Ohangaronda «Qo‘qon-Toshkent» yo‘nalishida qatnagan haydovchining murdasi topildi. Jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda “Qo‘qon-Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab qatnovchi haydovchi yo‘qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura ushbu holat yuzasidan ma'lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2020 yil 6 yanvar kuni Farg‘ona viloyati, Dang‘ara tumani, Toshkent ko‘chasida yashovchi B.D. Ohangaron tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, unda 1962 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i K.Y. 2020 yil 5 yanvar kuni soat 15:00larda ishonchnoma asosida boshqaruvida bo‘lgan, oq rangli “Kobalt” rusumli avtomashinada “Qo‘qon-Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab kira qilish maqsadida uyidan chiqib ketganligini ma'lum qilib, uni topishda amaliy yordam berishni so‘ragan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, bedarak yo‘qolgan K.Y. 2020 yil 5 yanvar kuni soat 23:00larda Toshkent shahar, Bektemir tumanida joylashgan “Vodiy” avtobekatidan Farg‘ona viloyati, Dang‘ara tumaniga ketish uchun o‘zining boshqaruvidagi avtomashinada yo‘lga chiqib, shu kuni soat 23:52da qizi U.P. bilan o‘zining uyali telefoni orqali gaplashganida, “Ohangaron”dan Beshariq tumaniga yo‘lovchi olib qaytayotganligini ma'lum qilganligi, shundan keyin uning telefoni o‘chirilib, uyiga yetib bormaganligi aniqlangan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 2020 yil 7 yanvar kuni soat 18:00larda bedarak yo‘qolgan K.Y.ning boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashina Ohangaron shahar, Yangiobod mahallasi, Alpomish ko‘chasidagi uyning oldidagi ko‘chada turganligi aniqlangan.
Hodisa joyi va avtomashina ko‘zdan kechirilib, avtomashina saloni va yukxonasidan qonga o‘xshash qizg‘ish dog‘lardan namunalar va o‘rindiq jildlari ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Ushbu holat yuzasidan 2020 yil 7 yanvar kuni Ohangaron shahar prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 2-qismi “i” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.
Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari jarayonida, K.Y.ning murdasi 2020 yil 8 yanvar kuni uning avtomashinasi topilgan joyidan 18 km.da uzoqlikda, ya'ni Ohangaron tumani, Telov mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi “Angren” daryosi ustidan o‘tuvchi “Nurobod-Telov” avtomobil yo‘lidagi ko‘prikdan o‘ng tomonga, daryo o‘zani chap tomoni bo‘ylab 1,2 km. ichkarida, chakalakzorlar orasida badanining oldi tarafida 7 marotaba hamda orqa tomonida 7 marotaba o‘tkir tig‘li jism bilan yetkazilgan tan jarohatlari bilan topilgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, K.Y.ning o‘limi qo‘shma jarohat: bosh miya yopiq jarohati, ko‘krak old-orqa va yonbosh, qorin sohalarida ko‘plab sanchilib kesilgan jarohatlari oqibatida kelib chiqqan tashqi va ichki qon ketishi natijasida yuzaga kelganligi ko‘rsatilgan.
Hozirda jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilmoqda, deyiladi Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi ma'lumotida.
Mavzuga oid
20:03 / 19.11.2024
“Ko‘p kayf qilib yuborganman” - 3 yashar bolaning qotili o‘sha kuni “glyuk”da bo‘lganini aytdi
21:47 / 15.11.2024
Qotil giyohvand bo‘lgan: 3 yoshli bolani o‘ldirgan erkak ustidan sud boshlandi
18:12 / 09.11.2024
Bir chuqurdagi ikki murda – Payariqdagi qotillik tafsiloti
10:59 / 04.11.2024