabo/AP Phot

4 yanvar kechki payt Liviya poytaxti Tripolidagi harbiy kollej zarbaga uchrashi oqibatida kamida 28 kadet halok bo‘ldi, 18 nafari jarohat oldi. Afrigatenews portalining xabar berishicha, bu haqda Facebook’da Milliy kelishuv hukumati vakillari ma'lum qilishgan.   

Ma'lumotlarga ko‘ra, shaharning kollej joylashgan Al-Hadba tumani zarbaga uchragan. 

Milliy kelishuv hukumati talabalarning o‘limi uchun javobgarlikni marshal Xalifa Haftar boshchiligidagi Liviya milliy armiyasi zimmasiga yuklagan. Kadetlar halok bo‘lgani ma'lum qilingandan keyin Tripoli, Misurat va Zuvar shaharlarida ushbu hujumni qoralovchi namoyishlar boshlangan.

Ayni vaqtda Liviyada qo‘shhokimlik hukm surmoqda: G‘arbda BMT tomonidan tan olingan Fayoz Saroj boshqaruvidagi Liviya milliy kelishuv hukumati (poytaxti Tripoli) va sharqda Abdulla Abdurrahmon as-Soniy boshqaruvidagi muvaffaqt parlament hukumati (poytaxti Beng‘ozi). Sharqdagi hukumat Xalifa Haftar armiyasiga tayanadi. 2019 yilning aprelida Tripoli tomon yurish boshlagan Haftar 12 dekabr kuni yurishning hal qiluvchi bosqichi boshlanganini e'lon qilgandi.

Mavzuga oid