Jamshid Xo‘jayev huquqiy asosi yo‘q klaster tizimi va yangi agentlik haqida gapirdi
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi klasterlarining huquqiy maqomi hamon belgilanmagan. Tegishli hujjat bir oy ichida ishlab chiqilishi kutilmoqda, deb ma'lum qildi Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev.
Xalqaro press-klubning 5 fevraldagi sessiyasida qishloq xo‘jaligi sohasi muhokama qilindi.
Sessiyada jurnalistlar tomonidan O‘zbekistonda klaster tizimi yildan yilga kengroq joriy qilinayotgani, shunday bo‘lsa-da ularning huquqiy maqomi hamon belgilanmagani, bu esa fermer xo‘jaliklari bilan munosabatlarda turli nizoli vaziyatlarni keltirib chiqarayotgani borasida savol berildi.
Savolga O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev javob berdi.
"Biz Prezident tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda shu masalani ham gaplashib oldik. Haqiqatda ko‘p muammolar bor. Huquqiy asos masalasida biz o‘tgan yili klaster va fermerlar o‘rtasida shartnoma tartibini belgilagan edik. Ammo shartnomaning shartlari siz aytganingizdek, fermerlar manfaatini va ba'zi joylarda klasterlar manfaatini hisobga olmagan.
Bu borada prezident vazifa qilib berdiki, bir oy ichida Adliya vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birga mana shunday normativ hujjat ishlab chiqiladi.
Biz bu muammoni bilamiz va unga bir oy ichida yechim topamiz", - deya vazir so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Vazirga, shuningdek, dehqon va tomorqa yer egalarining ko‘pchilik qismi o‘simliklarning turli kasalliklari va zararkunandalaridan zarar ko‘rayotgani, bu borada vazirlik qanday ishlar olib borayotgani borasida ham savol berildi.
Jamshid Xo‘jayevga ko‘ra, o‘simlik kasalliklari zararkunandalari masalasi bevosita “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati zimmasidagi masala hisoblanadi.
“Men avvaldan aytishim mumkinki, biz alohida normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqdik. Unga ko‘ra, bu tizim yangi agentlik tomonidan muvofiqlashtiriladigan bo‘lyapti. Bu agentlik tomorqa yer egasining ham, fermerning ham masalasi bilan shug‘ullanadi.
Bizning bu boradagi taklifimiz yaqin kunlarda hukumatga yetib borishi kerak.
Hujjatda agronom-entomologlarni yana qaytadan davlat tomonidan moliyalashtirish tizimi ham ko‘zda tutilgan", dedi u.
Qo‘shimcha qilinishicha, bu borada shu paytga qadar aniq tizim yo‘qligi sababli ham muammolar yuzaga kelmoqda. Shuningdek, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash maslahat berish tizimida ishlamoqda.
“Bu tizimda majburiy amalda bo‘ladigan standartlar ishlab chiqilmagan. Biz bu tizimni isloh qilish ustida ishlayapmiz”, dedi Jamshid Xo‘jayev.
Ma'lumot uchun, qishloq xo‘jaligida klaster tizimi ekinlarini yetishtirishdan tortib, undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan bosqichlarni o‘z ichiga qamrab oladi.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bugun dunyodagi ko‘pgina yetakchi davlatlar iqtisodiyotining qariyb 50 foizi klaster usuliga o‘tgan. Masalan, Yevropa Ittifoqida 2 mingdan ziyod klasterlar mavjud bo‘lib, ularda ishchi kuchining 38 foizi qamrab olingan. Daniya, Finlandiya, Norvegiya, Shvetsiya sanoatida to‘liq klaster usuli tatbiq qilingan. AQShda esa mamlakatdagi mavjud korxonalarning yarmidan ko‘pi shu tizimda ishlab, ular tomonidan tayyorlanayotgan tovarlar YaIMning 60 foizini tashkil qiladi.
Qo‘shimcha qilish kerakki, bu davlatlarda fermer xo‘jaliklari aksariyat holda klaster tizimiga ixtiyoriylik asosida, ilm va ishlab chiqarishni shior qilgan holda birlashadi. Bunda fermerlar tayyor mahsulot ishlab chiqilguncha bo‘lgan jarayonda turli vazifalarni bajaradilar.
Mavzuga oid
16:26 / 16.10.2024
Xorazmda yana reyderlik. Sholikorlar hosilini tortib olish ommaviy tus olganmi?
14:30 / 01.10.2024
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Saudiya investitsiyalar vaziri bilan muzokara o‘tkazdi
19:46 / 30.09.2024
Senat kooperativlar bo‘yicha qonunni ma’qulladi
12:38 / 27.09.2024