Jahon | 00:53 / 18.01.2020
40104
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng kichik odam vafot etdi

Foto: guinnessworldrecords.com

Dunyodagi eng kichik odam - Xagendra Tapa Magar 28 yoshida vafot etdi. Bu haqda Ginness rekordlar kitobi saytida ma'lum qilindi. 

Xagendra Tapa Magar 1992 yilda Nepalda tug‘ilgan. U 67,08 santimetr bo‘y bilan mustaqil harakatlanish qobiliyatini saqlab qolgan dunyodagi eng kichik odam deb tan olingandi. U Ginnes rekordlar kitobiga 2011 yilda kiritilgan. Ta'kidlash joiz, Xagendra filippinlik Junrey Balauingdan 7 sm balandroq bo‘lgan, ammo Balauing o‘zi mustaqil yura olmaydi.

“Xagendra jamoatchilik e'tiboriga tezda tushib, 2011 yilda Nepalning turizm sohasidagi ko‘ngilli vakili etib tayinlangandi”, deb eslab o‘tilgan xabarda.

Xagendraning do‘stlari aytishicha, u oxirgi vaqtda astma, yurak bilan bog‘liq muammolarga qarshi kurashib kelgan. U 16 yanvarda Nepaldagi Manipal shifoxonasiga yotqizilgan va 17 yanvarda u yerda vafot etgan.

Endi o‘zi mustaqil harakatlana oladigan dunyodagi eng kichik odam maqomi 70,21 sm bo‘yga ega kolumbiyalik Eduardu Nino Ernandesga o‘tdi.

 

Mavzuga oid