Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva AOKA rahbarligidan ketdi
Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov boshchiligida kengaytirilgan majlis bo‘lib o‘tdi.
Majlisda AOKA direktori v.b. Komil Allamjonov va direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva kelgusi mehnat faoliyatlarini nodavlat sektorda davom ettirish rejalari bilan bog‘liq murojaatlarini Prezident administratsiyasiga kiritishgani va ushbu murojaatlar Prezident administratsiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, qondirilgani haqida e'lon qilindi.
Tadbir doirasida Agentlik direktori v.b. Komil Allamjonov va direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘z rahbarlik faoliyati davomida amalga oshirgan ishlari haqida qisqa hisobot berishdi, shuningdek, kelajakdagi jamoatchilik yo‘nalishi bilan bog‘liq rejalari borasida fikr bildirishdi.
«Majlis yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Nizomiddinov Agentlik tomonidan erishilgan yutuqlarni alohida ta'kidlab, K.Allamjonov va S.Mirziyoyevaning respublikamizning OAV sohasida demokratik islohotlarni amalga oshirishda, jurnalist va blogerlarning huquqlarini himoya qilishda, davlat organlari rahbarlarining mass-media bilan o‘zaro munosabatlari samaradorligini oshirishdagi shaxsiy hissalarini yuqori baholab, O‘zbekiston davlati rivojlanishi yo‘lidagi kelgusi ishlariga zafarlar tiladi», deyiladi AOKA matbuot xizmati xabarida.
Ma'lum qilinishicha, AOKA rahbarining birinchi o‘rinbosari Dilshod Madraximovich Saidjonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Dilshod Saidjonov 2019 yilning oktyabridan buyon AOKA rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning sobiq matbuot kotibi Komil Allamjonov 2018 yilning noyabrida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan, ko‘p o‘tmay bu agentlik Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga aylantirilgandi.
Saida Mirziyoyeva esa 2019 yilning aprelida agentlik direktori o‘rinbosari etib tayinlangandi.
Mavzuga oid
16:11
Komil Allamjonovga suiqasd bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan Javlon Yunusov Janubiy Koreyada qo‘lga olindi
12:38
Bosh vazir yordamchisi va uning DXX Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan akasi ishdan olindi
18:07 / 24.11.2024
IIV tuzilmasida Doniyor Toshxo‘jayev va yana ikki mansabdor lavozimidan ozod etildi
19:15 / 23.11.2024