Jahon | 22:41 / 15.01.2020
61642
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning «qiyomat kuni» samolyoti ichidan namoyish qilindi

AQSh harbiy-havo kuchlarining havo qo‘mondonlik punkti E-4B Nightwatch samolyoti ichidan namoyish qilindi. «Qiyomat kuni» samolyoti deb ham ataluvchi qo‘mondonlik punkti uzoq masofalarga uchuvchi, ikki palubali Boeing 747-200 yo‘lovchi samolyoti negizida yaratilgan. 

Bugungi kunda AQSh armiyasida bunday samolyotdan to‘rtta bor. Ular mamlakatning birinchi shaxslari – prezident, mudofaa vaziri va oliy harbiy rahbariyatning boshqa a'zolari uchun yadro urushi boshlanishi, yerdagi boshqaruv tuzilmalari esa vayron bo‘lgan vaziyat uchun mo‘ljallangan. Shunda ushbu samolyotlar qo‘mondonlik punktlariga aylanadi.

Videoda samolyotning yuqori va o‘rta palubalari ko‘rsatilgan. Bu yerda har bir ish o‘rni kompyuter, aloqa vositalari bilan jihozlangan. Shu yerning o‘zida dam olish va uxlash mumkin. 

Samolyotda, shuningdek, maslahatlashuvlar xonasi va oshxona bor. E-4B’da yonilg‘i quyuvchi samolyotlardan yonilg‘i olishga mo‘ljallangan qurilma ham o‘rnatilgan. Buning evaziga samolyot bir hafta havoda qolishi mumkin.  

E-4B Nightwatch’ning ilk parvozi uzoq 1973 yil iyunida bo‘lib o‘tgan.

Mavzuga oid