Jahon | 08:40 / 05.01.2020
76860
13 daqiqa o‘qiladi

«Vijdondan boshqa hamma narsani sotish mumkin» - Saakashvili Gruziyani qanday o‘zgartirgan edi?

2003 yil noyabr oyida Gruziyada «rangli inqilob» natijasida iqtidorga kelgan Saakashvilining nomi eslanganda uning Gruziyada amalga oshirgan islohotlari yodga tushadi. Xo‘sh, u qanday ishlarni amalga oshirgan edi?

Saakashvili korrupsiyaga qarshi

Gruziya prezidenti bo‘lgach, Saakashvili mamlakatdagi jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurash olib borishini ma'lum qildi.

U eng avval yong‘in xavfsizligi, yo‘l harakati xavfsizligi, sanitar-epidimologiya xizmati va davlat statistika qo‘mitasini tugatdi va u yerda ishlayotgan xodimlarni ommaviy tarzda ishdan bo‘shatdi. O‘shanda birgina yo‘l harakati xavfsizligidan 13 ming nafar xodim ishdan bo‘shatilgandi.

Oradan bir necha oy o‘tib yo‘l harakati xavfsizligi xizmati uchun yangi xodimlar ishga olindi. Ularni ishga qabul qilishda vijdonan ishlash talabi qo‘yildi va yaxshi maosh tayinlandi. So‘nggi rusumdagi «Wolkswagen Passat», «Opel» va «Skoda» avtomobillari berildi.

Xodimlarga maosh tayinlashda «maoshi kam bo‘lsa u baribir korrupsiyaga aralashadi, demak, bu omilni albatta inobatga olish kerak», degan ham aynan Saakashvilining o‘zi edi.

Boshqa davlat tashkilotlari va tuzilmalarida ham qisqa muddatda keskin islohotlar o‘tkazildi. Masalan, Adliya vazirligida yoshi keksa xodimlarning aksariyati ishdan bo‘shatilib, ularning o‘rniga yosh kadrlar ishga olindi.

Pora olib qo‘lga tushgan amaldorlarni TV orqali ko‘rsatish amaliyoti boshlandi.

2012 yilda yana bir korrupsiya urchigan soha — avtomobilarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish bekor qilindi.

IIVni isloh qilish va jinoyatchilikka qarshi kurash

Saakashvili 2004 yilda Ichki ishlar vazirligini qayta tuzdi. Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Davlat chegarasini qo‘riqlash departamenti tugatilib, ularning vakolati IIVga berildi.

Bir nechta tuzilmaning qisqartirilishi mansabdor shaxslar kamayishiga, budjet mablag‘lari tejalishiga sabab bo‘ldi.

O‘shanda, Gruziya IIV xodimlarining umumiy soni 75 mingdan 26 minggacha kamaytirilgandi.

IIV qoshidagi iqtisodiy jinoyatlarni taftish etish departamenti ham tugatildi va uning vakolati Moliya vazirligi qoshida ochilgan moliya politsiyasiga berildi.

Yangi tashkil etilgan IIV tarkibida tergovchi shtati ham tugatildi. Uning vazifasini uchastka noziri amalga oshiradigan bo‘ldi. Bahsli masalalarni detektivlar ko‘ra boshladi.

IIV tarkibidagi xodimlarning korrupsiya holatlarini fosh etish uchun vazirlikning o‘zida maxsus inspeksiya tashkil etildi.

IIVning markazlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun hududiy va mahalliy politsiya idoralariga mustaqil ravishda kadr tanlash va moliyaviy siyosatni amalga oshirish vakolati berildi.

Saakashviligacha Gruziyada jinoiy guruhlar, politsiya, korrupsiyalashib ketgan hokimiyat amaldorlari va siyosatchilar o‘zaro hamkorlikda ishlar edi. Shu tufayli aholi aksariyat hollarda himoyani politsiyadan emas, jinoiy to‘dalardan izlar edi.

IIV isloh qilinishi natijasida bu mamlakatda 2010 yilga kelib politsiyaga ishonch 87 foizgacha ko‘tarildi.

IIVning isloh qilinishi tez fursatda o‘z mevasini bera boshladi va qisqa muddatda mamlakatda mudhish jinoyatlar soni kamaydi.

Har qanday huquqbuzarlikni ro‘yxatga olish majburiy qilib qo‘yildi. Politsiyaning har qanday xizmatga chiqishi huquqbuzarlikni taftish qilishga chiqish sifatida qaraladigan bo‘ldi.

Gruziyada odam va mashina o‘g‘irlash yo‘qoldi. Sababi, o‘shangacha bu ish bilan asosan jinoiy to‘dalar bilan hamkorlik qilgan organ xodimlari shug‘ullangan.

Politsiyachilar qo‘rqinchli va zo‘ravon emas, balki odamlarga turli muammolarni hal qilishda yordam beradigan shaxslarga aylandi. Shundan so‘ng fuqarolar, politsiya jamiyatda hukmronlik qiladigan kuch emas, balki uning muhim bir qismi ekanini angladi.

Gruziyadagi milliy masalalar

Bu masalada Eduard Shevardnadze Saakashviliga og‘ir «meros» qoldirgan edi.

