Sport | 21:22 / 21.01.2020
22467
3 daqiqa o‘qiladi

Drulovich G‘aniyev bilan bellashganda. Saudiya bilan o‘yinoldi mashg‘ulotdan fotogalereya

Ertaga, 22 yanvar kuni O‘zbekiston U23 jamoasi Osiyo chempionati yarimfinalida Saudiyaga qarshi o‘ynaydi. Bugun Lyubinko Drulovich jamoasi yarimfinal oldidan yakuniy mashg‘ulotni o‘tkazdi.

«Alpine» sport majmuasida o‘tgan mashg‘ulot biroz kechroq boshlandi. Sabab Bangkok ko‘chalaridagi doimiy tirbandlik. Tailand poytaxtida tirbandlik haddan tashqari ko‘p bo‘lgani sabab buni bartaraf etish uchun maxsus xodimlar ham biriktirilgan. Shunday bo‘lsa-da, Bangkok ko‘chalarida mashinada «qanot yozib» yura olmaysiz.

Odatda kechqurun mashg‘ulotni o‘tkazadigan jamoa bejizga bu gal mahalliy vaqt bilan 17:00 ni tanlamagan deb o‘yladik. Chunki ertaga jamoa aynan shu vaqtda maydonga tushadi. Futbolchilar mashg‘ulotlarni ko‘tarinki ruhda o‘tkazishdi desak bo‘ladi. Faqat Bobur Abduxoliqov mashg‘ulot davomida diskomfort his qildi va biroz vaqt chetda o‘tirdi. Balki u OAV uchun ochiq bo‘lgan 15 daqiqalikdan so‘ng yana mashg‘ulotga qaytgandir, chunki murabbiylarning reaksiyasiga qaraganda, vaziyat jiddiy emasligi ko‘rindi.

Mashg‘ulot davomida bir narsa e'tiborni tortdi. Qizish mashg‘ulotlari boshida futbolchilar ikkitadan bo‘lib to‘pni bir-birlariga oshirib o‘ynashdi. Aziz G‘aniyevga esa jamoa bosh murabbiyi Lyubinko Drulovich sherik bo‘ldi. Murabbiy o‘z shogirdi bilan bellashgani ko‘yi to‘pni tushirmasdan u bilan o‘ziga xos musobaqaga kirishdi. Aytish joiz, Drulovich futbolchi sifatida yomon taassurot qoldirmadi.

Yana bir diqqatni tortgan narsa Abduvohid Ne'matovning oyoq bilan o‘yini bo‘ldi. Darvozabon xuddi Gvardiola yoqtiradigan posbonlar kabi to‘p bilan qo‘rqmay muomala qila olishini ko‘rsatdi. Darvozabonlar murabbiyi Mixail Naumov ham hamon yaxshi formada ekanini futbolchilar bilan qizish mashg‘ulotlaridagi harakatlaridan ko‘rdik.

Bir so‘z bilan aytganda, mashg‘ulotning OAV uchun ochiq bo‘lgan qismi ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Quyida mashg‘ulot jarayonidan tayyorlangan fotogelereyani e'tiboringizga havola qilamiz.

Muhammadjon G‘aniyev olgan suratlar

Mavzuga oid