Jamiyat | 10:23 / 11.01.2020
52238
3 daqiqa o‘qiladi

Nishonda qo‘ylarning so‘yilishi voqeasi. Prokuratura aybdorlar jazolangani haqida bayonot berdi

Qashqadaryo viloyatida dalani payhon qilgan qo‘ylar so‘yib tashlangani haqida xabar berilgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur voqea bo‘yicha tarqalgan videoda viloyat qishloq xo‘jaligi inspeksiyasi boshlig‘i Akrom Aripovligi aytilgan mas'ul shaxs hokim Zoyir Mirzayevga ko‘rilgan chora to‘g‘risida hisobot berayotganini ko‘rish mumkin.

Keyinroq Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati qo‘ylarni so‘yish buyrug‘i viloyat hokimi tomonidan berilmagani va bu ish yuzasidan viloyat prokuraturasi shug‘ullanayotganini ma'lum qildi.

Qashqadaryo viloyat prokuraturasi ana shu voqea bo‘yicha bayonot berdi.

«Aniqlanishicha, videolavhada Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Aripov, Nishon tumani bo‘lim boshlig‘i A.Rahmatov, tuman IIB boshlig‘i D.Umarov, «Otamurod ota» fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Sh.Bobonazarov, g‘alla maydonini payhon qilgan 21 bosh chorva mollari egasi A.Azamatovlar ishtirokida viloyat hokimi topshirig‘iga ko‘ra, g‘alla maydonini payhon qilingani uchun fermer xo‘jaligi rahbari va payhon qilgan qo‘y egasiga tegishli 1tadan (jami 2 bosh) qo‘yni so‘yib, kam ta'minlangan oilalarga tarqatilishi holati aks ettirilgan», - deyiladi bayonotda.

O‘tkazilgan tekshiruv natijasiga ko‘ra, g‘alla ekinlarini payhon qilinganligi holati yuzasidan Nishon tumani ma'muriy sudining qaroriga asosan, A.Azamatov MJtKning 104-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga ogohlantirish e'lon qilinib, payhon natijasida yetkazilgan zarar qoplanishi ta'minlangan.

Shuningdek, A.Aripov va A.Rahmatovlar MJtKning 200-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun Nishon tumani ma'muriy sudiga yuborilgan.

Sudning 2020 yil 9 yanvardagi qaroriga ko‘ra, A.Aripov va A.Rahmatovlarga nisbatan jarima jazosi tayinlangan va ma'muriy huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan zarar to‘liq bartaraf qilinishi ta'minlangan.

Bundan tashqari, Nishon tumani IIB boshlig‘i D.Umarovning harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, uning harakatlari intizomiy kengashda ko‘rib chiqilishi belgilangan, deyiladi viloyat prokuraturasi bayonotida.

Mavzuga oid