Saakashviligacha mamlakat shimolidagi Janubiy Osetiya muxtor viloyati va shimoliy-g‘arbidagi Abxaziya muxtor respublikasi 1990-yillardayoq o‘zini mustaqil deb e'lon qilib, allaqachon Gruziya tarkibidan bir tomonlama ajralib chiqib bo‘lgan edi.

Albatta, Saakashvili ularni Gruziya tarkibiga kuch bilan bo‘lsa ham qaytarishni xohlar edi. Ammo, prezidentlikning ilk yillarida unda buning imkoni yo‘q edi.

Saakashvili prezident bo‘lib saylanganidan keyin Gruziya tarkibidagi yana bir muxtor hudud — Ajariya viloyati (markazi Batumi) 2004 yil aprel oyida Gruziyadan ajralib chiqish uchun bosh ko‘tardi.

Ammo, Saakashvili Ajariyadagi isyon keng yoyilmasidan uni bostirishga ulgurdi. O‘shanda, Ajariyaning bosh ko‘tarishiga sabab, uning prezidenti Aslan Abashidze Shevardnadze bilan juda iliq munosabatlarga ega bo‘lgan.

Shevardnadzening taxtdan quvilishi Abashidzega aks ta'sir ko‘rsatadi va u markaziy hukumatga qarshi isyon boshlaydi. Isyon bostirilgach u Moskvaga qochib ketadi.

Gruziya-Rossiya urushi

Hokimiyatga kelgan ilk yillaridan boshlab Gruziyani birlashtirishni reja qilgan Saakashvili nihoyat 2008 yil avgust oyida o‘z maqsadiga yetishish uchun urinib ko‘rdi.

2008 yil 8 avgust tunida, Gruziya harbiylari Janubiy Osetiya poytaxti Tsxinvali shahrini artilleriya orqali o‘qqa tutadi. So‘ng armiya shaharga bostirib kiradi.

Kutilmaganda vaziyatga Rossiya aralashadi va «Janubiy Osetiyadagi vatandoshlarni himoya qilish» vaji ostida zudlik bilan bu hududga Rossiya harbiylari kiritiladi. Bo‘lib o‘tgan janglarda Gruziya harbiylari yengiladi.

Saakashvili esa 14-16 avgust kunlari Rossiya, Janubiy Osetiya, Abxaziya prezidentlari imzolagan va Gruziya uchun o‘ta sharmandali bo‘lgan sulhga imzo chekishga majbur bo‘ladi.

O‘sha yili, 26 avgustda Rossiya Abxaziya va Janubiy Osetiyaning mustaqilligini tan oldi.

Bunga javoban, 2008 yil 2 sentyabrda Gruziya Rossiya bilan diplomatik aloqalarni uzdi va Moskvadan o‘z elchisini chaqirib olib, Tbilisidagi Rossiya elchisini majburiy tarzda mamlakatdan chiqarib yubordi. Shu tariqa, Saakashvilining Gruziyani birlashtirish haqidagi rejalari chippakka chiqdi.

Gruziya-Rossiya munosabatlari o‘shandan beri, hanuz sovuq holda qolmoqda.

Sayyohlikning rivojlanishi

Saakashvili mamlakatda sayyohlikni rivojlantirishga ham katta e'tibor qaratdi. Gruziyaga ko‘proq sayyohlarni jalb qilish maqsadida ko‘plab mamlakatlar fuqarolari uchun viza talabi bekor qilindi.

Bugungi kunda Gruziya MDH davlatlari orasida xorijlik sayyohlar vizasiz kirib kelishlari uchun eng yaxshi imkoniyat taqdim etayotgan davlat hisoblanadi. Bu mamlakatga 100dan oshiq davlat fuqarolari vizasiz kirib kela oladi.

Shuningdek, sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish uchun xorijdan ko‘plab investorlar jalb qilindi. Buning natijasida Gruziya qisqa vaqtda sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan davlatlardan biriga aylandi.

Ma'lumot o‘rnida: Aholisi 4 millionga ham yetmaydigan Gruziyaga, 2018 yilda 8,7 milliondan oshiq sayyoh kelgan.

Gruziyaning sayyohlik sohasida erishayotgan muvaffaqiyatlariga aynan Saakashvili boshlab bergan islohotlar sabab bo‘lgan deb bemalol aytish mumkin.

Saakashvilining iqtisodiy islohotlari

Saakashvili chuqur iqtisodiy islohotlarni ham o‘tkazdi. U soliqlarni kamaytirish, davlat sektoridagi korxona va tashkilotlarni xususiylashtirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga katta e'tibor berdi.

Ungacha Gruziyada 20 turdagi turli soliqlar bo‘lgan. Saakashvili undan bor yo‘g‘i yettitasini qoldirib, qolganini bekor qildi. Iqtisodiy rivojlanish vaziri etib Kaxi Bendukidze tayinlandi.

Bendukidze Gruziya iqtisodiyotini rivojlantirish uchun o‘tkazilgan islohotlarda bosh-qosh bo‘ldi. U, ayniqsa xususiylashtirish jarayonini yaxshi olib bordi.

