O‘zbekiston | 17:07 / 25.01.2020
73267
4 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir o‘rinbosari: «Propiskani bekor qilish kerak»

Prezident ta'kididan keyin, hukumat va parlament a'zolari propiska rejimini ochiq tanqid qilishga o‘tishdi.

Xalqaro press-klubning prezident murojaatnomasiga bag‘ishlangan ilk sessiyasida propiska masalasi haqida ham fikrlar bildirildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.

«Yaqin kelajakda bu masala uzil-kesil hal bo‘ladi»

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov:

– Propiska masalasi o‘zi kichkinagina masala — pasportdagi kichkinagina shtamp bo‘lsa ham prezidentimiz aytganidek, yillar davomida xalqimiz oyog‘iga kishan bo‘lib kelgan.

Bitta narsani aytishimiz kerak, keyingi ikki-uch yilda bu borada ham ba'zi bir yengilliklar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinayotgan edi. Jumladan, propiskasiz ishga qabul qilishda javobgarlik masalasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdan olib tashlandi. Er-xotinlardan biri propiskaga kirishini bir yilgacha kutishi to‘g‘risidagi talab ham bekor qilindi.

Kecha prezident parlamentga murojaatida buni juda katta masala sifatida e'tirof etib, xorijiy tajribalarni hisobga olib, propiska tizimini isloh qilishni aytib o‘tdi. O‘ylaymanki, yaqin kelajakda bu masala uzil-kesil hal bo‘ladi.

«Propiska hech qayerda yo‘q, uni bekor qilish kerak»

Bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov:

– Propiska masalasida gapiradigan bo‘lsam, avvalo u hech joyda yo‘q. Bu bekor qilinishi kerak. Iqtisodiy nuqtayi nazardan, odamlarning mobilligi muhim omillardan biri hisoblanadi. Nima uchun Amerika Qushma Shtatlarida mehnat unumdorligi Yevropa Ittifoqi davlatlaridagidan yuqoriroq? Chunki AQShda aholining mobillik darajasi yuqoriroq. Aholi qancha mobil bo‘lsa, mehnat unumdorligi ham oshadi. U yerda mamlakatning boshqa hududidan ish topdim, deb narsalarini mashinaga ortib ko‘chib keta oladi. Bizda xalqimiz yillab bir qishloqdan ikkinchisiga ko‘chmas edi.

Toshkent 5 millionlik katta shaharga aylanishi kerak. Katta shaharlar iqtisodiyotni tez rivojlantiradi. Drayver bo‘ladi. Nima uchun prezidentimiz urbanizatsiya masalalariga urg‘u berdi? Ipoteka masalalariga to‘xtaldi? Propiskaga cheklov bo‘lsa ipoteka haqida gapirib bo‘ladimi? Ipotekasiz urbanizatsiyasiz rivojlantirib bo‘lmaydi.

«Propiska – kamsitish demakdir»

Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov:

– Propiska — xalqaro huquq nuqtai nazaridan kamsitishni bildiradi. Ya'ni inson huquqlarining kamsitilishi yoki diskriminatsiya degani. Prezidentimiz buni xalqona tilda inson sha'nini kamsitish deb baholadi.

Konstitutsiyamizda «Har bir fuqaro erkin harakatlanish huquqiga ega», deb belgilab qo‘yilgan. Hozir bizda fuqarolar ikki xil toifaga bo‘linib qolgan. Ishga qabul qilishda ham uning propiskasiga e'tibor qaratiladi.

Prezidentning jasorati va qat'iyatiga tan berish kerak, ko‘pchilikni qiynayotgan muammoni hal qilmoqdamiz.

Mavzuga oid