O‘zbekiston | 20:00 / 06.01.2020
32584
3 daqiqa o‘qiladi

Muzlama tufayli Taxtaqoracha dovonida transport harakati yana cheklandi

Foto: Samarqand viloyat IIB YHXB

6 yanvar kuni Samarqand viloyatining Urgut tumanidan Qashqadaryo viloyatiga o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega M-39 «Olmaota–Toshkent–Termiz» avtomobil yo‘lining Taxtaqoracha dovonidan o‘tgan qismida harakat yana vaqtincha to‘xtatildi.

Samarqand viloyat IIB YHXBning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, yo‘lning 1132–1135 km.larida qorning qalinligi 30 sm.dan oshib, qatnov qismida muzlama hosil bo‘lgan, qor yog‘ayotgani natijasida ko‘rish masofasi cheklangan.

«Shuningdek, yo‘lning Qashqadaryo viloyati hududidan o‘tgan qismida ham qor qalin yog‘ib, muzlama hosil bo‘lgani sababli Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 2020 yil 6 yanvardagi 1/26-sonli xatini inobatga olgan holda avtotransport vositalarining harakatlanishi soat 18.00da vaqtincha to‘xtatildi», – deyiladi boshqarma axborotida.

Yo‘lning Taxtaqoracha dovonidan o‘tgan qismida harakat xavfsizligini ta’minlash  maqsadida:
•    yo‘lni qordan tozalash uchun 2ta avtogreyder;
•    yo‘lga qum sepish uchun 4 ta«MAN» yuk avtomobillari;
•    Samarqand yo‘llardan muntazam foydalanish unitar korxonasidan 16 nafar ishchi;
•    viloyat IIB YHXBdan 8 nafar xodim va 4ta patrul avtomashinasi;
•    viloyat FVBdan 6 nafar xodim va 2ta avtotransport vositasi jalb qilingan.

Hozirgi vaqtda barcha transport vositalarining harakati A-378 «Samarqand–G‘uzor» avtomobil yo‘li orqali tashkil etilgan.

Samarqand viloyat IIB YHXB haydovchilardan transport vositasini boshqarish chog‘ida hushyor bo‘lishni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, «Taxtaqoracha» dovonidan o‘tgan yo‘l 4 yanvar kuni ham yopilib, 5 yanvar tongida qayta ochilgan edi.

Mavzuga oid