O‘zbekiston | 16:33 / 28.01.2020
5834
4 daqiqa o‘qiladi

Ozodlikdan mahrum etilganlar pensiya tayinlanishi bo‘yicha qanday huquqlarga ega?

Bugun, 28 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida ozodlikdan mahrum etilgan fuqarolarga pensiya tayinlash tartibi yo‘lga qo‘yilgani, uning huquqiy asoslariga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.

Tadbirda Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvi apparati bo‘lim boshlig‘i Shuhrat O‘taganov ozodlikdan mahrum etilgan fuqarolarga pensiya tayinlanishi xususida axborot berdi.

«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-558-son qonuni qabul qilindi. Mazkur Qonunning 1-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi Qonunining ayrim moddalariga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritildi. Qonun bilan manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan maxrum etishga hukm qilingan shaxslarga nafaqat pensiya tayinlash, balki ozodlikdan mahrum qilingunga qadar to‘xtatilgan pensiya to‘lovini tiklash huquqi ham taqdim etildi.

Respublikada 25ta manzil-koloniya bo‘lib, ularda 300dan ortiq mahkumlar umumiy pensiya yoshiga to‘lgan. Ularning 60 nafarga yaqini esa ozodlikdan mahrum etilgunga qadar biror bir turdagi davlat pensiyasini olib kelganlar hamda ozodlikdan mahrum etilganlaridan keyin ularning pensiya to‘lovi qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda to‘xtatilgan bo‘lgan. O‘tgan davr mobaynida Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlar tomonidan 37 nafar manzil-koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan fuqarolarga pensiyalar tayinlangan bo‘lsa, 31 nafarining ilgari to‘xtatilgan pensiya to‘lovlari tiklab berilgan bo‘lib, shundan 5 nafari ayol kishini tashkil qiladi», deydi O‘taganov.

Pensiya tayinlash bo‘yicha murojaatlar faqatgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlaridagi manzil-koloniyalardan kelib tushgan.

Shuhrat O‘taganov jazoni ijro etish muassasalarida fuqarolarga pensiya tayinlash bo‘yicha muammolar va bu bo‘yicha mahkumlarga qanday huquqlar berilganligi yuzasidan ham ma'lumot berdi.

«Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiya tayinlashda bir qator qiyinchiliklar bor. Birinchi masala ish stajini tasdiqlovchi mehnat daftarchasi: mahkum pensiya yoshiga yetgan va pensiya tayinlash bo‘yicha murojaat qilyapti. Lekin uning mehnat daftarchasi yo‘q yoki yo‘qolgan. Ish staji bo‘lmagan yoki talab etiladigan ish stajiga ega bo‘lmagan mahkumlarga pensiya tayinlanishi kerakmi, degan masala ko‘ndalang turibdi. Bunda tuman, shahar pensiya jamg‘armasi idoralari amaliy yordam berishyapti. Fuqaroning qayerlarda ishlagani to‘g‘risida ma'lumotlarni olishga ko‘mak berishyapti. Masalan, fuqaro biron korxonada ma'lum muddat ishlaganini aytsa, pensiya jamg‘armasi idoralari o‘sha tashkilotdan fuqaroning ish staji haqida so‘rovlar yuborishadi.

Shuningdek, ozodlikdan mahrum etilgan fuqarolarga pensiya miqdorini qayta hisoblash huquqi ta'minlangan. Fuqaro istalgan paytda pensiya miqdoriga ta'sir ko‘rsatuvi omil, ya'ni ish haqi yoki ish staji to‘g‘risidagi ma'lumotnomani taqdim etadigan bo‘lsa, pensiyani qayta hisoblatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida pensiya miqdorini tayinlash, qayta hisoblash, tiklash, hatto bir pensiya turidan ikkinchi pensiya turiga o‘tkazish huquqini ham berishni taklif etganmiz. Masalan, fuqaro manzil-koloniyasida yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo‘ldi. Shu vaqtda bu fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashib, tibbiy tekshiruv xulosasiga ko‘ra, nogironligi tasdiqlandi. Bunda fuqaro tanlash huquqidan foydalanib (arizasiga ko‘ra), yoshga doir pensiya yoki nogironlik nafaqasini olishi mumkin», - deya O‘taganovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid