Sport | 00:57 / 13.01.2020
21174
3 daqiqa o‘qiladi

VAR, chempionning qaytishi va ikkita penalti. O‘zbekiston - Xitoy o‘yinidan fotoreportaj

O‘zbekiston U23 jamoasi Tailanddagi Osiyo chempionatida ishtirokini davom ettirmoqda. Bugun vakillarimiz Xitoy bilan to‘qnash kelib 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. O‘yin har ikki jamoa uchun ham juda muhim edi. Chunki mag‘lub jamoaning keyingi bosqichdan umidini uzish ehtimoli yuqori edi. Xitoy O‘zbekistonga yengilgani sabab keyingi bosqichdan umidini uzdi. Endi ular oxirgi turda Eron bilan nomus uchungina o‘ynashlari mumkin.

Yigitlarimiz g‘alabani oson qo‘lga kiritishdi deb bo‘lmaydi. Hisobga qarab xulosa chiqarmaslik kerak, chunki Xitoy jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. O‘yin avvalida murabbiy tezkor gol urishga ko‘rsatma bergani sezildi va yigitlarimiz juda ko‘p hujum qilishdi. Ayniqsa Jasur Yaxshiboyev va Sanjar Qodirqulov faol bo‘ldi.

7-daqiqada futbolchilarimiz gol ham urishdi, ammo hakam ofsayd sabab «Nasaf» futbolchisi Husniddin Aliqulovning golini inobatga olmadi. Futbolchilarimiz butun taym davomida hujumkorlikni to‘xtatmay bo‘lim avvalida bu uchun mukofotlanishdi. O‘yinni juda yaxshi o‘tkazgan Oybek Bozorov birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqada jarima maydonchasiga kirib bordi va unga nisbatan qo‘pollik ishlatildi. Belgilangan penaltini Islom Qobilov golga aylantirdi.

Ikkinchi bo‘limni ham yigitlarimiz hujumkor boshlashdi. Aziz G‘aniyev olis masofadan ko‘p zarba yo‘llagan bo‘lsa, Jasur Yaxshiboyev o‘ng qanotdan himoyachilarga tinchlik bermadi. Taym o‘rtasida hakam xitoyliklar darvozasiga yana bitta penalti belgiladi. Bu gal hakam VARni ko‘rgandan so‘ng to‘p xitoylik futbolchining qo‘liga tekkanini ko‘rdi va penalti belgiladi. Ammo Islom Qobilov bu gal penaltidan foydalana olmadi, uning zarbasini darvozabon qaytardi.

Vakillarimiz baribir ikkinchi golni urishdi. Zaxiradan maydonga tushgan Nurillo To‘xtasinov o‘z nomiga gol yozdirib qo‘ydi. Hojiakbar Alijonov aldamchi harakati bilan himoyachini ortda qoldirib zarba yo‘lladi, lekin to‘pni xitoylik boshqa himoyachilar qaytarishdi. Qaytgan to‘p esa Nurilloga kelib tushdi va «Bunyodkor» futbolchisi zarbada adashmadi. Shu tariqa amaldagi chempion O‘zbekiston bu musobaqadagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritib o‘ziga xos tarzda qaytganini barchaga ko‘rsatib qo‘ydi. Quyida o‘yindan tayyorlangan fotogalereyani e'tiboringizga havola qilamiz.

Muhammadjon G‘aniyev olgan suratlar

Mavzuga oid