Masalan, Saakashviligacha Gruziyada energetika taqchilligi bor edi. Mamlakat aholisiga elektr energiyasi soatlab berilar edi.

Saakashvilining ilk rahbarlik yillarida mamlakatdagi energiya tizimidagi korxona va tashkilotlar xususiylashtirilib xorijiy kompaniyalarga sotildi.

Xorijliklar tomonidan investitsiya kiritilib, sohada muhim islohotlar o‘tkazilgandan so‘ng, oradan ikki yil o‘tib Gruziya mamlakat aholisini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlab, ortgan energiyani qo‘shni davlatlarga ham eksport qila boshladi.

«Chiaturmarganets», Rustavi metallurgiya kombinati, Madleul tog‘-kon boyitish kombinati, Poti dengiz porti va yana boshqa ko‘plab yirik korxonalar o‘sha paytda xorijlik investorlarga sotildi. Buning natijasida mamlakatga kirib kelayotgan xorijiy investitsiyalar oqimi keskin ko‘paydi.

«Gruziyada vijdondan boshqa hamma narsani sotish mumkin», degan mashhur ibora ham aynan Bendukidzega tegishli.

Shuningdek, Saakashvili islohotlarni boshlaganda turli sohalardagi ishdan bo‘shagan xodimlarga tovon puli to‘lash uchun rivojlangan davlatlardan katta miqdorda yordam puli oldi.

Eng katta yordam pulini AQSh berdi.

Ta'lim islohotlari

Saakashvili boshqa sohalar qatori ta'lim tizimini o‘zgartirishga ham katta e'tibor berdi.

Avvalo maktablarda ingliz tilidan dars soatlari ko‘paytirildi va majburiy fan sifatida o‘qitiladigan fanlar sirasiga kiritildi. Ta'lim tizimiga xorijdan ko‘plab o‘qituvchilar jalb etildi. Xorijiy tillardan dars beradigan va kompyuter bilan ishlashni biladigan o‘qituvchilar maoshi sezilarli darajada oshirildi.

«Nega maktablarda ingliz tilini o‘qitish muhim darajaga chiqdi», degan savolga Saakashvili shunday javob qaytargandi: «Har bir gruziyalik o‘quvchi zamonaviy bilimlarni egallashi kerak. Buni ingliz tilini yaxshi o‘rganmasdan amalga oshirish qiyin. Agar dunyoga chiqmoqchi bo‘lsak ingliz tilini albatta bilishimiz kerak».

2010 yilda Saakashvili maktab o‘quvchilariga noutbuk tarqatish g‘oyasini ilgari suradi va o‘sha yili bir nechta maktabda bu ish amalga oshiriladi. 2011 yilda esa butun Gruziya bo‘ylab, birinchi sinfga borgan har bir o‘quvchiga davlat tomonidan bepul noutbuklar tarqatildi.

O‘quvchilarga tarqatilgan noutbuklarda asosan o‘quv dasturlari, turli xorijiy tillarni o‘rganish, matematika va turli fanlarni o‘yinlar yordamida o‘zlashtirish dasturlari o‘rnatilgan edi.

Gruziyada bugun ham o‘sha dastur ishlayapti va birinchi sinfga boradigan o‘quvchilarga noutbuk tarqatilyapti.

Ma'lumot o‘rnida: 2017 yilda, birinchi sinfga borgan o‘quvchilarga 50,3 ming dona noutbuk bepul berilgan. Gruziyada har 15-18 o‘quvchiga bir nafar o‘qituvchi to‘g‘ri keladi.

Xulosa

Umuman olganda, Saakashvili Gruziya rahbari bo‘lib ishlagan yillarida mamlakatni sobiq ittifoqdan qolgan eski tizim bilan boshqariladigan qoloqlik botqog‘idan chiqara oldi. Bugun dunyoning ko‘plab mamlakatlari Gruziyada Saakashvili o‘tkazgan islohotlarga havas bilan qaraydi.

Albatta, Saakashvilida ham xatolar bo‘lgan. Zero, hech bir inson xatodan xoli emas.

Tahlilchilar Saakashvilining eng katta xatosi — vaziyatni inobatga olmay Janubiy Osetiyani bo‘ysundirish uchun harbiy harakatlar boshlagani va oqibatda Rossiya bilan urushgani, deb bilishadi.

Saakashvilining yutug‘i shundaki, hatto bugungacha ayrim possovet respublikalari eskicha boshqaruv tizimidan qutula olmay yurganida u Gruziyani undan qutqara olgan edi. Balki shuning uchun u o‘z kuchiga oshiqcha baho berib yuborgandir.

Tarix mag‘lubiyatlarni uncha-bunchada eslamaydi, g‘alabalarni esa har kun eslaydi.

Shu uchun ham bugun aksariyat odamlar Saakashvilini Rossiya bilan bo‘lgan noteng urushda yengilganini emas, balki Gruziyani qanday qilib yorug‘ kunlarga olib chiqqani haqida ko‘proq eslayapti.

G‘ayrat YO‘LDOSh tayyorladi.

Mavzuga oid