O‘zbekiston | 16:00 / 05.02.2020
15246
4 daqiqa o‘qiladi

«Optimist»: Aslida sen ko‘zimdirsan, Vatan

«Optimist» loyihasining navbatdagi qahramoni Oydinoy Yo‘ldosheva – Toshkent shahridagi 77-sonli ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktab internatining 10-sinf o‘quvchisi.

U 2016 yilda Yashnobod tumanidagi 17-sonli musiqa va san'at maktabining akademik vokal yo‘nalishini tugatgan.

«Musiqa maktabiga kirganimda 7 yoshda edim. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchimiz qattiqqo‘l bo‘lgani sabab ikkalasini birday olib borishga qiynalganman. Lekin qiziqqanim uchun buning uddasidan chiqdim», – deydi Oydinoy.

Hozir musiqa maktabini tugatgan bo‘lsa-da, Oydinoy u yerda qo‘shimcha tarzda ustozi Islom Ismoilov bilan birgalikda shug‘ullanadi.

«Chet elda sahnaga chiqish katta mas'uliyat bo‘lgan...»

Oydinoy Yo‘ldosheva 2019 yilda o‘zi birga ta'lim oladigan maktabdoshi  Samira Tolipova bilan Moskva shahrida o‘tkazilgan «Belaya trost» xalqaro festivalida qatnashgan.

«Aslida ingliz tilini yaxshi o‘rganib, shu asosida kelajagimni yaratmoqchi edim. Atrofimdagilar – ustozlarim, o‘rtoqlarim musiqaga iqtidorim borligi va shu yo‘nalishni tanlasam, yaxshiroq bo‘lishi haqida ko‘p bora aytishardi. Biroq men hech qachon fikrimni o‘zgartirmoqchi emasdim.

Lekin 2018 yili Qarshi shahrida o‘tkazilgan respublika tanlovlarining birida qatnashish qat'iy qarorga kelishga, musiqa bilan jiddiy shug‘ullanishimga sabab bo‘ldi», – deydi u.

Oydinoy Moskvada kuylagan qo‘shig‘i haqida ham taasssurotlarini gapirar ekan, birinchi marta katta sahnaga vatani nomidan chiqishi unga katta mas'uliyat yuklaganini ta'kidlab, bundan keyin ham tanlovlarga qatnashishdan, ularga tayyogarlik ko‘rish uchun mehnat qilishdan qo‘rqmasligini aytdi.

«O‘zimizga kerakli kitobni topishga qiynalamiz...»

Oydinoy bo‘sh vaqtlarida musiqa tinglashdan tashqari badiiy adabiyotlar o‘qishni ham yoqtiradi. Biroq uning ta'kidlashicha, kerakli kitoblarni Brayl yozuvidagi variantini topish oson bo‘lmaydi.

«Bu faqat mening muammom emas. O‘rtoqlarim ham ba'zida o‘zlari xohlagan kitobning audio variantda bo‘lsa-da topishga qiynaladi.

Masalan, ingliz tili darsligimiz yo‘q. Ustozimiz uni o‘zlari tayyorlagan.

Brayl yozuvida savod chiqarish ham oson bo‘lmagan. Lekin hozir tez yozib, o‘qishga qiynalmayman», – deydi Oydinoy.

«Asosiy qo‘shiqlarim vatan haqida...»

«Qo‘shiqlar uchun matnlarni tanlashda ustozlarim yordam beradi. Ularni kuylash yo‘llarini o‘rgatishadi. Men bilgan qo‘shiqlarning mavzusi, asosan, vatan haqida», – deya o‘z qo‘shiqlari mavzusi haqida gapiradi Oydinoy Yo‘ldosheva.

Oydinoy maktabni bitirib, pedagogika yo‘nalishida tahsil olishni va bilimli, mahoratli ustoz bo‘lib bolalarga dars berishni orzu qiladi.

«Ham mehribon, ham qattiqqo‘l ustoz bo‘lib, bolalarga musiqadan dars berishni xohlayman», – deydi u.

Bundan tashqari, o‘z ustida ishlab, yaxshi qo‘shiqlar kuylashni ham maqsad qilgan qizaloqning yorug‘ kelajak egasi bo‘lishidan umidvormiz.

Zilola G‘aybullayeva, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid