O‘zbekiston | 12:34 / 03.02.2020
2638
3 daqiqa o‘qiladi

Bepul yuridik yordam sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilanadi

“Bepul yuridik yordam to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi. Qonunning maqsadi bepul yuridik yordam ko‘rsatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Foto: iStock

Bepul yuridik yordam sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

bepul yuridik yordam sohasida davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish;

bepul yuridik yordamning samarali milliy tizimini yaratish va rivojlantirish;

aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining malakali yuridik yordam va huquqiy himoyaga bo‘lgan huquqlari kafolatlarini ta'minlash;

nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining bepul yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;

jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligi hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish vositalari va usullari haqidagi xabardorlik darajasini oshirish.

Bepul yuridik yordam yoshi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va mavqei yoki boshqa maqomi jihatdan hech qanday kamsitishlarsiz ushbu Qonunda belgilangan tartib-taomillarga asosan ko‘rsatiladi.

Muhtoj shaxslarning bepul huquqiy yordamga teng imkoniyatini hamda ayollarning bepul huquqiy yordamga bo‘lgan huquqini ta'minlash uchun ko‘rilgan maxsus choralar kamsituvchi deb hisoblanmaydi.

Jinoyat yoki ma'muriy huquqbuzarlik sodir etishda gumon qilinayotganligi yoki ayblanayotganligi sababli hibsga olingan, ushlab turilgan har qanday shaxs darhol o‘zining protsessual huquqlari, jumladan, bepul yuridik yordam olish va bunday yordam olish tartibi haqida xabardor bo‘lish huquqiga ega.

Muhtoj shaxslar ehtiyojlariga muvofiq o‘zlarining bepul yuridik yordam olish huquqiga ega ekanliklari haqida axborot olish huquqiga egalar.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Bepul yuridik yordam markazi muhtoj shaxslarning alohida ehtiyojlarini inobatga olgan holda ikkilamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatilishini ta'minlashi kerak.

Bepul yuridik yordamning asosiy prinsiplari quyidagilar hisoblanadi:

qonuniylik;

inson huquqlari va erkinliklarining ustuvorligi;

bepul yuridik yordamdan erkin foydalanish;

xolislik;

kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik;

kasb etikasi qoidalariga rioya etish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid