O‘zbekiston | 02:14 / 08.01.2020
17031
3 daqiqa o‘qiladi

Zoyir Mirzayev Qashqadaryo viloyatidagi yil yakunlari va kelgusi rejalar haqida (Video)

Avval xabar qilinganidek, Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev OAV xodimlari va blogerlar ishtirokidagi brifingda 2019 yil yakunlari va 2020 yilga bag‘ishlangan rejalar xususida ma'lumot berdi.

 

Ta'kidlanishicha, Qashqadaryo viloyatining respublika yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 7,3 foizni, sanoat mahsulotlarida 6,1 foizni, qishloq xo‘jaligida 9,5 foizni, chakana savdo aylanmasida 6,1 foizni tashkil etadi. Viloyatning yillik budjet daromadlari rejasi jami 5 trillion 871 milliard so‘m, mahalliy budjet 3 trillion 474 milliard so‘m bo‘lib, o‘tgan davrda mahalliy budjetga qo‘shimcha 411,3 millard so‘m soliq tushumlari tushirilgan.

Viloyat rahbari barcha yo‘nalishlar bo‘yicha erishilgan natijalar bo‘yicha ma'lumot berarkan, muammolar to‘planib qolgan sohalarga ham birma bir to‘xtalib o‘tdi. Ularning yechimi bo‘yicha rejalarini ma'lum qildi.

Shuningdek, tadbirkorlik sohasi tahlil etilarkan, viloyat hokimi 28 kunda 400 nafar tadbirkor turli muammolar bilan murojaat qilgani, aksariyat murojaatlarda ozgina e'tibor bilan hal etish mumkin bo‘lgan muammolar ham tadbirkorlar faoliyatiga haligacha to‘siq bo‘lib turganini ta'kidladi. Brifingda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi pastligi ham tanqid qilindi. Aytilishicha, aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 6 million so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich Respublikada 7,2 mililon so‘mni tashkil etadi.

Viloyat rahbarining ma'lum qilishicha, Qashqadaryoda turizm xizmatlari ko‘rsatish darajasi ham past. Mazkur yo‘nalishdan keladigan yillik tushum 2,1 milliard so‘mni tashkil etadi. Bu viloyat yalpi hududiy mahsulotining 0,6 foizini tashkil etadi (bir foiz ham emas). Z.Mirzayev ayniqsa mehmonxonalar yetishmasligiga to‘xtalib, Shahrisabzda o‘tgan xalqaro anjumanda mehmonxonalardan bo‘sh joy topish qanchalik muammo bo‘lganini esga oldi.

Ta'kidlanishicha, mazkur muammoga yechim bor. To‘g‘ri, oliy darajadagi besh yulduzli mehmonxonalar qurish taklifini hamma ham bermaydi. Ammo standart talablarga javob beradigan, nisbatan arzon mehmonxonalar barpo etib muammoni yumshatish mumkin, deya taklif bildirildi.

Oldinroq viloyat rahbarining Qashqadaryoda umumta'lim maktablaridagi qatnov sig‘imi hamda viloyatdagi yashirin ish o‘rinlarini legallashtirish xususidagi fikrlari e'lon qilingandi.​​​​​

Анвар Мустафоқулов
Tayyorlagan Анвар Мустафоқулов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid