O‘zbekiston | 18:57 / 08.02.2020
76538
2 daqiqa o‘qiladi

9ta tuman davlat soliq inspeksiyasi rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi

Sayxunobod, Dehqonobod, Narpay, Xo‘jaobod, Baliqchi, Qumqo‘rg‘on, G‘uzor, Forish va Romitan tumanlari DSI rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

Davlat soliq qo‘mitasida 2019 yil sarhisobi hamda prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqib, davlat soliq xizmati organlarining 2020 yildagi strategik vazifalariga bag‘ishlangan ikki kunlik seminar o‘tkazildi.

Seminar davomida 31 ta davlat soliq inspeksiyasi budjet tushumlarining maksimal hajmi va yuqori ko‘rsatkichlarga erishgani qayd etildi. Ushbu DSIlar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Ularni inspeksiya rahbarlari qabul qilib oldi.

Shu bilan birga, 9 ta tuman inspeksiyasi eng past ko‘rsatkichlarni qayd etgan va belgilangan vazifalarni bajara olmagan. Bular Sayxunobod, Dehqonobod, Narpay, Xo‘jaobod, Baliqchi, Qumqo‘rg‘on, G‘uzor, Forish va Romitan tumanlari DSIlari bo‘lib, ularning rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Tadbirda tayinlovlar ham e'lon qilindi. Davlat soliq qo‘mitasining markaziy apparati xodimlaridan 7 nafari yangi lavozimlarga tayinlandi. Yana 9 nafar xodim esa hududiy davlat soliq organlarida turli lavozimlarga tayinlandi.

Seminar davomida 2020 yilga mo‘ljallangan vazifalar belgilab olindi, deyiladi DSQ matbuot xizmati ma'lumotida. 

Mavzuga oid