O‘zbekiston | 15:43 / 12.02.2020
7126
3 daqiqa o‘qiladi

Ortiqcha fanlarni qisqartirishda talabalar ham qatnashishi kerak – Baxtiyor Sayfullayev

OTMlardagi ortiqcha fanlarni qisqartirishga nafaqat professor-o‘qituvchilar, balki zehni o‘tkir talabalarni ham jalb etish kerak, deb hisoblaydi Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Uning fikricha, bu ishni talabalar orasida so‘rovnoma o‘tkazish orqali amalga oshirish zarur.

Senator bu haqda 12 fevral kuni Toshkentda o‘tkazilgan seminarda aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari parlamentga murojaatnomasida oliy ta'limda mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar ikki barobar qisqartirilishini aytgan edi.

O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutida bo‘lib o‘tgan tadbir «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar: yoshlarning ma'naviy va ma'rifiy saviyasini doimiy yuksaltirish – birinchi darajali vazifamiz» mavzusida tashkil etildi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Unda so‘z olgan Baxtiyor Sayfullayev talabalarning ma'naviy-ma'rifiy saviyasini yuksaltirish bo‘yicha quyidagi takliflarni ham ilgari surdi:

  • institutda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan «Eng yaxshi kitobxon talaba», «Eng yaxshi kitobxon o‘qituvchi», «Eng yaxshi kitobxon guruh» kabi tanlovlarni tashkil etib, faol talaba va o‘qituvchilarni taqdirlashni yo‘lga qo‘yish;
  • talabalar ishtirokida sharq allomalari hayoti va boy ma'naviy merosiga bag‘ishlangan anjumanlarning birinchisini O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutida tashkil etish;
  • O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda «Madaniyat va ma'rifat» telekanalida «Talaba minbari» nomli ko‘rsatuv tashkil etib, talabalarning ushbu minbarda mamlakatda sohaga doir olib borilayotgan islohotlar va bu borada institutda amalga oshirilayotgan ishlar xususida chiqishlar qilishi;
  • institutning iqtidorli talabalaridan tuzilgan jamoalarning «Mehribonlik uylari»ga doimiy ijodiy safarlarini uyushtirishni yo‘lga qo‘yish.
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Eslatib o‘tamiz, Baxtiyor Sayfullayev uchun O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti begona emas – u 2012-2017 yillarda ushbu OTM rektori sifatida ishlagan. 2017 yildan Madaniyat vaziri bo‘lgan Sayfullayev 2020 yil boshida prezident farmoni bilan senator etib tayinlangan edi.

Mavzuga oid